Turkiyaning madaniy xazinalari 7-qism

Istanbuldagi tarixiy, meʼmoriy obidalardan biri Ayasofiya ya'ni, Sofiya ibodatxonasi (Ayo Sofiya-Avliyo Sofiya) haqida ma'lumot...

433459
Turkiyaning madaniy xazinalari 7-qism
ayasofya


Bugungi dasturimizda Istanbuldagi tarixiy, meʼmoriy obidalardan biri Ayasofiya ya'ni, Sofiya ibodatxonasi (Ayo Sofiya-Avliyo Sofiya) haqida ma'lumot beramiz. Turkiyaning o'chmas durdonalaridan biri bo'lgan Ayasofiya ayni paytda, Istanbulning ramzi hisoblanadi. Ayasofiya nafaqat Turkiyaning balki, dunyoning eng ko'rkamli obidalaridan biridir. Vizantiya meʼmorligining buyuk xashamatli yodgorligi shaharning har tomonidan ko'rinib turadi. Ibodatxonaning uzunligi 77 metr, gumbaz diametri esa, 31,5 metrni tashkil qiladi. Gumbazi 4 ustunga tayangan. Gumbaz ustiga 40 ta deraza ishlangan. Qatlam-qatlam ko'rinishidagi yarim gumbazlari va markaziy baland gumbazi go'yo shaharga ta'zim qilib turgandek...


Buyuk Konstantin shaharni Rimdan o'rnak olgan holda bunyod etadi. Butun maydonlar, saroylar, ibodatxonalar va tarixiy binolar Rimni eslatib turadi. Buyuk Konstantin saroyi yaqinlarida bir cherkov qurdiradi va bu cherkov Ayasofiyaning bugungi o'rnida qad rostlagani aytiladi. Kuchli zilzilalar oqibatida bu cherkov vayron bo'ladi. Yustinian Imperatorligi bu cherkovning avvalgi salobatini qayta tiklash uchun katta g'ayrat ko'rsatadi.

Yustinian vayron bo'lgan cherkovning o'rniga o'z buyukligini kelgusi nasllarga yetkazish uchun Ayasofiyani ya'ni, Sofiya ibodatxonasini qurdirishga qaror beradi. 532-537 yillarda davlatning barcha imkoniyatlari safarbar qilinib, tahminan 10 mingdan ziyod ishchining mexnati bilan cherkov qurib bitkaziladi va xizmatga ochiladi.

Cherkovning baland ustunlari, gumbazidagi naqshlar, to'rt tomonga yoyilgan ajoyib mozaikalar cherkovning husniga husn qo'shib turadi. “Muqaddas donishmandlik” ma'nosini bildirgan Ayasofiya ya'ni “Avliyo Sofiya” kalimasi, keyinchalik bir qancha shaharda qurilgan boshqa cherkovlarning nomida ham ishlatila boshlagan. Turkiyadagi eng mashhur cherkovlardan biri Trabzon viloyatidagi Ayasofiya ibodatxonasidir.

Xukmdor Yustinian cherkovni davlat xodimlari va mahalliy xalq ishtirokida tantanali ravishda xizmatga ochadi. U cherkov gumbazining ichiga Quddusdagi Sulaymon obidasi nazarda tutilgan holda, “Sulaymon sendan o'zib ketdim” deya yozdirgani aytiladi. Islomiy e'tiqodga ko'ra, qurilgandan ko'p vaqt o'tmay buzilgan gumbazi takror ta'mirlanar ekan, payg'ambarning 5 ta elchi bilan jo'natgan maktublarda jahon sultonlarini islomga da'vat qilgani aytiladi. Ayasofiyaning gumbazi qulashi bilan musulmonlar hristianlarga tegishli bu cherkovning buzilishidan qayg'uga tushgani, payg'ambarning Istanbulga elchi orqali sovg'a jo'natgani va bu sovg'aning inshoat uchun sarf qilingani, shu sababli, Ollohning lutfi bilan gumbazning qiyomatgacha buzilmasdan saqlanib qolishiga ishonilgan. Bu voqeaning haqiqat yoki haqiqat emasligi noma'lum, lekin tuzilishida ba'zi kamchiliklar mavjud bo'lgan gumbazning kunimizgacha yetib kelishida musulmonlarning xizmati beqiyos. Sulton 2-Boyazit va Yovuz Sulton Selim davrida Ayasofiyaga qo'shimcha qilib qurilgan minoralar va Me'mor Sinan qo'shimcha qilgan tayanchlar binoning kunimizgacha yetib kelishiga katta hissa qo'shgan.


Fatih Sulton Mehmet Istanbulni bosib olishi bilan Ayasofiya jome'ga aylantirilgan. Bu yerda qilingan ilk namoz Fatih Sulton Mehmet tomonidan ado etilgan. Respublika davrigacha jome' sifatida foydalanilgan Ayasofiya 19-asrda Sulton Abdulmajid tomonidan mustahkam qilib qayta ta'mirlangani sababli kunimizgacha yetib keldi. Turkiya Respublikasiga asos solgan Otaturkning farmoni bilan 1934- yili muzeyga aylantirilgan. 1985-yili Istanbul tarixiy maskanlari bilan birga UNESCO dunyo me'ros ro'yxatiga olindi. Kunimizda Ayasofiya jome'yi Istanbulga kelgan turistlarning qiziqib tomosha qiladigan makoniga aylangan.


Ayasofiya gumbazli bazilika shaklida qurilgan boʻlib, yonlari 2 qatlamli, gumbazi yarim aylanasimondir. Ayasofiyaning tomi ulkan gumbaz bilan qoplangan. Markaziy gumbazi baland va ko'rkamliki, ko'rganlarni hayratga soladi. Gumbazi va devorlariga o'rnatilgan qandillar atrofda chiroyli manzara hosil qiladi. 1204-yili 4-Salib yurishlari paytida Quddusni bosib olmoqchi bo'lgan Salibchilar fikrini o'zgartirib, Istanbulni ishg'ol qilgan paytda cherkovga katta zarar berilgan. Butun Istanbuldagi tarixiy obidalar, jumladan Ayasofiya ham talon-taroj qilingan. Imperator shahardan qochishga majbur bo'lgan. Ayasofiyada juda katta xudbinliklar, axloqsizliklar sodir qilingan. Bu xotiralar ta'sirida Istanbulning bosib olinishi paytida, shahar xalqi lotinlar tomonidan qutqarilgandan ko'ra, turklar tomonidan boshqarilishni afzal ko'radilar.


Cherkovning asosiy makoni ichida bir qancha afsonada tilga olingan Tilak sutuni joylashgan. Bronza lavhalar o'rtasida joylashgan inson bosh barmog'i sig'adiganchalik teshikka ziyoratchilar barmoqlarini suqib, aylantirgan holda tilak tilaydilar va bu shaklda tilagi ro'yobga chiqishiga ishonadilar. Ayasofiyani qurdirgan imperator Yutinian boshi og'riganda bu ustunga boshini qo'yagani va og'riq darhol to'xtagani rivoyat qilinadi. Bu ustunga sig'inganlar dardiga davo topishiga ishoniladi. Teshikning ichida namlangan barmoq og'rigan joyga qo'yilganda sog'ayib ketishiga ishoniladi. Yana bir afsonaga ko'ra, bu teshikdagi suv Maryam onaning ko'z yoshlaridir.


Ayasofiya Istanbul bosib olingach, Usmoniy jome' me'moridagi xususiyatlarni o'zida mujassam qilgan. Me'mor Sinan markaziy ulkan gumbaz ostida butun xalq birgalikda ibodat qilishi uchun keng maydonga ega bo'lgan Suleymaniya va Selimiya jome'larini qurgan holda, bu jihatdan Ayasofiyani ortda qoldirgan. Selimiya jome'yi qurib bitkazilganda, Ayasofiyadan tahminan ming yil so'ngra kamchiliksiz keng gumbaz ostida ibodat qilish imkoni yaratilgan.

1500-yildan buyon dunyoning eng ko'rkamli ibodatxonalaridan biri Ayasofiya kunimizda ham ziyoratchilarni o'ziga chorlamoqda.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Istanbul , #Ayasofiya , #cherkov , #jome' , #Usmoniy

Aloqador xabarlar