Turkiyaning madaniy xazinalari 32-qism

Usmoniylarning 10-podshosi Qonuniy Sulton Sulaymon davrida qurilgan "Suleymaniya" jome'yi haqida ma'lumot...

545856
Turkiyaning madaniy xazinalari 32-qism

                

Bugun Usmoniylarning 10-podshosi Qonuniy Sulton Sulaymonning buyrug’i bilan Me’mor Sinan tomonidan qurilgan Suleymaniya jome’yi haqida ma’lumot beramiz.

Qonuniy Sulton Sulaymon Usmoniy Imperatorligini eng gullab yashnagan davrida boshqargan tengi yo’q sulton edi. G’arbdagi davlatlar uni muhtasham deb ta’riflaydilar. 40 yildan ortiq taxtni boshqargan Sulton Sulaymon Usmoniy qonunlarini dunyoga namuna bo’ladigan shaklda o’zgartirdi. Shu sababdan tarixda “Qonuniy” ya’ni “qonun chiqaruvchi” taxallusi bilan tanildi. Sharq va g’arbdagi barcha taxt urushlarida g’olib bo’lgan Sulton Sulaymon Me’mor Sinanga ulkan jome’ qurishini va bu jome’ga “Suleymaniya” deb nom berilishini buyuradi.

Sulton Sulaymon o’zi uchun tengi yo’q hashamatli jome’ qurdirishini do’st va dushman davlatlarning boshchilariga maktub orqali e’lon qiladi. Do’st bo’lgan davlatlar bu xabarga quvonar ekan, Usmoniylarning raqibi bo’lgan davlatlar esa, hasad bilan qaraydilar. Usmoniylar jahonga xukmron bo’lgan bir davrda ushbu muhtasham jome’ning qurilishini amalga oshiradi. Bunga Usmoniylarning barcha imkoniyatlari safarbar qilinadi. Halich dahasidan qaralganda shaharning xusniga xusn qo’shib turadigan bir tepalik ustiga jome’ning poydevori quriladi va poydevorning mustahkam bo’lishi uchun bir muncha vaqt kerak bo’ladi. Buni fursat deb bilgan Eron shoxi Tahmasp jome’ning qurilishi to’xtab qolishiga xazinaning yetarsizligi sabab deb o’ylaydi va Usmoniylarga ko’pgina xazina jo’natadi.

Maqsad Sulton Sulaymonni o’z boyligi bilan bezovta qilish edi. Shoxdan kelgan maktubni olgan Sulton Sulaymon Me’mor Sinanni yoniga chaqirib, xazinani unga topshiradi. Me’mor Sinan jome’ning qurilishi to’xtab qolgani xazinaning bo’shab qolganidan emas, balki poydevorining mustahkam bo’lishi uchun kutib turilganini aytadi. Eron shoxidan kelgan zebu-ziynatga to’la xazina maydalanib, 4 minoradan birining qorishmasiga qo’shib yuboriladi. Bu qimmatbaho minora kunimizda ham ziyoratchilarning e’tiborini o’ziga jalb qilmoqda. Suleymaniya jome’yining qurilishi Papani ham g’azablantiradi. Papa musulmonlarning Ayasofiyadan ham ko’rkamliroq jome’ qurdirishidan bezovta bo’ladi. Shu sababli, Vatikanda Sen Peter cherkovi qurilishini buyuradi. Me’mor Sinan Suleymaniya jome’yini 7 yilda qurib bitkazib, 1557-yili xizmatga topshiradi. Sen Piyer cherkovining qurib bitkazilishi uchun uzoq vaqt ketadi, lekin 1626 yilga kelib cherkov tamomlanadi. Sulton Sulaymon jome’ning ochilish kuni marosimda ushbu ko’rkamli jome’ni qurgan Me’mor Sinandan eshikni ochib jome’ni xizmatga topshirishini buyuradi. Bu buyruqni bajo keltirgan Me’mor Sinan xalqning duolari bilan jome’ning eshiklarini ochadi.

Jome’ning qurilishi paytida davlatning barcha imkoniyatlari safarbar qilinadi va qurilishda juda ko’p usta xizmat qiladi. Suleymaniya jome’yiga hovlining uch tomonidan kirish mumkin. Jome’ning shinamgina hovlisida avvalo chashma ko’zga tashlanadi. Hovlidan o’tib jome’ning ichiga kiriladi. Hovlining 4 tomoni baland sutunlar bilan o’ralgan. O’rtada joylashgan chashmada musulmonlar namoz uchun tahorat oladi. Suv odatdagidek yuqoridan pastga tomon emas, pastdan yuqoriga tomon oqib turadi.

Bu yerda top-toza suv bilan tahorat olingach, toj o’rnatilgan asosiy eshikdan jome’ning namoz o’qish bo’limiga kiriladi. Darvozaning ustiga qo’yilgan hitobada 10-podsho Sulton Sulaymongacha taxtga chiqqan sultonlarning nomi yozilgan.

Jome’ga kirganingizda bir tomondan yorug’lik, bir tomondan esa, muhtasham bezaklar, chinni naqshlar ko’zga tashlanadi. Jome’ qubbasidan to pastgacha osilib tushgan qandillar va ularning orasida joylashgan tuya qushi tuxumlari Me’mor Sinanning ustun dahosini ko’rsatib turadi.

Haj ziyorati mavsumida Arabiston aholisiga turli sovg’alar olib borgan Usmoniylar tuyalarning bo’ynidagi hurjunlarga siyoh bo’yoq solib hajga boradilar va hajdan qaytganda bir ma’noda hoji bo’lgan bu siyoh bo’yoqlar bilan Qur’on-i Karim yozilgani aytiladi.

Suleymaniya jome’yi qoshida imoratlar, shifoxona, madrasa, hammom, kutubxona va qabriston mavjud. Qonuniy Sulton Sulaymon jome’ hovlisidagi maqbaraga dafn qilingan. O’sha hovlida joylashgan yana bir maqbarada ushbu jome’ning memori Me’mor Sinan dafn qilingan.

Musulmonlarga mana shunday qimmatbaho asarni meros qilib qoldirgan Sulton Sulaymon va Me’mor Sinanni hurmat bilan yodga olamiz.



Aloqador xabarlar