Chavusho‘g‘li :"NATOda Ukrainadagi urush davom etishini xohlagan davlatlar bor"

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Rossiya-Ukraina mojarolari haqida CNN Türk telekanaliga intervyu berdi.

1816019
Chavusho‘g‘li :"NATOda Ukrainadagi urush davom etishini xohlagan davlatlar bor"

 

NATOda Ukrainadagi urushni davom ettirmoqchi bo‘lgan davlatlar bor, chunki bu Rossiyani zaiflashtirishi mumkin.

Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li CNN Türk telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“NATOda Ukrainadagi urush davom etishini istaydigan davlatlar bor. Ular urushning davom etishida Rossiyaning zaiflashayotganini ko‘rmoqda. Ular Ukrainadagi vaziyatdan unchalik xavotirda emas”, -degan Turkiya TIV rahbari.

Ukraina-Rossiya muzokaralariga kelsak, Chavusho‘g‘li Turkiya tomoni Antaliyada bo‘lib o‘tgan muzokaralardan biror narsa chiqishini kutmaganligini, asosiysi tomonlarni bir joyga to‘plash bo‘lganini ta’kidlagan.

“Istanbuldagi muzokaralardan so‘ng umidlarimiz katta edi, biroq Buchadagi qirg‘in suratlari paydo bo‘lgach, ular Istanbul kelishuvidan uzoqlashishdi, biroq ikki tomon hamon muzokaralar olib bormoqda”, -degan vazir.

Shu bilan birga, uning aniqlik kiritishicha, Ukraina va Rossiya Federatsiyasi Prezidentlari Vladimir Zelenskiy va Vladimir Putin istalgan vaqtda uchrashishlari mumkin. 

“Ikki yetakchining uchrashuvi muhokama qilinmoqda. Agar Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tsa, u Istanbul yoki Antaliyada bo‘lishi mumkin”, degan Chavusho‘g‘li.

Uning aniqlik kiritishicha, Rossiya Federatsiyasi va Ukraina Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitriy Kuleba bilan uchrashuvlarda Turkiya tomoni ushbu muzokara jarayoni va joylardagi mavjud vaziyat haqida ma’lumot oladi.

Turkiya TIV rahbari Ukraina uchun ehtimoliy xavfsizlik kafolatlariga ham izoh berdi. Uning qayd etishicha, Turkiya Ukraina uchun kafil bo‘lishga tayyor.

“Ammo Ukraina tomoni NATO Nizomining 5-moddasi misolida kafolat talab qilmoqda. AQSH, Kanada va Buyuk Britaniya, jumladan biz ham bunga qarshimiz. Jarayonning o‘zini, bu kafolatlar nima ekanligini, nima bo‘lishini tushunish kerak. Barcha kafil davlatlar shartlarni, kelgusidagi xavflarni qabul qilishlari kerak”, degan u.

Ma’lumot o‘rnida, Rossiya-Ukraina muzokaralari 28 fevralda, Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy yurishining to‘rtinchi kuni boshlandi. Belarusda bir nechta uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, keyin muzokarachilar video aloqa orqali muloqotni davom ettirdi.

10 mart kuni Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan diplomatik forum doirasida Turkiya Rossiya va Ukraina Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitriy Kulebaning uchrashuvini tashkil qildi.

29 mart kuni esa Istanbulda yuzma-yuz muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uning yakunlari bo‘yicha Rossiya delegatsiyasi Ukraina tomonidan o‘rganib chiqiladigan va mamlakat rahbariyatiga yetkaziladigan aniq shakllangan pozitsiya va takliflarni oldi.


Tanlangan kalimalar: #Ukraina , #Mavlud Chavusho’g’li

Aloqador xabarlar