Bayden va Shols Rossiya va Ukraina o'rtasidagi vaziyatni muhokama qildi

AQSh prezidenti Jo Bayden agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, NATO javob berishga tayyorligini aytdi.

1775387
Bayden va Shols Rossiya va Ukraina o'rtasidagi vaziyatni muhokama qildi

 

AQSh prezidenti Jo Bayden va Germaniya kansleri Olaf Shols 7-yanvar kuni Vashingtonda Ukraina atrofidagi vaziyat, Rossiyani jilovlash va energetika bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.

“Yetakchilar Rossiyaning Ukraina chegaralari yaqinida davomli qo‘shin to‘plashiga javoban ko‘rilayotgan diplomatik va keskinlikni oldini olish sa’y-harakatlarini muhokama qildi. Ular Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini hamda Rossiyaning energiya resurslaridan qurol sifatida foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini tasdiqladi”, — deyiladi Oq uy xabarida.

“Ikki davlat rahbarlari Xitoy muammolari ustida yaqindan ishlashga va g‘arbiy Bolqonda barqarorlik hamda farovonlikni yanada rag‘batlantirishga sodiq”, — deya qo‘shimcha qilgan Oq uy matbuot xizmati.

Bayden Scholz bilan uchrashuvdan so'ng o'tkazgan qo'shma matbuot anjumanida, kun tartibning asosiy mavzusi Rossiyaning Ukrainaga tahdidiga qarshi mushtarak pozitsiyani egallash ekanligini aytdi.

Jo Bayden agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, NATO javob berishga tayyorligini aytdi.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi katta xato bo'lishini va Rossiya Prezidenti Putin uchun buning javobi juda og'ir bo'lishini qayd etgan Jo Bayden: “Men Putinga shaxsan, hamda telefon orqali juda aniq aytdim, biz tarixdagi eng og‘ir iqtisodiy sanksiyalarni qo‘llaymiz”, — dedi.

Tomonlar bu yil “Yettilik guruh”ga Germaniyaning raislik qilishi masalasiga to‘xtaldi.

Bayden Berlin bilan munosabatlarni yanada mustahkamlash va transatlantik sheriklikni chuqurlashtirish istagini yana bir bor tasdiqladi.

Rossiya gazini Germaniyaga olib o‘tadigan “Shimoliy oqim 2” quvurining holati haqidagi savolga Germaniya kansleri Olaf Shols: “Sanksiyalar boʻlsa, biz  birgalikda harakat qilamiz”, - deb javob berdi.

U shuningdek, Normandiya formatida Rossiya, Ukraina, Germaniya va Fransiya o‘rtasidagi diplomatik kanallarni qayta tiklash muhimligini qo‘shimcha qildi.

Ma’lumotga ko’ra, bir haftadan so‘ng Shols Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yuzma-yuz uchrashadi.

Kreml matbuot xizmati ma’lum qilishicha, ikki yetakchi o‘rtasidagi muzokaralar 15-fevral kuni Moskvada bo‘lib o‘tadi. Tomonlar birinchi navbatda Ukraina atrofidagi vaziyatni va Rossiyaga G‘arb tomonidan xavfsizlik kafolatlarini berish masalasini ko‘rib chiqishi kutilmoqda.

So‘nggi paytlarda G‘arb mamlakatlarida, shuningdek, Kiyevda Rossiyaning Ukraina hududiga bostirib kirishi mumkinligi haqida bayonotlar paydo bo‘ldi. Rossiya Federatsiyasi prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday ma’lumotni quruq va asossiz deb atadi.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya hech kimga tahdid solmaydi. Shu bilan birga, Peskov bu kabi bayonotlarni oqlash uchun provokatsiyalar bo‘lishi mumkinligini inkor etmadi va Ukraina janubi-sharqidagi inqirozni kuch ishlatish bilan hal qilishga urinish eng og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.


Tanlangan kalimalar: #Rossiya , #Jo Bayden , #Olaf Shols

Aloqador xabarlar