Turkiy tilining sehrli dunyosi - 11

Dasturimizning bugungi sonida qashqay turklari, qashqay turklari yashagan joy va qashqay tili haqida soʻz qilamiz.

2187764
Turkiy tilining sehrli dunyosi - 11

Qashqay turklari asosan Eronning Fors, Isfahon, Xuziston, Bushehir va Kohkuluye viloyatlarida yashaydi. Tarixiy davrlarda butunlay ko‘chmanchi turmush tarzini olib borgan qashqay turklarining aksariyati hozirgi zamon o‘zgarishi bilan o‘troq hayot kechirishga o‘tdilar.

Turklarning oʻgʻuz qabilasidan boʻlgan qashqay turklarining bugungi yashagan joylariga qachon va qayerdan borib qolgani masalasi ancha murakkab, lekin koʻpchilik olimlarning fikricha, qashqay turklarining Eronni maskan tutishi Buyuk Saljuqiylar va Chingizli davriga borib taqaladi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak qashqay turklari Eronga 11 – 12 asrlarda Buyuk Saljuqiylar davri bilan 13 - asrdagi Chingiziylar davrida O‘rta Osiyo, Onado‘li va Kavkazlardan ko‘chib o‘tib, vaqt o‘tishi bilan bugun istiqomat qiluvchi Eronning janubiy va janubi - g‘arbiy mintaqalariga joylashganlar.

Eronning rasmiy manbalarida ularning aholi soni haqida aniq ma’lumot topish juda qiyin, ammo norasmiy raqamlarni hisobga olsak, ular, Janubiy Ozarbayjon turklaridan keyin Eronda yashovchi eng ko‘p sonli turk xalqidan biri ekani taxmin qilinmoqda.

Ular o‘zlarini «Qashkayi» yoki «Qeshkayi» deb ataydilar ammo bu ismning kelib chiqishi va ma’nosi noma’lum. Shunga qaramay bu so‘zning kelib chiqishi haqida olimlar tomonidan o‘rtaga tashlangan turli fikrlar mavjud.

Ulardan biri shuki, bu so‘z sharqiy turkiy tillarda ot, sigir va qo‘y kabi hayvonlarning peshonasidagi oq belgi, dog‘ yoki holga nisbatan qo‘llaniladigan «qashqa» so‘zi bilan bog‘liqdir. Bu qarashga ko‘ra, qashqay turklari «qashqa» otlarini omadli deb hisoblaganlar va uning urushda g‘alaba keltirishiga ishonganlar. Shu sababli ularni qashqay, qashkayi yoki qashqay deb atashgan.

Yana bir muhim fikr shundaki, «qashqay» so‘zi «qash» va «qayi» so‘zlaridan tuzilgan. Buning birinchi qismi boʻlgan «qash» soʻzi ikki asosiy maʼnoga ega. Ulardan biri yoʻlboshchi, boshlangʻich va oldingi qorovul degan ma’noni anglatadi. Ikkinchisi esa «qoch» soʻzining buzilgan shakli boʻlib, u ham ikki ma’noni bildiradi. Ulardan biri yugur, tez – harakat qil; ikkinchisi esa yuguruvchi va tez degan ma’nodadir. Ikkinchi «qayi» boʻlakcasi esa, oʻgʻuz turklarining 24 qabilasidan birining nomidir. Bu fikrga ko‘ra, qo‘shma so‘z ekani aytilgan «qashqayi» so‘zi yoʻlni boshlagan va tez harakat qiluvchi qayi qabilasi degan ma’noni bildirmoqda.

Yaponiya avtomobil ishlab chiqaruvchi Nissan kompaniyasining «Qashqai» modeliga Eron janubida yashovchi kuchli va tezkor harakat qiluvchi qashqaylar nomi berilishi ham «Qashqay» so‘zining ma’nosiga ishora qiluvchi qiziq jihatlardan biridir. Eronda «Qashqayi» deb nomlangan bir futbol jamoasi ham bor.

Qashqay turklarining tarix sahifasiga chiqishi baʼzi Gʻarb olimlarining fikricha, miloddan avvalgi davrlarga toʻgʻri kelgan boʻlsa - da, 18 - asrgacha qashqay nomi hech qanday tarixiy va adabiy manbalarda uchramaydi. Qashqay turklari haqidagi ilk tadqiqotlar ayniqsa 19 -asrning oxiri va 20 - asr boshlarida Eronga borgan sayohatchilar, sharqshunoslar va akademiklar tomonidan boshlatilgan. Bu tadqiqotlarda qashqay xalqining ko‘chmanchi turmush tarzi, madaniyati, tili va ijtimoiy tuzilishi o‘rganilgan.

Qashqay turklari e’tiqod nuqtai nazaridan islomning shia mazhabini qabul qilganlar, til jihatidan esa turk tilining geografik va lingvistik tamoyillariga koʻra oʻgʻuz guruhiga kiradi.

Ko‘pchilik qashqaylar ikki tilli va o‘z ona tillari boʻlgan turk tilidan tashqari Eronning rasmiy tili bo‘lmish fors tilida ham gaplashadilar.

Qashqay turkchasi soʻzlashiluvchi mintaqada bu tilning rasmiy maqomi yoʻqdir. Darhaqiqat, u uzoq vaqt davomida yozma til sifatida unchalik ham qoʻllanilmagan. U koʻproq, ogʻzaki an’analar orqali foydalanilgan til edi. Qashqay xalqi ko‘chmanchi turmush tarzi tufayli tarixda og‘zaki nutq madaniyatiga katta e’tibor berganlar. Shu sababli qashkay turkiy tilida qalamga olingan yozma asarlar kamdir. Biroq 20 - asrning ikkinchi yarmidan boshlab qashqay turkchasini yozma asarlar orqali qayd etish va uni saqlab qolish boʻyicha tadqiqotlar olib borila boshladi.

 

Mazkur dastur, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Saida BURKHANIDINOVA tomonidan tayyorlandi.

 


Tanlangan kalimalar: #qashqay tili , #Qashqay turklari , #Eron

Aloqador xabarlar