AQSHning Iordaniyadagi harbiy bazasiga hujum sodir etildi

AQSH Prezidenti Jo Bayden hujum uchun "Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan jangarilar" javobgar ekanini aytdi.

2094464
AQSHning Iordaniyadagi harbiy bazasiga hujum sodir etildi

 

Kecha, 28 yanvar kuni AQSHning Iordaniyadagi harbiy bazasiga uchuvchisiz uchish apparati vositasida hujum sodir etildi.

Hujum oqibatida uch nafar amerikalik askar halok bo‘ldi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Iordaniya shimoli-sharqida, Suriya bilan chegara yaqinida joylashgan Amerika bazasiga uyushtirilgan dron hujumidan so‘ng kamida 34 nafar askar jarohat olgan. Yaralangan harbiylarning bir qismi bazadan evakuatsiya qilingan. Shuningdek, jabrlanganlar sonining ko‘pligi dronning kazarmadan uncha uzoq bo‘lmagan joyda urilgani bilan bog‘liq ekani aytilmoqda.

AQSH Prezidenti Jo Bayden hujum uchun "Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan jangarilar" javobgar ekanini aytdi.

“Biz bu hujumga oid faktlarni haligacha to‘playotgan bo‘lsak-da, buni Suriya va Iroqda faoliyat yuritayotgan Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan radikal jangari guruhlar amalga oshirganini bilamiz”, deydi u.

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin "Eron tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan jangarilar AQSh kuchlariga hujumlar uchun javobgardir va biz o'zimiz tanlagan vaqt va joyda kerakli javobni beramiz",- dedi.

Jo Bayden yozma bayonotida Amerika kuchlariga qarshi hujumlarga toqat qila olmasligini bildirib, "Biz Qo‘shma Shtatlar, qo‘shinlarimiz va manfaatlarimizni himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘ramiz”, - dedi.

Eron esa AQSH askarlariga qarshi hujumlarga aloqadorligini rad etdi.

Qayd etish joizki, AQSHning Suriya va Iroqdagi harbiy bazalari oxirgi oylarda tez-tez hujumga uchramoqda. Iroqdagi qarshilik harakati buni AQSHning HAMAS bilan urushda Isroilni qo‘llab-quvvatlayotganiga javob sifatida tushuntiradi. 7 oktyabrda Isroil va Falastin o'rtasidagi mojarolar boshlanganidan beri Iroq va Suriyadagi AQSh askarlari joylashgan harbiy bazalarga 150 dan ortiq hujum uyushtirilgan.


Tanlangan kalimalar: #AQSh

Aloqador xabarlar