O'zbekistondan xabarlar 17-qism

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-aprel kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan telefon orqali muloqot qildi.

1401687
O'zbekistondan xabarlar 17-qism

 

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-aprel kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbatda davlat rahbarlari anʼanaviy doʻstona va samimiy ruhda ikki tomonlama alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni, birinchi navbatda savdo-iqtisodiy sohada kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar hamda ayrim mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik mavzular yuzasidan fikr almashdilar.

Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashishda hamkorlikni davom ettirish va saʼy-harakatlarni birlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti pandemiyaga qarshi kurashda koʻrsatilayotgan amaliy koʻmak uchun Mun Chje Inga samimiy minnatdorlik bildirdi. Xususan, mart oyining oxiridan mamlakatda Koreyalik professor – epidemiolog mutaxassis faol ishlamoqda, bilim va koʻnikmalari bilan oʻrtoqlashmoqda. Shu oyda mazkur diyordan Oʻzbekistonga  yana bir tajribali mutaxassis – anesteziolog-reanimatologning kelishi kutilmoqda.

Prezidentlar ikki mamlakat oʻrtasida amaliy hamkorlikni kengaytirishga hamda Oʻzbekistonda Koreya tibbiyotining, shu jumladan karantin tadbirlarini tashkil etish, kasalliklarni aniqlash va davolash, reabilitatsiya tadbirlarini oʻtkazish, tibbiy kadrlar malakasini oshirish borasidagi ilgʻor tajribasini samarali joriy etishga qatʼiy intilishlarini qayd etdilar.

Ikki davlat sogʻliqni saqlash vazirliklari va yetakchi tibbiyot markazlari oʻrtasida saʼy-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirish va tezkor hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

Muloqotda Prezidentlar ikki mamlakat oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy va ilmiy-innovatsion hamkorlikda erishilgan surʼatlarni saqlab qolish masalalariga batafsil toʻxtaldilar.

Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi ustuvor investitsiya loyihalari hamda ushbu mamlakat Eksimbanki va “EDCF” jamgʻarmasi ishtirokidagi ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlarning amalga oshirilishi tahlil qilindi.

Savdo hajmi va qoʻshma korxonalar soni sezilarli darajada ortgani mamnuniyat bilan qayd etilib, bu ishbilarmon doiralarning oʻzaro qiziqishi kuchayib borayotganiga dalolat ekani haqida yakdil fikr bildirildi.

Telefon muloqoti yakunida Prezident Mun Chje In Koreya Respublikasi birodar Oʻzbekistonga bugun dolzarb boʻlib turgan qiyinchiliklar va zamonaviy xatarlarni tez fursatlarda yengib oʻtishda barcha zarur yordam va koʻmakni koʻrsatishga tayyor ekanini yana bir bor bildirdi.

 

Tojikiston Bosh vaziri oʻrinbosari A.Ibrohim bilan videokonferensiya orqali muloqot oʻtkazildi.


Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Azim Ibrohim bilan videokonferensiya orqali muloqot oʻtkazdi.

Muloqot chogʻida koronavirus pandemiyasining tarqalishiga qarshi kurashish, har ikki mamlakat fuqarolarining xavfsizligini taʼminlash va epidemiya bilan bogʻliq global inqiroz hodisalarining iqtisodiy oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan ikki mamlakat hukumatlari tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek ushbu yoʻnalishda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

 

Ozarbayjon Oʻzbekistonga gumanitar yordam ajratdi


Ozarbayjon dunyo uchun ogʻir kunlar davom etayotgan bir paytda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda Oʻzbekiston bilan bir safda ekanini namoyish etdi.

Oʻzbekiston bilan doʻstona munosabatlar oʻrnatgan rasmiy Boku Turkiy tilli davlatlar kengashida ham yuqori munosabatlarni kengaytirmoqda.

Qayd etish kerakki, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi raisi Ilhom Aliyevning tashabbusi bilan 10-aprel kuni vidoyekonferensiya vositasida ushbu kengashning favqulodda sammiti oʻtkazildi. Bu koronavirus pandemiyasiga qarshi xalqaro tashkilotlar ichida birinchi boʻlib turkiy tilli davlatlar birlashgan ilk muhim hodisa boʻldi. Videokonferensiyada turkiy davlatlar pandemiyaga qarshi kurash choralarini amalga oshirish munosabati bilan umumiy toʻxtamga kelishdi.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev topshirigʻiga koʻra, qardosh Oʻzbekiston xalqiga gumanitar yordam tariqasida Ozarbayjon davlatining maxsus tibbiy jihozlari joʻnatildi.
Oʻzbekistondagi Ozarbayjon elchixonasi xabariga koʻra, gumanitar yordam bir martali shprislar, bir martali baxila, koʻrpa toʻshak, antiseptik vositalar, dezinfeksiya eritmalari, suyuq sovun, qattiq sovun va tibbiyot spirtlarini oʻz ichiga olgan.

Gumanitar yukni Oʻzbekistondagi Ozarbayjon elchixonasi xodimlari, Oʻzbekistonning vakolatli vakillari kutib olishdi.

Mazkur qadam Ozarbayjon xalqi hamda davlatining Oʻzbekiston bilan doʻstona va qardoshlik munosabatlarining namoyishi hamdir.

Eslatib oʻtamiz, bundan bir necha kun oldin Oʻzbekiston Prezidentining topshirigʻiga asosan Ozarbayjonga koronavirus COVID-19 kasalligi tarqalishini bartaraf etish uchun tarkibida zarur boʻlgan tibbiy buyumlar va vositalar boʻlgan gumanitar yordam joʻnatilgan edi.

 

Oʻzbekiston va Xitoy koronavirusga qarshi birgalikda kurashadi


Xitoy Xalq Respublikasi Oʻzbekistonning eng yaqin hamkorlaridan sanaladi.Ikki davlat rahbarlarining qatʼiy saʼy-harakatlari natijasida keyingi yillarda oʻzaro munosabatlar yanada rivojlanib, strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi.

Doʻstning quvonchiga sherik boʻlish, tashvishli kunida ham uni qoʻllab-quvvatlash xalqimizning azaliy qadriyatlaridan. Bu anʼana Xitoyning Uxan shahrida koronavirus pandemiyasi boshlangan dastlabki kunlardanoq yana bir bor yaqqol namoyon boʻldi. Oʻzbekiston ikki bor Chin yurtiga insonparvarlik yordami joʻnatdi.

Bugun koronavirusni yengib oʻtgan Xitoy ham, oʻz navbatida, ushbu kasallik bilan kurashda Oʻzbekistonni har jihatdan qoʻllab-quvvatlamoqda.

17-aprel kuni Chindiyoridan koronavirusga qarshi kurashda katta tajribaga ega boʻlgan bir guruh shifokorlar yetib kelishdi.

Darvoqe, ushbu jarayonning boshlanishi Xitoy jamoatchiligida ham qizgʻin, ijobiy munosabat uygʻotdi. Voqea mahalliy OAVda keng yoritildi. Pekin va Nanchan shaharlari klinikalarining tajribali mutaxassislarini Toshkentga kuzatish marosimi katta tantanaga aylanib ketdi. Tadbirda xitoylik shifokorlarning Oʻzbekistonga yuborilishi haqidagi qaror ikki davlat rahbarlarining Oʻzbekistonlik hamkasblarga tibbiy koʻmak berish toʻgʻrisidagi kelishuviga muvofiq qabul qilingani alohida taʼkidlandi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tajribali epidemiologlar, infeksionistlar, pulmonologlar, nevropatologlar, terapevtlar, jarrohlar, shuningdek, Xitoyning turli mintaqalarida bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishda ishtirok etgan mutaxassislardan iborat guruh kutib olindi.

– Biz koronavirusga uchragan bemorlarni davolash uchun bor kuch, mahoratimizni ishga solamiz, – dedi Xitoy delegatsiyasi rahbari, shifokor Lo Li Shen. – Buning uchun anʼanaviy va zamonaviy tibbiyot yutuqlaridan keng foydalanamiz.

Oʻzbekistonga yetib kelgan samolyot sahnidan Xitoy hukumati nomidan eng zarur tibbiy vositalar va dori-darmon toʻplamlaridan iborat rasmiy gumanitar yuk ham tushirildi.

– Xitoy xalqi koronavirus kasalligi avjiga chiqqan juda murakkab bir vaziyatda Oʻzbekiston birinchilardan boʻlib yordam qoʻlini choʻzganini hech qachon unutmaydi, dedi Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim. – Xitoy hukumati, kompaniyalari, korxonalari, mahalliy hokimiyatlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, shuningdek, xususiy sektor vakillari nomidan Oʻzbekistonga insonparvarlik yordami yuborildi. Bu orqali ikki davlat, ikki xalq haqiqiy doʻst ekani yana bir bor namoyon boʻldi.

Taʼkidlash joiz, 15 nafar mahoratli mutaxassisdan iborat mazkur guruh Xitoyning Szyansi provinsiyasi maʼmuriy markazi – Nanchan shahridan kelgan.Bu hudud koronavirus epidemiyasi markazi boʻlmish Xubey provinsiyasi bilan chegaradosh.Eng muhimi, mazkur mintaqa koronavirus infeksiyasidan sogʻaygan bemorlar soni boʻyicha Xitoyda birinchi oʻrinda turadi.
Xitoylik mutaxassislar tashrif davomida Oʻzbekistonning turli hududlaridagi tibbiy muassasalarda boʻlib, Oʻzbek shifokorlarini qoʻllab-quvvatlaydilar, COVID-19 keng tarqalib ketishining oldini olish, nazorat qilish va davolashni tashkil etish boʻyicha tibbiyot xodimlari bilan hamkorlikda faoliyat olib borishadi.

 

 


Tanlangan kalimalar: #yangiliklar , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar