Turkiya Rossiyaga turistik shaharlarga parvozlarni tiklashni taklif qildi

Eslatish joizki, Rossiya hukumati koronavirus pandemiyasi sababli 15 apreldan 1 iyungacha Turkiya bilan aviaqatnovlarni cheklagandi.

1644989
Turkiya Rossiyaga turistik shaharlarga parvozlarni tiklashni taklif qildi

 

Turkiya delegatsiyasi Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikova bilan o‘tkazilgan muzokaralarda Germaniyaga nisbatan qo‘llanilgan xavfsiz turizm modelini taklif qildi. Bu haqda Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Erso‘y ma’lum qildi.

“Rossiyalik turistlar asosan Antaliya, Bodrum, Dalaman va Izmirga borishadi. Bu hududlarda koronavirus yuqtirish kunlik ko‘rsatkichlari Turkiya bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan 50 foizga past. Birinchi bosqichda mana shu aeroportlarga parvozlarni boshlashni taklif qilamiz”, — dedi Turkiya madaniyat va turizm vaziri.

“Bu tizimni Germaniya bilan yo‘lga qo‘ydik, u juda muvaffaqiyatli bo‘ldi. Rossiya tomoniga ham shuni taklif qildik. Barchasi Rossiya hukumati qaroriga bog‘liq”, — deya qo‘shimcha qildi Erso‘y.

Eslatish joizki, Rossiya hukumati koronavirus pandemiyasi sababli 15 apreldan 1 iyungacha Turkiya bilan aviaqatnovlarni cheklagandi. 

Turkiyada aprel-may oylarida koronavirus epidemiyasining avj olishi ortidan mamlakat kasallikka chalinish holati bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘ringa chiqdi. 24 may holatiga, Turkiyada koronavirus qurbonlari soni 46 mingdan oshdi. Shu kungacha mamlakatda virus yuqtirganlar soni 5 mln 44 mingdan ko’proqni tashkil qiladi.

Mamlakatda 29 apreldan 17 maygacha to‘liq lokdaun joriy etilgandi. 

Mamlakat prezidenti Rajab Tayyib Erdo‘g‘an 17 may kuni hukumat epidemiyani nazorat ostiga olganini va karantin rejimi yumshatilishini ma'lum qildi.


Tanlangan kalimalar: #turizm , #Rossiya , #Turkiya

Aloqador xabarlar