O‘zbekiston "XXI asrda turkiy-venger folklor anʼanalari" xalqaro festivalida taqdim etildi

18-22 avgust kunlari Budapeshtda TURKSOY va Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi hamkorligida "XXI asrda turkiy-venger folklor anʼanalari" nomli xalqaro madaniy festival o‘tkazildi.

1697049
O‘zbekiston "XXI asrda turkiy-venger folklor anʼanalari" xalqaro festivalida taqdim etildi

 

18-22 avgust kunlari Budapeshtda Xalqaro turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti — TURKSOY va Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (TTDHK) vakolatxonasi mazkur tashkilotga aʼzo mamlakatlar elchixonalari bilan hamkorlikda "XXI asrda turkiy-venger folklor anʼanalari" xalqaro madaniy festivalini o‘tkazdi.

Festival O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlandi.

Haftalik davomida turli seminarlar, taqdimot va mahorat darslari o‘tkazildi. Ularda venger jamoatchiligiga turkiy xalqlarning madaniy merosi haqidagi maʼlumotlar taqdim etildi.

Budapeshtning tarixiy qismi – Buda qalʼasida hunarmandchilik ko‘rgazmasi tashkil etildi. O‘zbekiston bo‘lmasida qo‘lda tikilgan so‘zanalar, kashtalar, turli xil milliy libos va matolar, o‘zbekistonlik hunarmandlar tomonidan tayyorlangan esdalik sovg‘alari namoyish qilindi. O‘zbekiston bo‘lmasi haftalik yakuniga qadar ko‘plab mehmonlarning diqqat markazida bo‘ldi. O‘zbek milliy kiyimlarini tikish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi.

Turkiy tilli davlatlardan kelgan ustalar marmarga ishlov berish, charm tayyorlash, zargarlik buyumlari yasash va gilam to‘qish kabi anʼanaviy hunarmandchilik sohalarida o‘z mahsulotlarini mehmonlarga taqdim etdi.

Tadbir doirasida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo davlatlar sanʼat ustalari ishtirokida Budda qalʼasining ochiq maydonida katta konsert dasturi namoyish etilgani barobarida modalar namoyishi ham o‘tkazildi. Unda turkiy xalqlarning milliy ashulalari, musiqa va  raqslari ijro etildi. Vengriyalik sanʼat ixlosmandlari yurtdoshlarimiz tomonidan ijro etilgan o‘zbek milliy maqomlari, kuy va raqslarni, shuningdek, zamonaviy O‘zbekiston hududida yashovchi xalqlarning anʼanaviy liboslari taqdimotini katta qiziqish bilan tomosha qildi.

Anjumanda TURKSOY Bosh kotibining o‘rinbosari Bilol Chakiji ishtirok etdi. U konsert avvalidagi chiqishida TURKSOY turkiy dunyoning madaniy merosini xalqaro miqyosda ommalashtirish va kelajak avlodlar uchun saqlab qolish uchun katta saʼy-harakatlarni amalga oshirayotganini taʼkidladi.

O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev, o‘z navbatida, festival ishtirokchilarini qutlar ekan, turkiy va venger xalqlarining madaniyati, urf-odatlarda bir-biriga juda yaqin jihatlar mavjud ekanligi hamda Vengriyaning Turkiy kengashga kuzatuvchi sifatida qo‘shilishi nafaqat Vengriya bilan TTDHK aloqalarini mustahkamlashi, balki tashkilotning boshqa Yevropa davlatlari bilan hamkorligini kengaytirishga ham ko‘maklashishini taʼkidladi.

Anjuman yakunida faxriy mehmonlar festival yakunlari bo‘yicha o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdi.

TURKSOY Bosh kotibining o‘rinbosari Bilol Chakijining aytishicha,  mazkur xalqaro madaniyat festivali juda yuqori saviyada o‘tdi. "Turkiy kengash davlatlari vakillari mamlakatlarimizning boy madaniyatini Budapesht aholisiga yuqori mahorat bilan ko‘rsata oldilar", - dedi u.

O‘zbekistonning TURKSOY faoliyatidagi ishtiroki haqida gapirar ekan, Bosh kotib o‘rinbosari o‘tgan yili Xiva shahri TURKSOY tomonidan Turkiy dunyosining madaniy poytaxti, deb eʼlon qilingani va 2020 yilda ushbu tarixiy shaharda qator madaniy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilganini aytdi. Ammo pandemiya bilan bog‘liq qiyin holat tufayli bu tadbirlarni tashkil etish epidemiologik vaziyat yaxshilangunga qadar ortga surildi. U TURKSOYning kelajakda O‘zbekistonda qator madaniy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha qiziqishini tasdiqladi.

TTDHKning Budapeshtdagi vakolatxonasi direktori Yanos Xovari ushbu  madaniy tadbir O‘zbekiston va Turkiy kengashning boshqa davlatlari mustaqilligining 30 yilligi arafasida o‘tkazilayotgani venger va turkiy xalqlarning madaniy-maʼnaviy yaqinlashtirishga qaratilganini taʼkidladi. Uning aytishicha, mazkur festival o‘zbek xalqining rang-barang madaniyati, boy tarixi va o‘ziga xos anʼanalari bilan tanishish uchun ajoyib imkoniyat yaratdi.

 


Tanlangan kalimalar: #TURKSOY , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar