O'zbekistondan xabarlar 30-qism

O‘zbekiston Prezidenti: Navro‘zi olam bizni tabiat farzandi bo‘lib, Vatan tuprog‘ini, ona zamindagi har bir giyohni, ko‘zimizga to‘tiyo qilib yashashga o‘rgatadi. Navro‘z hammamizga insoniylik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik fanidan saboq beradi.

1800445
O'zbekistondan xabarlar 30-qism

 

21-mart kuni O’zbekiston poytaxti Toshkent shahridagi “Humo Arena” majmuasida Navro‘z bayrami shodiyonasi bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tantanali tadbirda O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, mamlakatning ko’p millatli xalqini bayram bilan tabrikladi.

Navro‘zda tabiatda ro‘y beradigan uyg‘onish va yangilanish mamlakatdagi o‘zgarishlarga uyg‘un. So‘nggi besh yilda Harakatlar strategiyasi asosida barcha sohalar rivojlantirildi, hududlar qiyofasi yangilandi. 

Bunday ishlarni davom ettirish maqsadida joriy yilda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi hamda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” dasturi qabul qilindi.

- Mehnatkash va olijanob xalqimiz milliy rivojlanishning yangi davriga ulug‘vor maqsad va amaliy ishlar bilan kirib bormoqda, - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Buning tasdig‘ini har bir oila, har bir mahalla, qishloq va ovullar, shaharlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Mamlakatda yuzlab zamonaviy korxonalar, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari, uy-joylar, yangi bog‘cha va maktablar, oliygohlar hamda madaniyat maskanlari, tibbiyot va sport inshootlari barpo etilmoqda. 

Barcha hududlarda “Yangi O‘zbekiston” bog‘lari, “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod qilinmoqda. “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari qatorida, butun mamlakat bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Shu kunlarda odamlar hasharlar qilib, ko‘chat va gullar ekib, yangi bog‘lar, sayilgohlar yaratmoqda. Aytish mumkinki, ayni paytda butun mamlakat bayram kayfiyati va bunyodkorlik ruhi bilan yashamoqda.

Prezident o‘z tabrigida Navro‘zning mohiyati, mamlakatdagi tinchlik-osoyishtalikning qadri haqida alohida to‘xtaldi.

- Navro‘zi olam bizni tabiat farzandi bo‘lib, Vatan tuprog‘ini, ona zamindagi har bir giyohni, ko‘zimizga to‘tiyo qilib yashashga o‘rgatadi. Navro‘z hammamizga insoniylik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik fanidan saboq beradi. Shu fayzli lahzalarda barchamiz tinchlik va osoyishtalik naqadar bebaho ne’mat ekanini, uning qadr-qimmati va ahamiyatini yaxshi anglaymiz. Bugungi murakkab dunyoda xalqimiz hayotini, farzandlarimiz kelajagini, musaffo osmonimizni asrab-avaylash uchun har birimiz mas’ul va javobgar ekanimizni yanada chuqurroq his etamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari bayramda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillarini, chet ellardagi o’zbek vatandoshlarni ham samimiy tabrikladi.

Shuningdek, 22-mart kuni nishonlanadigan Mahalla kuni munosabati bilan ushbu tizim faollari, oqsoqollar, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari qutlandi.

Bayram tadbiri katta konsert dasturi bilan davom etdi.

Ushbu tantanadan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyev Navro‘z saylida ishtirok etdi, milliy madaniyat markazlari, folklor-etnografik jamoalar chiqishlarini kuzatdi.

Navro‘z O’zbekistonda yashayotgan barcha millat va elat vakillarining sevimli bayramiga aylangan. Sayilda ana shu ahillik, mamlakatdagi millatlararo do‘stlik yaqqol namoyon bo‘ldi.

Prezident bayramga tashrif buyurgan mehmonlar bilan suhbatlashib, ularni tabrikladi.

 

Rossiya Prezidenti telefon orqali O‘zbekiston xalqini Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.

21-mart kuni O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, suhbat avvalida Rossiya Prezidenti O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqini bahor va yangilanish bayrami – Navro’z bilan samimiy tabriklab, farovonlik va ravnaq tiladi.

Yetakchilar Rossiya-O’zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan ham bir-birini chin yurakdan qutladilar.

Keyingi yillarda O‘zbekiston-Rossiya hamkorligi misli ko‘rilmagan yuksak – strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga chiqqani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

Amaliy hamkorlikning samarali mexanizmlari faoliyat yuritmoqda, uning eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha yaqin muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Tovar ayirboshlash barqaror oshib bormoqda. O‘tgan yil yakunida o‘zaro savdo ko‘rkatkichi 7,5 milliard dollarga yetdi, joriy yil boshidan esa 50 foizga ortdi.

Ustuvor investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Rossiyaning mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalari hajmi qariyb 10 milliard dollarni tashkil etmoqda. Ikki mingdan ziyod qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.

Rossiyaning nufuzli delegatsiyasi shu hafta poytaxt Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Toshkent Xalqaro investitsiya forumi ishida ishtirok etishi kutilmoqda.

Faol madaniy-gumanitar almashinuv davom etmoqda.

Muloqotda savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi kabi muhim sohalarda, shu jumladan O‘zbekiston va Rossiya hududlarining yetakchi korxonalarini jalb qilgan holda ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat vazirlik va idoralarining oliy darajada erishilgan kelishuvlarni keng ko‘lamda amalga oshirish bo‘yicha faol aloqalari va o‘zaro muvofiqlashgan ishini davom ettirish muhim ekani qayd etildi.

Mintaqa va xalqaro kun tartibidagi masalalar, shu jumladan Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek do‘stona va ishonch ruhida o‘tdi.

 

Misrning “at-Tannura” folklor xalq ansambli Xivada bo‘lib o‘tadigan “Lazgi” xalqaro raqs festivalida ishtirok etadi

Misrning  “at-Tannura” folklor xalq ansambli joriy yilning 25-30 aprel kunlari Xivada bo‘lib o‘tadigan  “Lazgi” xalqaro raqs festivalida ishtirok etadi.

Bu haqda Misr Madaniyat vazirligining xalqaro aloqalar departamenti boshlig‘i Rihab Muhammad O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari bilan bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida maʼlum qildi.

Uchrashuvda, shuningdek, madaniy-gumanitar sohadagi o‘zaro hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Misr vakili misrlik sanʼat ustalari Samarqandda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari”  xalqaro musiqa festivali va Shahrisabz shahri mezbonlik qiladigan “Xalqaro maqom sanʼati” anjumanida muntazam ishtirok etib kelayotganini taʼkidladi.

Ayni paytda  “at-Tannura” folklor xalq ansambli guruhi  joriy yilning 25-30 aprel kunlari Xivada o‘tkaziladigan “Lazgi” xalqaro raqs festivaliga munosib qatnashish uchun  tayyorgarlik ko‘rayotgani qayd etildi.  

Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston-Misr madaniy aloqalarini yana-da faollashtirish  bo‘yicha o‘zaro aloqalarni mustahkalash to‘g‘risida kelishib olindi.


Tanlangan kalimalar: #Navro'z , #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar