Antaliyada 2000 yillik haykallar topildi

Bu haqda Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy ijtimoiy tarmoqda ma'lum qildi.

2151141
Antaliyada 2000 yillik haykallar topildi

 

Turkiyaning Antaliya viloyati Serik tumanida joylashgan Aspendos shahrida taxminan 2000 yillik Zevs va Afrodita haykallari topildi. Xorij ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, bu haqda Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy ijtimoiy tarmoqda shunday yozgan:

– Biz kelajakka meros qoldirish ustida ishlayapmiz! Qadimiy kent – Aspendosda olib borilgan qazishma chog‘i Rim imperiyasi davriga oid ikki ajoyib haykal topildi. Ikki qavatli Stoa majmuasi ostidan Zevs va Afroditaning 2000 yillik hayratlanarli suratlari chiqdi. Topilayotgan ashyolar mamlakatimiz madaniyati va sayyohlik hayotiga foyda keltirishi tayin.

Tarixi miloddan avvalgi X asrga borib taqaladigan Aspendos Pamfiliya mintaqasidagi eng yirik shaharlardan biri edi. Shahar dengizdan 8 km masofada joylashgan Ko‘pruchay daryosi bo‘yida barpo etilgan bo‘lib, inshootlari, masalan atrofi mustahkam devor bilan o‘ralgan tepalikdagi agora, monumental favvora, ibodatxona, stadion, kengash binosi va Rim bazilikasi bilan ajralib turadi.

“Kelajak uchun meros” ulkan loyihasi doirasida olib borilgan izlanish chog‘ida yangi topilma izlagan arxeologlar agora g‘arbida joylashgan 15 ta do‘kon va ombordan iborat ikki qavatli majmuada ishlayotganda kutilmagan hodisaga duch keldi. Bu hudud Rim imperiyasi davrida haykalga ishlov berish joyi bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Qazishma payti, avvaliga, o‘sha davrga oid ish stoli yonidan qadimgi yunonlar oliy xudosi Zevs haykali yaxshi holatda topildi. Qorin bo‘shlig‘idagi mushak burmasi Zevs taxtda o‘tirgan holda tasvirlanganini ko‘rsatadi. Afsuski, haykalning pastki qismi kesilgan va keyinchalik qayta ishlangan. Yana bir haykal sevgi va go‘zallik ma’budasi Afroditaga tegishli. Haykallarning balandligi taxminan 50 santimetr, nafis ishlangani bilan ajralib turadi. Naqshlar Rim imperatorligi davrida qo‘lda o‘yilgani ma’lum qilindi.

Hujjatlashtirish, tozalash va restavratsiya qilish yakunlangach, haykallar Antaliya muzeyiga topshiriladi.

Arxeologlar, do‘konlar majmuasining boshqa qismida ham ish davom etayotganini ta’kidlagan. Bu yil barcha do‘konlarda qazish yakunlanadi.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Antaliya

Aloqador xabarlar