O'zbekistondan xabarlar-39

O‘zbekiston va Qozog‘iston parlamentlari hamkorlikni izchil davom ettiradi.

2002778
O'zbekistondan xabarlar-39

 

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Ostona shahrida Qozog‘iston raisligida o‘tayotgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti yig‘ilishi doirasida Qozog‘iston Prezidenti bilan uchrashdi.

Uchrashuv chog‘ida parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish va davlatlararo munosabatlar rivojiga qo‘shimcha turtki berish nuqtai nazaridan O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Qasim-Jomart Toqayev Tanzila Narbayevani qutlar ekan, bugun Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan muhim tashabbus – Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotida faol ishtirok etgani va uni qo‘llab-quvvatlagani  uchun minnatdorlik bildirdi. 
Qozog‘iston Respublikasi rahbari ushbu nufuzli tadbirning birinchi majlisi natijalari mintaqalararo hamkorlikni faollashtirishga xizmat qilishiga va Markaziy Osiyoda gender tenglik hamda barqaror taraqqiyotni ta’minlash sohasida uzoq muddatli yechimlarni ishlab chiqishga imkon berishiga ishonch bildirdi.
Qozog‘iston Prezidenti Q.Toqayev Oliy Majlis Senati Raisining tashrifi ikki tomonlama hamkorlikning o‘ziga xos xususiyatiga yaqqol misol bo‘lib, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga to‘liq mos kelishini ta’kidladi.
– O‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekistonga davlat tashrifimiz natijalarini yuqori baholaymiz. Joriy yilning 3-mart kuni Chimkent shahrida norasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning eng dolzarb masalalari muhokama qilindi. Nafaqat hukumat darajasida o‘zaro muvofiqlashtirilgan ishlar olib borilayotgani, balki parlamentlararo diplomatiya ham faol rivojlanayotgani quvonarli. Shu bois, kelasi yili Samarqandda ikkinchi Parlamentlararo forum o‘tkazilishini mamnuniyat bilan qabul qilaman, – deya ta’kidladi, Qasim-Jomart Toqayev. 


O‘z navbatida Tanzila Narbayeva samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomini yetkazdi. 
– Biz Sizning rahbarligingizda Qozog‘istonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholaymiz. Sizni Qozog‘istonda butun tizimni siyosiy modernizatsiya qilish imkonini bergan yirik tadbirlarning muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklayman. Qozog‘iston ilg‘or islohotlar yo‘lidan ishonch bilan bormoqda va Qozog‘iston xalqi Siz tutgan yo‘lni faol qo‘llab-quvvatlamoqda –deb ta’kidladi, Senat Raisi. 
Yakunda Qozog‘iston rahbari O‘zbekiston rahbariga samimiy salomini aytib, ezgu tilaklarini bildirdi.

Shuningdek Senat raisi tashrif doirasida Qozog‘iston Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida parlamentlararo aloqalarning mavjud holati va istiqbollari, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki davlat hududlari o‘rtasida  o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Oliy Majlis Senati Raisi  mintaqaviy formatda O‘zbekiston va Qozog‘iston eng faol mamlakatlar ekani, ikki tomonlama hamkorlik sur’ati parlament o‘lchamida, umuman, barcha sohalarda jadal o‘sib borayotganini ta’kidladi. Shu nuqtai-nazardan kelib chiqib, mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishga katta e’tibor qaratish lozimligi, O‘zbekiston-Qozog‘iston mintaqalararo forumi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan sarmoyaviy va savdo shartnomalarini amalga oshirishda parlamentlarning imkoniyatlaridan samarali foydalangan xolda birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan amalga oshirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. 

Qozog‘iston Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev O‘zbekiston tashabbuskori bo‘lgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti mintaqaviy hamkorlik uchun noyob platforma ekani, o‘zaro hamkorlikning barcha jabhalarini yangi bosqichga olib chiqishi bilan ahamiyatli ekanini alohida qayd etdi. 

— Biz mamlakatni rivojlantirishning barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan, davlat siyosatining katta islohotchilik salohiyatini o‘zida mujassam etgan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining qabul qilinishi olqishlaymiz. O‘zbekiston turli sohalarda erishayotgan yutuqlar mintaqa mamlakatlari uchun namuna. Xususan, biz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda sizning tajribangizni o‘rganyapmiz. Bu borada O‘zbekistonning keng qamrovli amaliy tajribasi namuna sifatida olinib hozirda Qozog‘iston Parlamenti huzurida ham BRM bo‘yicha komissiya tashkil etilganini mamnuniyat bilan bildirmoqchiman —dedi, M.Ashimbayev.  

Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majilisi Raisi Yerlan Koshanov bilan bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama uchrashuvda esa  mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishi, ya’ni muntazamlik kasb etib borayotgan parlamentlararo munosabatlarga to‘xtalib o‘tildi. 

T. Narbayeva Oliy Majlis Parlamentlararo hamkorlik kengashi, shuningdek, Qozog‘iston parlamenti Majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlament guruhi faoliyatiga katta e’tibor qaratilayotganini, o‘zaro aloqalarning ushbu mexanizmlari doirasidagi chora-tadbirlarni yanada faollashtirish lozimligini, bunda qonun ijodkorligi, gender va yoshlar siyosati sohasida o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. 

— Keyingi yillarda O‘zbekiston izchil rivojlanmoqda, Qozog‘iston yaqin qardosh va qo‘shni sifatida mamlakatda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda— deydi, Ye.Koshanov.—Ikki davlat o‘rtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlar bajarilishini monitoring qilishda Parlamentlararo hamkorlik kengashi bundan keyin ham faoliyat samaradoligiga e’tibor qaratadi. Chunki Qozog‘iston-O‘zbekiston hamkorligi ko‘lami keng va boy, biz uning izchil rivojlanishidan manfaatdormiz. 

Parlamentlar rahbarlari bilan kechgan uchrashuvlar yakunida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish amaliyotini davom ettirish, xalqaro parlament tuzilmalari, shuningdek, qator boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida ikki davlat bir-birini o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.  

Uchrashuv yakunida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish amaliyotini davom ettirish, shuningdek, xalqaro parlament tuzilmalari, shuningdek,   qator boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.

 Bugun Ostona shahrida BMT va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ayollar ishlari, oilaviy va demografik siyosat bo‘yicha milliy komissiya ko‘magida “Innovatsiyalar va texnologiyalarni rivojlantirishda ayollarning roli” mavzusida Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqotining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Faoliyati O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchi ayollari o‘rtasida xotin-qizlarga oid dolzarb masalalar yuzasidan o‘zaro maslahatlashuvlar, fikr almashish va amaliy hamkorlik olib borishga qaratilgan mazkur mintaqaviy platformaga 2023-yilda Qozog‘iston raislik qilmoqda.

Unda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva, Qozog‘iston parlamenti Spikeri, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston deputatlari, davlat organlari rahbarlari, shuningdek, nodavlat va xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Raqamlashtirish xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga keng jalb etishning yangi samarali vositasi sifatida Qozog‘istonning Markaziy Osiyo ayollari muloqotiga raisligining ustuvor yo‘nalishlari qatoriga kiritilgan.

Oliy Majlis Senati Raisi o‘z so‘zida 2020-yilda “Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollari muloqoti” platformasining yaratilishi bilan mamlakatlarimizda xotin-qizlarning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar izchil amalga oshirilayotganini taʼkidlab o‘tdi. “Bugungi kunda Muloqot Markaziy Osiyoda o‘zining salmoqli o‘rnini egalladi va jahon hamjamiyatida munosib qo‘llab-quvvatlandi. Mazkur noyob platforma faoliyat ko‘rsatgan davrda muhim hujjatlar qabul qilindi va yirik tadbirlar o‘tkazildi, bu esa hududiy miqyosda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga katta taʼsir ko‘rsatdi. Biz buni mintaqa davlatlarining Muloqotni yana-da rivojlantirish, uning samaradorligi va xalqaro maydonda eʼtirofini oshirishga bo‘lgan katta qiziqishining namoyoni sifatida baholaymiz”.

Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlaridagi faol, ishbilarmon ayollar, akademik va ilmiy doiralar, nodavlat va fuqarolik sektorlari saʼy-harakatlarini birlashtirish, demografik rivojlanish, gender tengligining dolzarb masalalari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, turizm, madaniyatni rivojlantirish sohasida loyihalarni amalga oshirish, ekologiya sohasida o‘zaro hamkorlik qilish, savdoni, shu jumladan raqamli texnologiyalarni rivojlantirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirib o‘tildi.

Sessiya yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqotining 2023-yilga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi qabul qilindi.

“Ayollar ishtirokida innovatsiyalar va texnologiyalarni rivojlantirish sohasidagi ilg‘or tajribalar” mavzusidagi sessiyada esa yangi texnologiyalarni rivojlantirishda ayollarning rolini ko‘rsatuvchi muvaffaqiyatli innovatsion loyihalar, Markaziy Osiyo mintaqasi ayollarining startaplari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Sessiya davomida ishtirokchilar ayollar startaplarini, sunʼiy intellektni, qishloq joylarda raqamlashtirishni rivojlantirishga qaratilgan raqamli loyihalar, shuningdek, oila va jamiyat, ayollar tadbirkorligi, kasb-hunar taʼlimi va bandligini taʼminlashning dolzarb masalalarini hal etishga qaratilgan ishlanmalarni ham muhokama qildilar.

Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti 2020-yilda O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib,  2021-yilda Muloqotga O‘zbekiston raislik qilgan.

 

 


Tanlangan kalimalar: #Qozog'iston , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar