«G - 7» davlat rahbarlari sammitida tinch aholi umriga zomin boʻlayotgan voqealar qoralandi
«G - 7» davlat rahbarlari sammiti, yakuniy deklaratsiyaning e’lon qilinishi bilan oʻz nihoyasiga yetdi.
«G - 7» tarkibidagi davlatlarning liderlari Yaqin Sharqda yuz berayotgan voqealar yuzasidan tinch aholi qurbon boʻlayotganiga e’tibor qaratib, mazkur holatni bir ovozdan qoraladilar. Halok boʻlgan tinch aholi orasida ayniqsa ayollar va bolalar ham borligi ifoda etilar ekan, bunday holatning qabul qilinishi imkonsiz ekani ta’kidlanib, vaziyatdan xavotir olingani qayd etildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari (AQSh), Germaniya, Angliya, Yaponiya, Fransiya, Kanada va Italiyani oʻz ichiga olgan «G - 7» davlatlari hamda Yevropa ittifoqi liderlari ishtirokida Italiyaning Borgo Egnazia shaharida uyushtirilgan navbatdagi «G - 7» davlat rahbarlari sammiti, ikkinchi kuni, yakuniy deklaratsiyaning e’lon qilinishi bilan oʻz nihoyasiga yetdi.
Unda, Isroilga nisbatan takror:
«Isroil oʻzini oʻzi himoya qilish huquqidan foydalanar ekan har qanday holatda xalqaro huquq, jumladan, xalqaro gumanitar huquq normalariga muvofiq harakat qilishi kerak». – deyildi.
«Tinch aholi qurbon boʻlmoqda va bu holatni bir ovozdan qoralaymiz. Halok boʻlgan tinch aholi orasida ayniqsa ayollar va bolalar ham bor. Bunday holatning qabul qilinishi imkonsiz», - degan ifodalarga oʻrin berilgan deklaratsiyada, tomonlar, tinch aholini himoya qilish uchun konkret qadamlar tashlashga chaqirildi.
Deklaratsiyada, eng avvalo AQSh Prezidenti Jo Bayden tomonidan e’lon qilingan va «Gʻazoda oʻq uzish toʻxtatilsin!» - deyilgan taklif qoʻllab – quvvatlangani ta’kidlandi.
Xamas va uni qoʻllab – quvvatlagan davlatlardan ham bu taklifni qabul qilishlari talab qilindi.
Rossiya - Ukraina urushida Ukrainaga berilgan yordamlarga ham toʻxtalgan deklaratsiyada:
«Ukrainaga harbiy, byudjet, gumanitar va rekonstruksiya sohasida yordam ko‘rsatishni davom ettirish tarafdorimiz. Ukrainaning qisqa muddatli moliyaviy ehtiyojlarini qondirish va uzoq muddatli tiklanish hamda qayta qurish ishlaridagi ustuvorliklarini qo‘llab - quvvatlashda qarorimiz qat’iydir». – degan ifodalarga oʻrin berildi.
Eron tomonidan joriy yilning 13 - 14 apreli kunlari Isroilga qarshi uyushtirgan hujum qoralanar ekan, Adan koʻrfazi va Qizil dengizdagi savdo kemalariga qarshi uyushtirilgan hujumlar toʻxtatilishi zarurligi aytildi.
Deklaratsiyada, Yamandagi xusiylar tomonidan nazorat ostida ushlab turilgan dengizchilarning ozod qilinishi talab qilindi.
Shuningdek Afrikaning Sahel mintaqasida xavfsizlik, terrorizm, toʻqnashuvlar va oʻz uy – joyidan mahrum qilinganlardan xavotir olinayotgani qayd etildi.
Sahel mintaqasidagi davlatlardan konstitutsiyaviy tuzumga oʻtish jarayonini tezlashtirish talab qilingan deklaratsiyada, G - 7 tarkibidagi davlatlarning yordam berishga tayyorligi taʼkidlandi.
Sudandagi gumanitar vaziyat ham kundan - kunga yomonlashayotgani qayd etilgan deklaratsiyada:
“Tashqaridan ishtirok etayotgan hammani bu olovni kuchaytiruvchi harakatlardan uzoq turishga, sudanliklarni esa milliy muloqotda ishtirok etishga chaqiramiz”, - degan ifodalarga oʻrin berildi.