O’zbek delegatsiyasi III-Xalqaro turk dunyosi festivalida ishtirok etdi

Tadbir davomida xalqaro TURKSOY tashkiloti tomonidan tayyorlangan turkiy dunyo mamlakatlarining qo’shma konserti bo’lib o’tdi.

1687392
O’zbek delegatsiyasi III-Xalqaro turk dunyosi festivalida ishtirok etdi

 

O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi delegatsiyasining Turkiyaga amaliy tashrifi davom etmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi delegatsiyasi ijodiy jamoasi Turkiyaning Istanbul shahrida 1-9 avgust kunlari TURKSOY tashkiloti tomonidan o‘tkazilayotgan III-Xalqaro turk dunyosi festivalida ishtirok etdi. Unda O'zbekistondagi "Ichan-qal’a" muzey qo‘riqxonasi "Hunarmandchilik tarixi" bo‘limi mudiri Xolbek Matyoqubov ham  qatnashdi.

O'zbekiston Madaniy meros agentligi xabariga ko‘ra,ushbu festivalda Xiva shahrining tarixiy obidalarini taqdim etuvchi ko‘rgazma tayyorlangan bo‘lib, unda Markaziy Osiyoda birinchilardan "Ichan-qal’a" davlat muzey-qo‘riqxonasi muzeylarimiz qiyofasini aks ettirishga asoslangan smart muzey interfaol ko‘rgazmasini namoyish qilindi.

Ushbu loyihaning afzalligi shundaki,tashrif buyuruvchilar o‘z gadjetlari orqali qadim Xiva shahriga sayohat qilishmoqda. Shu bilan birga muzey ko‘rgazmalarini va xorazmlik allomalarning virtual obrazlarini tomosha qilish imkoni mavjud. Bu esa festivalga tashrif buyurayotgan chet ellik mehmonlarga manzur bo‘lmoqda. Shu bilan birga Xivaning tarixiy obidalarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish ishtiyoqi paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, muzey ilmiy xodimlari X.Matyoqubov va F.Rahimovlar hamkorligida tayyorlangan Xivaning tarixiy suratlaridan iborat "Xiva sharq gavhari" nomli slayd shou ham namoyish qilindi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari Istanbul shahri Maltepe meriyasidagi muhtasham madaniyat markazida bo’ldi. U yerda navbatdagi tadbirlarga tayyorgarlik ko’rildi. Kunning ikkinchi yarmida ushbu madaniyat markazida Maltepe tuman hokimi o’rinbosari Kanan Dener honim hamda TURKSOY tashkiloti rahbari Dusen Kaseinov bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.

Uchrashuvda xalqaro madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish, TURKSOY tashkilotining turkiy dunyo mamlakatlari madaniyatini saqlash va targ’ib qilish, bu orqali turkiy xalqlarning birdamligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlari e’tirof etildi.

Shuningdek, 2020 — 2021 yillarda “Xiva shahri – turkiy dunyo madaniy poytaxti” doirasidagi loyihalar bilan tanishtirildi. Kanan Dener honimga Xorazm diyoridan estalik sovg’alar topshirildi.

Shundan so’ng, madaniyat markazining galereyasida TURKSOY tashkiloti tomonidan tashkil etilgan O’zbekiston, xususan Xiva shahriga bag’ishlangan fotoko’rgazma, hurnarmandchilik ko’rgazmasi bo’lib o’tdi.

Bundan tashqari, “Ichan-qal’a” davlat muzey-qo’riqxonasi tomonidan “smart muzey” loyihasi namoyish etildi. Ushbu loyiha tashrif buyuruvchilar tomonidan juda katta qiziqish bilan kutib olindi.

100g yaqin kartinani o’z ichiga olgan ko’rgazmada Xiva shahridagi tarixiy obidalar, viloyatning o’ziga xos turizm salohiyati bilan tanishtirildi.

Tadbir davomida xalqaro TURKSOY tashkiloti tomonidan tayyorlangan turkiy dunyo mamlakatlarining qo’shma konserti bo’lib o’tdi.

Badiiy qismda Xorazm viloyati ijodiy jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan teatr chiqishlari, milliy kuy-qo’shiqlar va raqs namoyishi taqdim etildi.

Festivalning ikkinchi kuni TURKSOY tashkilotining rejasiga binoan o’zbek delegatsiyasi a’zolari uchun Istanbul shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat tashkil etildi.

Mazkur sayohat O’zbekiston, Qozog’iston va Qirg’iziston delegatsiyalari a’zolarida katta taassurot qoldirdi. Katta taassurotlar bilan dengizdan qaytgan delegatsiya vakillari Istanbuldan Karaman shahriga yo’l oldi.

 


Tanlangan kalimalar: #TURKSOY , #O'zbekiston , #Turkiya

Aloqador xabarlar