Turkiyaning SETA jamg‘armasi vakillari O'zbekistonga tashrif buyurdi

Markaziy Osiyo xalqaro institutida Turkiyaning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi (SETA) bilan hamkorlikda “O‘zbekiston va Turkiya tahlil institutlari o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi bosqichi” nomli davra suhbati o‘tkazildi.

1899138
Turkiyaning SETA jamg‘armasi vakillari O'zbekistonga tashrif buyurdi

 

Markaziy Osiyo xalqaro institutida Turkiyaning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi (SETA) bilan hamkorlikda “O‘zbekiston va Turkiya tahlil institutlari o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi bosqichi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda ikki tomonlama munosabat masalasi muhokama qilinib, o‘zaro hurmat, do‘stlik va ishonchga asoslangan ko‘p qirrali o‘zbek-turk hamkorligini yanada faollashtirish yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rajap Tayyip Erdo'g‘anning siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani qayd etildi.

So‘nggi yillarda umumiy savdo aylanmasi qariyb 2.5 barobar o‘sib, aloqa izchil rivojlanmoqda. Investitsiyaviy hamkorlik darajasi 70 marta oshdi. Joriy yil boshidan buyon qariyb yarim milliard dollar miqdoridagi investitsiya o‘zlashtirildi. Qo‘shma korxonalar soni 5 karra ortib, 2 mingtaga yetdi.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan SHHT Samarqand sammiti doirasida ikki mamlakat yetakchilari qishloq xo‘jaligi, transport, elektrotexnika, to‘qimachilik va charm sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, innovatsiya, yuqori texnologiya, turizm va madaniyat kabi o‘nlab sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirish bo‘yicha aniq maqsadlarni belgilab olishdi.

Ekspertlar ilm-fan, ta’lim, san’at, kino, turizm va axborot sohalarida hamkorlik kengayib borayotganini qayd etdilar.

Bundan tashqari joriy yil O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligi va O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur anjuman hamkorlikning yangi istiqbolini muhokama qilish, bu borada aniq takliflar ishlab chiqish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi ta’kidlandi.

Tadbir davomida MOXI va Turkiya tahlil markazlari o‘rtasida yaqin munosabat o‘rnatish, qo‘shma ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.

Turkiya ilmiy-tadqiqot institutlari, xususan, “SETA” tomonidan O‘zbekiston tahlil markazlariga nisbatan jiddiy qiziqish bildirilayotgani e’tirof etildi.

“SETA” vakillari o‘z jamoasi faoliyati xususida ma’lumot berib, ushbu muassasa mamlakat “aql markazlari” orasida yetakchi o‘rinni egallashiga urg‘u berdilar. Siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot va gumanitar yo‘nalishlarda yirik tadqiqotlar bilan shug‘ullanadigan jamg‘arma mutaxassislari mahalliy va xorijiy ixtisoslashgan jurnallarda turli dolzarb mavzularda chiqishlari bilan faol ishtirok etishi ta’kidlandi.

Tomonlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi sheriklikni siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, madaniy-gumanitar, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda yanada kengaytirish masalasini ekspertlar darajasida ko‘rib chiqishdan manfaatdor ekanini bildirdilar.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston , #SETA

Aloqador xabarlar