O'zbekistondan xabarlar 35-qism

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 avgust kuni “Sharq taronalari” o'n ikkinchi xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

1260603
O'zbekistondan xabarlar  35-qism

 

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik bayrami munosabati bilan 65 nafar fuqaroni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

«Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi Bu xaqda Adliya vazirligi Matbuot xizmati xabar qildi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Konstitutsiyasi 93-moddasining 23-bandiga asosan, sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 65 nafar fuqaro afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 17 nafari jazodan to‘liq ozod qilindi, 13 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi, 20 nafariga esa tayinlangan jazo yengilrog‘i bilan almashtirildi. 50 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish joylaridan ota-onasi, farzandlari va yaqinlari bag‘riga qaytarildi.

Shuningdek, 14 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddati qisqartirildi va 1 nafar shaxs ozodlikni cheklash jazosidan ozod qilindi.

Afv etilganlarning 4 nafarini ayollar, 1 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxs, 1 nafarini chet el fuqarosi, shuningdek, 39 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan fuqarolar tashkil etadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini qo‘riqlash va himoya qilish tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati, Davlat xavfsizlik xizmati rahbariyati, shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati  Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Chegara qo‘shinlari faoliyatining amaliy natijalari ko‘rib chiqildi, davlat chegaralarini qo‘riqlash va himoya qilish tizimini xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy xatarlarni hisobga olgan holda yanada takomillashtirishning ustuvor vazifalari belgilandi.

Chegaralar xavfsizligi va daxlsizligini ishonchli va kafolatli ta’minlash xalqning tinch-osoyishta hayoti, mamlakat taraqqiyotining garovi ekani ta’kidlandi.

Mintaqa mamlakatlarining chegara idoralari yo‘nalishidagi xalqaro hamkorlik izchil mustahkamlanib borayotgani, turli xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda qo‘shma tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilayotgani qayd etildi. Qo‘shni davlatlar bilan o‘tkazish punktlari ochilgani, yangi havo, temir yo‘l va avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilgani fuqarolarning o‘zaro bordi-keldisining ortishiga xizmat qilmoqda.

Chegaraoldi hamkorlikni faollashtirish yuzasidan xorijiy sheriklarimiz bilan erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda bajarilgan ishlar tanqidiy baholanib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini qo‘riqlash va himoya qilish tizimining samaradorligini yanada oshirish yuzasidan mutasaddi tuzilmalar rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan Xitoy Davlat taraqqiyot banki o'rtasida 500 million Xitoy yuani miqdorida kredit shartnomasini imzolandi.

Joriy yil 26 avgust kuni Pekinda O‘zbekiston — Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining beshinchi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki 500 million Xitoy yuanida kredit liniyasini jalb qilish uchun Xitoy Davlat taraqqiyot banki bilan kredit shartnomasini imzoladi.

İkki bank o‘rtasidagi yettinchi kelishuv bo‘lgan ushbu shartnoma, shu bilan birga, Xitoy yuanida kredit bitimining imzolanishi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Xitoy yetakchi moliya instituti bilan hamkorlik tarixidagi birinchi hujjatdir.

Xitoy yuanida moliyalashtirishni jalb qilishning asosiy afzalligi yuandagi tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha hisob-kitoblar boshqa davlatlar valyutalarida to‘lovlarni amalga oshirishda valyuta konversiya qilish bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytiradi. Xitoy yuanidagi kreditlar kursning o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlarni kamaytiradi va O‘zmilliybank mijozlariga uzoq muddatli moliyalashtirishda yanada qulay shart-sharoitlarni taqdim etadi.

Shu bilan birga, ushbu kelishuv Xitoy yuanida yangi to‘lov usullaridan foydalanishni nazarda tutadi. O‘z navbatida, Xitoy yuanidagi to‘lovlar Xitoyga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib beruvchining hisobiga o‘tkaziladi. Bu esa ikki mamlakat va sheriklar o‘rtasidagi to‘lovlarni amalga oshirish vaqtini sezilarli darajada kamaytiradi.

Moliyaviy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarga va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning rivojlanishiga yangi turtki beradi, shuningdek, qulay shart-sharoitlarda kredit resurslarini jalb qilish imkoniyatini yaratadi. Bu esa O‘zbekistonda yangi yirik investitsiya imkoniyatlarini yuzaga keltiradi.

Ma’lumki, Xitoy Davlat taraqqiyot banki 1994 yil mart oyida yirik sanoat tarmoqlarini, shu jumladan, energetika va transportni rivojlantirishni modernizatsiya qilish va infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltirilgan davlat loyihalarini moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan.

 

O'zbekistonning tarixiy Samarqand shaxrida "Sharq taronalari" o'n ikkinchi xalqaro musiqa festivali boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 avgust kuni “Sharq taronalari” o'n ikkinchi xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Davlat rahbari mehmonlarni mamlakatimizda ko‘rishdan mamnunligini bildirib, yig‘ilganlarni mazkur ayyom bilan muborakbod etdi.

Ushbu anjuman turli sivilizatsiyalar, xalqlar va millatlar o‘rtasida o‘ziga xos madaniy hamkorlik hamda muloqot maydoniga aylanganini, Registon maydoniga qadam qo‘ygan har bir san'atkor, millati, tili va dinidan qat'i nazar, bashariyat farzandi sifatida dillarni dillarga, ellarni ellarga bog‘lashini ta'kidladi:

“Assalomu alaykum, Aziz vatandoshlar, Muhtaram mehmonlar!

Hurmatli festival qatnashchilari! Xonimlar va janoblar!

Bugun siz, azizlar bilan go‘zal O‘zbekiston diyorida, “Yer yuzining sayqali” deb nom olgan qadimiy va betakror Samarqand shahrida ko‘rishib turganimdan baxtiyorman.

Barchangizni “Sharq taronalari” o‘n ikkinchi xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Mana, yigirma ikki yildirki, biz bu festivalni YuNeSKO rahnamoligida o‘tkazib kelmoqdamiz.

Bugun ushbu tashkilotning Bosh direktori Odri Azule xonim yurtimizga shaxsan tashrif buyurib, anjumanimizga alohida fayz va ko‘tarinki ruh bag‘ishlagani uchun samimiy minnatdorchilik bildiraman”.

UNESCO Bosh direktori Odri Azule o‘z chiqishida festival o‘tayotgan Samarqand Amir Temurning buyuk davlati, Registon maydoni esa Mirzo Ulug‘bek merosidan dalolat berishini, bu meros asrlar davomida olimlar, hunarmandlar, san'atkorlarni bu yerga yetaklaganini qayd etdi. Umumbashariy tarixni asrash, universal til bo‘lgan musiqani rivojlantirish YuNeSKOning mas'uliyat doirasiga kirishini, tashkilot O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish niyatida ekanini ta'kidladi.

Shuningdek, marosimda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Bangladesh, Polsha, Belarus, Yaponiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlardan rasmiy shaxslar, faxriy mehmonlar ishtirok etdi.

Festival doirasida «Sharq xalqlari an'anaviy musiqa san'atini rivojlantirish istiqbollari» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham bo‘lib o‘tdi.

30 avgust kuni nixoyasiga yetadigan festivalga  78 davlatdan xonanda va sozandalar, badiiy jamoa va ansambllar, sanʼat va musiqashunoslar ishtirok etmoqda.

 



Aloqador xabarlar