Yevroosiyo kun tartibi - 31

Dasturimizning bugungi sonida Turk Respublikalari kun tartibidagi muhim voqealar haqida so‘z qilamiz. Efirda Yevroosiyo kun tartibi.

1970805
Yevroosiyo kun tartibi - 31

O‘tgan hafta Turk Respublikalarida muhim tashriflar va uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Shu doirada Vengriya Prezidenti Katalin Novak 2023-yil 29-31-mart kunlari rasmiy tashrif bilan Turkiyaga keldi. Novak poytaxt Anqarada Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an tomonidan rasmiy marosim bilan kutib olindi. Uchrashuv yakunida uyushtirilgan mushtarak matbuot anjumanida Prezident Erdo‘g‘an: “TANAP orqali Vengriyaga tabiiy gaz yetkazib berish uchun Ozarbayjon bilan har qanday yordamga tayyormiz”,- dedi. Vengriya Prezidenti Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi Mustafa Shento‘p bilan ham uchrashdi. Prezident Novak tashrifi doirasida Adana, Hatay va Ko‘jaelida ham bo‘ldi.

Vengriya Turk Respublikalari, ayniqsa Turkiya bilan yaqin hamkorlik ichida. Turkiya bilan Vengriya, Finlyandiya va Shvetsiyaning NATO tarkibiga kirishi masalasida birgalikda harakat qilmoqda.

2023-yil 30-mart kuni Budapeshtda Turk Davlatlari Tashkilotining Energetikadan mas’ul vazirlarning 3-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda energiya xavfsizligi, energiya eksporti va amalga oshiriladigan sarmoya masalalari muhokama qilindi. Mavzu haqida shuni ta’kidlash joiz, Turk Davlatlari Tashkiloti Xalqaro qayta tiklanuvchi energiya agentligi bilan hamkorlik memorandumi imzoladi.

2023-yilning 28-marti kuni Bishkekda Turk Akademiyasi Ilmiy Qo‘mitasining navbatdagi oltinchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Vengriya va Turkiya rasmiylari ishtirok etdi. Yig‘ilishda Akademiya rahbari Shahin Mustafayev, akademiyaning 2022-yilgi faoliyat hisobotini taqdim etib, 2023-yilga mo‘ljallangan loyihalar rejasi haqida ma’lumot berdi. Bundan tashqari, Turk akademiyasining ustuvor faoliyat yo‘nalishlari qabul qilindi. Turk akademiyasi Ilmiy qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi Ozarbayjon poytaxti Bokuda bo‘lib o‘tadi.

2023-yil 29-30-mart kunlari O‘zbekistonning Navoi shahrida TURKSOY Yozuvchilar uyushmasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Turk Respublikalari yozuvchilarining muammolari muhokama qilindi. O‘zbekiston tomonidan nashr etilgan 100 jildlik turk dunyosining tanlab olingan asarlari bilan tanishtirildi. Tadbir doirasida Xalqaro Mumtoz she’riyat festivali bo‘lib o‘tdi. Eslatib o‘tamiz, TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi bu yil, ya’ni 2023-yil 6-martda tashkil etildi.

Xitoy Xalq Respublikasi Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududi Kommunistik partiya qo‘mitasi kotibi Ma Sinjuya 27-31 mart kunlari Qozog‘iston va Qirg‘izistonda bo‘ldi. Qozog‘iston va Qirg‘iziston prezidentlari tomonidan qabul qilingan Ma Sinjuya, hukumat rahbarlari va boshqa rasmiy shaxslar bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi. Pandemiya tufayli chegaralarini yopgan Xitoy asta-sekin qo‘shnilari bilan chegaralarini ochmoqda. “Xitoy+Markaziy Osiyo” sammiti may oyida boʻlib oʻtishi maʼlum qilindi.

2023-yilning 28-30-mart kunlari Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov rasmiy tashrif bilan Isroil va Falastinda bo‘lib qaytdi. Jayhun Bayramov ushbu tashrifi doirasida nomi tilga olingan davlatlarning tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi. 30-mart kuni Bayramov, Isroil Prezidenti Ishoq Gertsog bilan uchrashdi. Tel-Avivda Ozarbayjon elchixonasi ochildi.

Voqealardan ko‘rinib turganidek o‘tgan hafta Turk Respublikalarida muhim tashriflar va Turk ittifoqini mustahkamlovchi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.



Aloqador xabarlar