O'zbekistondan xabarlar-44
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasisining Fransiyaga tashrifi...
Tashrif doirasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston-Fransiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar, ijtimoiy, madaniy-gumanitar, parlamentlararo hamkorlik masalalariga eʼtibor qaratildi.
Xususan, “Rothschild&Co” Kuzatuv kengashi aʼzosi A. Rotshild bilan suhbat chog‘ida tomonlar xalqaro investitsiyalar sohasidagi joriy tendensiyalarni, ularni amalga oshirish istiqbollarini, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining asosiy aktivlarini xususiylashtirish dasturlarini amalga oshirishda kompaniyaning tajribasini samarali qo‘llashni muhokama qildi.
O‘z navbatida, Baronessa Ariel Malar de Rotshild “Rothschild&Co” moliyaviy guruhi O‘zbekistonda boshlangan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga, iqtisodiyotni isloh qilishda, jumladan, kambag‘allikni tizimli qisqartirish masalalarini hal etishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida “Rothschild&Co” kompaniyasi ishtirokida davlat obyektlari va korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish maqsadida doimiy o‘zaro aloqalarni davom ettirishga kelib olindi.
Delegatsiya tashrifi doirasida “Total Eren” ijro etuvchi vitse-prezidenti Fabyen Demol bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Chindan ham bugun butun jahonda yashil energetikadan keng foydalanish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, “Total Eren” kompaniyasi Samarqand viloyati Nurobod tumanida 100 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiyasini muvaffaqiyatli ishga tushirgani va bu mintaqadagi flagman loyihaga aylangani taʼkidlandi. Shuningdek, kompaniyaning yangi yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish orqali O‘zbekistondagi ishtirokini kengaytirishga intilayotgani bildirildi.
Jumladan, Fabyen Demol xonim “Total Eren kompaniyaning hozirda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalari bilan faxrlanishi, O‘zbekiston bilan bunday muvaffaqiyatli muloqot tajribasi uzoq yillar barqaror o‘zaro hamkorlik asosi bo‘lib xizmat qilishini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, tashrif doirasida Fransiyaning yetakchi energetika kompaniyalaridan biri bo‘lgan va O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish sohasida loyihalarni amalga oshirayotgan “Voltalia” kompaniyasining bosh ijrochi direktori C.Klerk bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
S.Klerk O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish sohasida amalga oshirilayotgan progressiv va barqaror islohotlarni kuzatib, kompaniya mamlakatning energetika tarmog‘iga investitsiya kiritishga qaror qilganini taʼkidladi. Xususan, bugungi kunda “Voltaliya” kompaniyasi Buxoro viloyatida 500 MVt quvvatli, taxminiy qiymati 500 mln dollar bo‘lgan gibrid quyosh-shamol elektr stansiyasini qurish loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etmoqda.
Suhbat davomida fransuz kompaniyasining O‘zbekistonga investitsiyalari ko‘lamini oshirish hamda qishloq xo‘jaligi sektorida qo‘llaniladigan qator innovatsion energetik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Fransiya milliy merosi instituti direktori Sh.Personnaz bilan ham muloqot o‘tkazib, unda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar sohasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga O‘zbekistondagi madaniy meros obyektlarini, shu jumladan arxeologik yodgorliklarni asrash va tiklash, mavjud muzeylarni renovatsiyalash va yangilarini qurish, madaniy ko‘rgazmalar tashkil etish yo‘nalishlarida Fransiya Milliy meros instituti bilan tizimli xamkorlikda loyihalar amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Sh.Personnaz O‘zbekiston rahbariyati tomonidan qadimiy meʼmorchilik va madaniyatning noyob yodgorliklarini restavratsiya qilish va asrab-avaylash, mamlakatning boy moddiy-madaniy merosini tiklash, muzey ishlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuksak baholadi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistondagi madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish sohasida Fransiyaning ilg‘or tajribasini tatbiq etish muhimligi taʼkidlanib, xususan, Fransiya Milliy meros institutining yetakchi mutaxassislarini jalb etgan holda mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirish, ikki mamlakat yetakchi ekspertlari ishtirokida madaniy merosni rivojlantirish yuzasidan qo‘shma amaliy seminarlar o‘tkazishga urg‘u berildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonda madaniyat va sanʼat hamda moddiy-madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasida kadrlar salohiyatini oshirish, o‘zbek arxeologlari va restavratorlarini maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish va ularning Fransiya Milliy meros institutida ilmiy-texnik bilim olishlari borasida kelishuvga erishildi.
Shu bilan birga Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) bosh direktori o‘rinbosari B.Valkenar bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Taʼkidlash joizki, Agentlik O‘zbekistonning muhim hamkori bo‘lib, mamlakatimiz bilan 12 yildan ortiq hamkorlik qiladi va iqlim o‘zgarishi, gidroenergetika, suv taʼminoti hamda sanitariya, qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish va chorvachilik kabi sohalarga investitsiya kiritgan.
Suhbat davomida B.Valkenar ikki tomonlama hamkorlik, xususan, FTA orqali hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida qayd etib, hamkorlik poydevori O‘zbekiston Prezidentining 2022 yil noyabr oyida Fransiyaga rasmiy tashrifi chog‘ida 2025 yilgacha yangi hamkorlik dasturini imzolash orqali qo‘yilganini taʼkidladi.
“Yangi O‘zbekistonni taraqqiyot strategiyasi FTA tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanadi va respublikaning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan Agentlikning missiyasi bilan hamohangdir, – dedi B. Valkenar.
Muloqot chog‘ida Agentlik zarur loyiha va dasturlarni amalga oshirish orqali O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarda bundan buyon ham faol ishtirok etish niyatida ekani taʼkidlandi. Jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, gender tenglikni taʼminlash va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha loyihalarga hissa qo‘shishga tayyorligi bildirildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Qoraqalpog‘istonda energiya va suvni tejash texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ekologik innovatsion loyihalarni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, atrof muhitni muhofaza qilish uchun FTA moliyaviy resurslarini jalb qilish masalasini o‘rganish zarurligi to‘g‘risida kelishuvga erishdi.
Shuningdek, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Fransiya Respublikasi poytaxti Parij shahrida bo‘ldi. Senat Raisi tashrif doirasida Fransiya Senati Raisi Jerar Larshe bilan uchrashdi.
Taʼkidlash joiz, O‘zbekiston-Fransiya munosabatlari bugungi kunda yuqori darajadagi siyosiy va diplomatik hamkorlik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar uchun salmoqli salohiyat mavjudligi bilan ajralib turadi.
Fransiya O‘zbekistonning Yevropadagi eng muhim savdo hamkorlaridan biri hisoblanib, savdo-iqtisodiy hamkorlik darajasi izchil yuqorilab bormoqda. Ayni paytda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalar ham faol rivojlanmoqda.
Uchrashuv chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yana-da rivojlantirish, shu jumladan parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Fransiya Senati Raisi Jerar Larshe hozirda mamlakatimizda kechayotgan tub yangilanishlar jarayonini mamnuniyat bilan tilga olib, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning chinakam bozor iqtisodiyotiga o‘tishi va jahonga ochilish yo‘lida amalga oshirgan ishlari mustaqillikning barcha yillari davomida qilingan jami ishlardan ham salmoqli ekanligini eʼtirof etdi.
Fransiyaning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi nihoyatda katta ekanligiga urg‘u berib, J.Larshe “O‘zbekiston mintaqada eng aholisi ko‘p bo‘lgan kuchli davlat – Markaziy Osiyoning urib turgan yuragidir. Ayniqsa, jahonda bugungi kunda kuzatilayotgan mavhumlik va notinchlik sharoitida davlatingizni mintaqadagi xavfsizlik va tinchlik markazi deb bilamiz” deya taʼkidladi.
Aytish kerakki, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalarida Fransiya parlamenti bilan hamkorlik guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, Fransiya Senatida ham “Fransiya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo guruhi, quyi palata – Milliy assambleyada “Fransiya – O‘zbekiston” do‘stlik guruhi faoliyat yuritmoqda.
Bu borada T.Narbayeva hamkorlik guruhlari salohiyatidan yana-da samarali foydalanish muhimligini, jumladan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikning tayanch nuqtalari qonun ijodkorligi, kuchli parlament nazorati va hududiy vakillik tamoyillariga qurilishi zarurligini alohida taʼkidladi. Shu o‘rinda ikkala parlamentning turdosh masalalarga masʼul qo‘mitalari o‘rtasida ham mustahkam aloqalar o‘rnatilishi mazkur muloqot mexanizmining amaliy samarasini taʼminlashiga urg‘u berdi.
Tomonlar ikki palatali parlament demokratik rivojlanishning muhim tarkibiy sharti ekanligini birdek eʼtirof etib, davlatlarimiz o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishda yuqori palatalarning vakillik demokratiyasi mexanizmlaridan samarali foydalanish zarurligi taʼkidlandi.
Suhbat yakunida Fransiya va O‘zbekiston mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, BRMga erishish sohasida qo‘shma choralarni amalga oshirish, shuningdek, yashil iqtisodiyot, korrupsiyaga qarshi kurashish, gender tenglikni taʼminlash sohalarida ham konstruktiv xamkorlik qilishga kelishib olindi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Fransiyaga tashrifi so‘nggida Fransiya TIV bosh kotibi A.Dekot bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Suhbat davomida tomonlar so‘nggi yillarda Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasida faol siyosiy muloqot o‘rnatilganini, ikki tomonlama munosabatlar esa mutlaqo yangicha mazmun kasb etganini taʼkidladi. Bunga ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan konstruktiv va ishonchli muloqot ko‘p jihatdan imkon bermoqda.
Darhaqiqat, O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018 va 2022-yillarda Parijga rasmiy tashriflari ikki tomonlama hamkorlikka alohida impuls berdi, O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarida, xususan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalarda muhim qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirishda yangi sahifa ochib berdi.
A.Dekot O‘zbekistonning mintaqaviy siyosati va uning muhim yetakchi rolini, buning natijasida Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhiti shakllanganini, mintaqalararo aloqalar kengayib borayotganini alohida eʼtirof etdi.
Suhbat davomida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda madaniy-gumanitar sohada hamkorlik qilish muhim o‘rin tutishi taʼkidlandi. Jumladan, Fransiya tomoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil noyabrdagi tashrifi chog‘ida Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida o‘tkazilgan ko‘rgazmalar O‘zbekistonning “tashrif qog‘ozi”ga aylangani va Fransiya jamoatchiligida katta muvaffaqiyat qozonganini alohida qayd etdi.
Shu munosabat bilan tomonlar Samarqandda o‘zbek yoshlari salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan Fransiya alyansi filialini ochish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Qayd etilganidek, fransiyalik mutaxassislar tomonidan O‘zbekistonda fransuz tilini o‘qitishni takomillashtirish bo‘yicha o‘quv dasturlari ishlab chiqilgan.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Fransiya kompaniyalarining O‘zbekistondagi loyihalari investitsiyaviy salohiyatini yana-da kengaytirish, hamkorlikda madaniy-gumanitar tadbirlarni tashkil etish, shuningdek, taʼlim sohasida o‘zbekistonlik va fransiyalik mutaxassislar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish masalalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.