Bakuda Turkiy kengashga aʼzo davlatlar iqtisodiyot vazirlari yig‘ilishi bo’lib o’tdi

Vazirlar yig‘ilishiga Turkiy Kengash bosh kotibi Bagdad Amreyev va Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov raislik qildi. Yig‘ilish tadbirlarida Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Vengriya va Turkiya vazirlari ishtirok etdi.

1705741
Bakuda Turkiy kengashga aʼzo davlatlar iqtisodiyot vazirlari yig‘ilishi bo’lib o’tdi

 

Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga (TTDHK) aʼzo davlatlar iqtisodiyot vazirlari va kuzatuvchilarining 10-yig‘ilishi bo’lib o’tdi.

Maʼlumotga ko‘ra, vazirlar yig‘ilishiga Turkiy Kengash bosh kotibi Bagdad Amreyev va Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov raislik qildi. Yig‘ilish tadbirlarida Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Vengriya va Turkiya vazirlari ishtirok etdi. O‘zbekiston delegatsiyasiga investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.Voitov rahbarlik qildi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga aʼzo davlatlar va kuzatuvchilar iqtisodiyot vazirlarining 10-yig‘ilishi, Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Ishchi guruhining 12-yig‘ilishi va biznes-forumdan tashkil topgan tadbirlar dasturi doirasida Kengashga aʼzo davlatlar o‘rtasida iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari, koronavirus pandemiyasi sababli ro‘y bergan inqirozning iqtisodiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan qo‘shma amaliy chora-tadbirlar bajarilishini muvofiqlashtirish masalasi muhokama qilindi.

Til, tarixiy va madaniy aloqalar bir xilligi asosida tashkil topgan Turkiy kengash mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning samarali mexanizmiga aylanib borayotgani taʼkidlandi.

O‘zbekiston hukumati Kengashga aʼzo mamlakatlar bilan iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berayotgani maʼlum qilindi.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi uch yil mobaynida koronavirus pandemiyasiga qaramasdan Kengashga aʼzo mamlakatlar o‘rtasidagi savdo hajmi ikki barobar oshdi hamda 2020 yilda 6,7 milliard dollarga va joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, 4,7 mlrd dollarni tashkil etdi.

Yaqin yillarda savdo aloqalarini rivojlantirish va O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi tasarrufidagi hamkor davlatlar bilan savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish borasida ulkan ishga solinmagan salohiyat mavjudligi alohida taʼkidlandi.

Shu nuqtai nazardan normativ-huquqiy bazani yana-da takomillashtirish hamda tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, Turkiy kengash Investitsiya jamg‘armasi va Taraqqiyot bankini tashkil etish bo‘yicha tashabbuslarni hayotga tatbiq etishni jadallashtirish dolzarbligi masalasi ko‘rib chiqildi. Bu Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi doirasida muloqotdan amaliy investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikka o‘tishda muhim qadam bo‘lishi taʼkidlandi.

Shuningdek, mintaqaning transport va tranzit salohiyatini oshirish hamda Markaziy Osiyo orqali yirik jahon bozorlariga, jumladan, Xitoy, Hindiston, Pokiston va boshqa Osiyo mamlakatlariga, shuningdek, Ozarbayjon va Turkiya orqali Yevropa mamlakatlariga yetkazib berishni taʼminlash mexanizmlari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tashkilotga aʼzo mamlakatlarda erkin iqtisodiy va maxsus zonalarni rivojlantirishni jadallashtirishga qaratilgan “Aʼzo davlatlarning turli iqtisodiy zonalari o‘rtasida maʼlumot va tajriba almashish to‘g‘risida”gi Memorandum imzolandi.


Tanlangan kalimalar: #Ozarbayjon , #Turkiy Kengash , #Turkiya

Aloqador xabarlar