O'zbekistondan xabarlar 49-qism

O`zbekiston Migratsiya bo`yicha xalqaro tashkilotga a`zo bo`ldi.

1099566
O'zbekistondan xabarlar 49-qism

O`zbekiston Migratsiya bo`yicha xalqaro tashkilotga a`zo bo`ldi.

Migratsiya bo`yicha xalqaro tashkilot kengashi O`zbekistonning tashkilotga a`zo bo`lish uchun bergan arizasini ma`qulladi.

Shu tariqa O'zbekiston Migratsiya bo`yicha xalqaro tashkilotining 173- a'zosiga aylandi.

O`zbekistonning tashkilotga a`zo bo`lish masalasi O`zbekiston hukumatining rasmiy talabiga binoan kengash sessiyasi kun tartibiga kiritilgan edi.

1951 - yilda tashkil etilgan Migratsiya bo`yicha xalqaro tashkilot migratsiya sohasida etakchi hukumatlararo muassasa hisoblanadi, hukumat, hukumatlararo va nohukumat tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Migratsiya bo`yicha xalqaro tashkilot faoliyati migratsiyani regulirovkalash chora - tadbirlarini tartibga solish va gumanizatsiyalash, migratsiya sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, migratsiya muammolarining amaliy echimlarini izlashda ko`mak berish hamda migrantlarga, shu jumladan qochoqlar va ichki ko`chuvchilarga gumanitar yordam berishga yo`naltirilgan.

Tashkilot O`zbekiston va Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlar bilan 2003 yildan buyon hamkorlik qiladi.          

O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Jeneva shaxrida Afg`oniston prezidenti Muhammad Ashraf G`ani bilan uchrashdi.

Afg`oniston bo`yicha xalqaro konferentsiyada ishtirok etgan O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov 28 noyabr kuni Jeneva shaxrida Afg`oniston prezidenti Muhammad Ashraf G`ani bilan muzokaralar o'tkazdi.

Suhbat chog`ida O`zbekiston bilan Afg`oniston o`rtasidagi munosabatlarning hozirgi holati va ularni kengaytirishning istiqbollari muhokama qilindi.

Bugungi kunda ikki davlat prezidentlarining rahbarligi ostida va shaxsan ishtiroki natijasida ko`p qirrali va o`suvchan ahamiyat kasb etib borayotgan O`zbekiston - Afg`oniston muloqotining izchil rivojlanayotgani e`tirof etildi.

Muhammad Ashraf G`ani O`zbekistonning Afg`onistondagi tinchlik va hamjihatlikka ko`maklashish borasidagi sa`y - harakatlarini yuqori baholadi hamda mamlakatdagi yirik infrastruktura va ijtimoiy - iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishdagi qo`llab - quvvatlash va ishtirok uchun minnatdorchilik izhor etdi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko`rib chiqildi           

Toshkentda Janubiy Koreyaning Adju universiteti tashkil etiladi.

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan Toshkentda Janubiy Koreyaning Adju universiteti tashkil etiladi.

Mazkur hujjatga ko`ra, universitetda 2019 - 2020 o`quv yilida bakalavriatning "Arxitektura", "Elektrotexnika" va "Qurilish injiniringi" ta`lim yo`nalishlari bo`yicha kadrlar tayyorlash yo`lga qo`yiladi.

2020 - 2021 o'quv yilidan boshlab esa Janubiy Koreyadagi Adju universiteti bilan kelishgan holda bakalavriat va magistraturaning yangi istiqbolli ta`lim yo`nalishlari va mutaxassisliklarini ochish belgilandi.

Universitetga abiturientlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o`tkazish O`zbekiston Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi bilan kelishilgan holda Adju universiteti tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Universitet ta`lim faoliyatini O`zbekistonning ta`lim sohasidagi qonun hujjatlarini inobatga olgan holda Adju universitetining o`quv rejalari va dasturlari asosida amalga oshiradi.

Universitetda o`qishni tamomlagan bitiruvchilarga O`zbekistonda oliy ma`lumot to`g`risidagi hujjat sifatida e`tirof etiladigan Adju universitetining belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

1973 yilda tashkil etilgan Adju universiteti - 11 ta kollejni o`z ichiga olgan etakchi ilmiy tadqiqot universitetlaridan biri xisoblanib, universitetda on to'rt mingdan ziyod talaba tahsil oladi.          

O'zbekiston va Qozog'iston hukumat delegatsiyalari uchrashdi.

Shu yilning 26 - 30 noyabr kunlari Olma-ota shahrida O'zbekiston - Qozog'iston Qo'shma demarkatsiya komissiyasidagi O'zbekiston Respublikasi va Qozog'iston Respublikasi Hukumatlari delegatsiyalarining majlisi bo'lib o'tdi.

Uchrashuvlar chog'ida 2018 - yilda o'tkazilgan ishlar sarhisob qilindi hamda kelasi yil uchun bajariladigan ishlar belgilab olindi.

Majlis do'stona vaziyatda va hamjihatlik ruhida bo'lib o'tdi.

Tadbir yakunida tomonlar o'rtasida Bayonnoma imzolandi.

Yig'ilishda, Qo'shma komissiyaning keyingi majlisini O'zbekiston Respublikasi hududida o'tkazishga kelishib olindi.

 



Aloqador xabarlar