Bugun Istanbulda yangi xalqaro aeroport ochilmoqda

Yangi aeroportning ochilish marosimiga ko’plab xorij mamlakatlardan davlat rahbarlari va oliy martabali mehmonlar tashrif buyurishi kutilmoqda.

1077611
Bugun Istanbulda yangi xalqaro aeroport ochilmoqda

Bugun Istanbulda yangi xalqaro aeroport xizmatga topshiriladi.

Istanbuldagi uchinchi aeroportning birinchi bosqichi ochilish marosimi bugun, 29 oktyabr kuni Turkiya prezidenti Rajab Tayyib Erdo‘g‘an ishtirokida bo‘lib o‘tadi.

Aeroport qurilishining birinchi bosqichini amalga oshirish uchun olti milliard yevro ajratildi.

Aeroport umumiy maydoni 76,5 million kvadrat metrni tashkil etadi.

Aeroportning boshqa bosqichlari yo‘lovchi oqimi hajmiga qarab, 2023 yilgacha ishga tushiriladi.

Yangi aeroport oltita uchish-qo‘nish yo‘lagi, 500ta samolyot uchun turargoh, 70 mingta avtomobil uchun ochiq va yopiq parkovkaga ega bo‘ladi.

Qurilishning barcha bosqichlari yakunlangach, Istanbul yangi aeroporti dunyodagi eng yirik aeroport bo‘ladi va  har yili 200 million yo‘lovchiga xizmat qiladi.

Birinchi bosqichda aeroportdan har kunlik beshta reys amalga oshiriladi. 31 oktyabr kuni Turkish Airlines Anqaraga Istanbul yangi aeroportidan reysni amalga oshiradi, 1 noyabrda Antaliyaga parvozlar boshlanadi, 2 noyabrda  Izmirga reyslar boshlanadi.

Birinchi xalqaro reys 1 noyabr kuni Istanbul uchinchi aeroportidan Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga amalga oshiriladi. Ozarbayjonga esa, parvozlar 8 noyabrda boshlanadi.

Samolyotlar va texnikani yangi aeroportga o‘tkazish yil oxirigacha yakunlanadi. Shundan so‘ng aeroport kuniga ikki mingta samolyotni qabul qila oladi.

Foydalanishga topshirilganidan so‘ng, aeroport dunyoning 250ta aviakompaniyasidan samolyotlarni qabul qiladi, ular 350dan ortiq yo‘nalishlar bo‘yicha parvozni amalga oshiradi.

Aeroportga ochilishidan oldin qator xalqaro mukofotlar topshirildi.

Ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlanadigan aeroport hududida yer usti radarlari birinchi marta ishlatiladi.

Aeroportdagi terminallar va avtoturargohlarda to‘qqiz mingta aqlli kamera o‘rnatiladi.

Shuningdek, aeroport shaxslar va avtoulovlar raqamlarini aniqlash bo‘yicha zamonaviy texnika bilan ham jihozlangan.

 



Aloqador xabarlar