Shvetsiyada virusga chalingan Emrulloh Gulushken Turkiyaga olib kelindi

Turkiya Sog’liqni saqlash vaziri Fahriddin Kojaning buyrug'iga binoan, 47 yoshli Emrulloh Gulushken 4 farzandi bilan birga Shvetsiyadan Turkiyaga olib kelindi.

1405454
Shvetsiyada virusga chalingan Emrulloh Gulushken Turkiyaga olib kelindi

 

Shvetsiyaning Malmo shahrida koronavirus bilan kasallanishiga qaramay, davolanmasdan uyiga qaytarib yuborilgan 47 yoshli Emrulloh Gulushken ismli Turkiya fuqarosi uch nafar farzandi bilan birga Turkiya sog’liqni saqlash vazirligiga tegishli tez yordam samolyotida Turkiyaga olib kelindi.

Malmo shahridagi Sturup aeroportiga qo’ngan tez yordam samolyoti bugun, 26 aprel mahalliy vaqt bilan soat 09:00da Emrulloh Gulushken va farzandlari Esma, Samira va Mahmudni olib Turkiyaga tomon parvoz qildi.

“Vaziyatdan boxabar bo’lishgach, bizga Turkiyadan to’xtovsiz qo’ng’iroq qilib turishdi. Turkiya sog’liqni saqlash vaziri Fahriddin Koja tez vaqt ichida bizga maxsus samolyot yubordi. Vatanim bilan faxrlanaman”,-deb aytgan Emrulloh Gulushkenning Shvetsiyada qolgan katta qizi Laylo Gulushken.

Asli Turkiyaning Batman viloyati Gerjush tumanidan bo’lgan Emrulloh Gulushken Turkiya hukumati vakillariga cheksiz minnatdorlik bildirdi.

“Ko’rsatgan yordamlari uchun avvalo prezidentimiz Rajap Tayyip Erdo’g’anga, so’ngra Sog’liqni saqlash vaziri Fahriddin Kojaga, Turkiyaning Stokholmdagi elchisi Hakki Emre Yuntga, Ak partiya deputati Zafar Sirakayaga, Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar tashkiloti rahbari Abdulloh Erenga va Xalqaro demokratlar ittifoqining Shvetsiyadagi vakolatxonasi rahbari O’zer Ekenga samimiy minnatdorligimni izxor qilaman”,-deb aytgan Emrulloh Gulushken.

Covid-19ga qarshi testida virus yuqtirib olganligi aniqlangan Emrulloh Gulushken shifoxonaga yotkizilmasdan, uyiga qaytarib yuborilgan. So’ngra, 47 yoshli Emrulloh Gulushkenning qizi Samira ijtimoiy tarmoqlar vositasida Turkiya rasmiylaridan yordam so’radi.

“Oilam bilan birga Shvetsiyada yashayman. Otam 11 kun avval harorati keskin ko’tarilib, nafas olishi qiyinlashgach, shifoxonaga qo’ng’iroq qildik. Afsuski, hech kim kelmadi va bizni e’tiborga ham olishmadi. Xavotirlanib, kuniga ko’p martalab qo’ng’iroq qildik. Javob berishmadi”,-degan so’zlar bilan yordam so’ragandi Samira.

Turkiya Sog’liqni saqlash vaziri Fahriddin Koja bu iltimosga darhol javob berdi. Samira Gulushkenga qo’ng’iroq qilib, otasining ahvolidan xabardor bo’lgandi. 

Shuningdek, Emrulloh Gulushkenning 4 farzandi bilan birga Turkiyaga olib kelinishi uchun maxsus tez yordam samolyotini Shvetsiyaga yuborish haqida buyruq bergandi.

 

 



Aloqador xabarlar