Turk dunyosiga bagʻishlangan umr - 14

Dasturining bugungi sonida ozarbayjon adabiy tilining shakllanishiga salmoqli hissa qoʻshgan, oʻrta asr turk adabiyotining eng yirik namoyandalaridan biri Fuzuliy haqida soʻz qilamiz.

2124322
Turk dunyosiga bagʻishlangan umr - 14

Fuzuliyning qachon tugʻilgani haqida qoʻlimizda aniq ma’lumot yoʻq. U o‘zining fors tilida qalamga olgan devonida oʻrin olgan bir qasidasida, ellik yildan beri she’r yozganiga e’tibor qaratadi. Biz xuddi shunga asoslanib, shoirning katta ehtimol bilan 1480 – yili yoki shu sanadan bir necha yil keyin tugʻilgan boʻlishi mumkin degan fikrdamiz. Fuzuliy kelib chiqishi jihatidan Oqqoʻyunlilar davrida va shu honadonning idorasi ostidagi Iroq-i Arab deb ataluvchi mintaqada yashagan Oqqoʻyinli turkmanlarining bayot urugʻidandir. Istanbulning Uskudar tumanida joylashgan «Haji Selim og‘a» nomidagi kutubxonada saqlanayotgan «Hadikatus suado» deb nomlangan yozma asarda muallif haqida qayd etilgan ma’lumotga koʻra asli «tatar» ekani borasidagi ifodaning «turk» degan ma’noda ishlatilgani taxmin qilinmoqda.

Shoirning otasi Hille shahri muftiysi bo‘lgani, ilk tahsilini otasidan olgani, keyinchalik Rahmatulloh ismli domladan saboq olgani, hatto ustozining qiziga oshiq boʻlganidan keyin she’r yoza boshlagani haqida rivoyatlar bor ammo bu rivoyatlarning qay darajada toʻgʻri ekani esa noma’lum. Ammo Fuzuliy she’rlaridagi izlardan, ilk adabiy didini ozarbayjon adabiyotining taniqli namoyandasi Habibiydan olgani taxmin qilinmoqdadir. Fuzuliy taʼlim hayoti davomida qulay muhit sharoiti soyasida arab va fors tillarini kamchiliksiz asarlar yoza olish va she’rlar ayta olish darajasida oʻrgangan. Darhaqiqat, turk tilida qalamga olgan devonining muqaddimasida ilmiy faoliyati haqida bir oz ma’lumot berar ekan, shunday deydi: “Men uzoq vaqt aqliy va naqliy ilmlarni oʻrganishga, umrimni hikamiy (falsafiy) va handasiy (geometrik) bilimlarni olishga sarfladim. Keyin esa tafsir va hadis ilmlari bilan shug‘ullandim”. Forscha devonining muqaddimasida ham o‘ziga xos badiiy qobiliyati tufayli yoshligida she’riyatga juda berilib ketgani ammo ilmga bo‘lgan ishtiyoqi uni tiyib turgani haqida gapiradi.

Shoirning asl ismi Mehmed, otasining ismi esa Sulaymondir. Fuzuliy uning taxallusi boʻlgan va ham oʻziga tegishli boʻlmagan ishlarga aralashib, keraksiz gaplarni gapiruvchi ham da oliy darajali, ustun va fazilatli degan ma’noni anglatadi. Shoir bu taxallusni nima uchun tanlaganini fors tilidagi devonining muqaddimasida quyidagicha izohlaydi: “She’r yozishni boshlaganimda bir necha kun taxallus tanlash haqida o‘yladim. Men tanlagan taxallusga bir necha vaqt oʻtgach sherik paydo boʻlgani bois boshqa taxallus olishga qaror qildim. Va nihoyat mendan oldin yashab oʻtgan shoirlarning iboralar uchun emas, taxallus uchun kurashayotganini tushunib yetdim. Chalkashliklarni bartaraf etish uchun Fuzuliy taxallusini tanladim. Men bu taxallusni hech kim yoqtirmasligi va shuning uchun uni talashmasliklarini taxmin qilganim uchun adashlik tashvishidan xalos boʻldim. Qolaversa men, Allohning marhamati bilan barcha ilm va fanlarni o‘z nafsida toʻplagan bir inson sifatida yashardim. Taxallusim ham shu maqsadni o‘z ichiga oladi”.

Fuzuliyning vaqti - vaqti bilan Tabriz, Anadoʻlu va Hindiston kabi joylarga sayohat qilish istagi kuchli boʻlsa - da, oʻzi tugʻilib oʻsgan Iroq hududidan tashqariga chiqish imkoniyatini topa olmagani ma’lum. Uning hayoti Karbalo, Hilla, Najaf va Bag‘dodda o‘tgan.    

Qonuniy Sulton Sulaymon 1534 - yili Bag‘dodni fath etishi ortidan Fuzuliy unga atab beshta qasida taqdim etgan. Fuzuliy Qonuniydan tashqari sadri a’zam Maqbul Ibrohim poshsho, qoziaskar Abdulqodir Chalabiy, nishonchi Jalolzoda Mustafa Chalabiy kabi shaxslarga ham qasidalar bagʻishlagan. Shuningdek, Bagʻdod safarida ishtirok etgan shoirlardan Hayoliy bey va Toshlijali Yahyo bey bilan ham tanishgani hamda ular bilan doʻstona munosabatda boʻlgani manbalarda qayd etilmoqdadir.

Fuzuliy 1556 - yili Bag‘dod va uning atrofida keng tarqagan vabo kasalligi yuzasidan olamdan o‘tgan. Rivoyatlarga ko‘ra Karbaloda vafot etgan ammo maqbarasi haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Mutaffakkir va shoir bo‘lgan Fuzuliy she’r haqidagi fikrlarini turk tilida qalamga olgan muqaddimasida “Ilmsiz she’r poydevorsiz devordek, poydevorsiz devor esa umuman e’tiborsiz”, - degan so‘zlar bilan izoh etgan. Muqaddimada keyinchalik ishqiy she’rlar yozgani lekin ularning uzoq umrli bo‘lmasligini tushunib yetgach kechayu kunduz o‘qib, izlanib butun ilmlarni o‘rgangani haqida yozgan. Fuzuliyning fikricha, she’r insonlarni ulug‘lovchi ilohiy ne’matdir.

Alloh taolo she’r qobiliyatini kamdan – kam bandalariga nasib qilgan. Zebu – ziynatga muhtoj bo‘lmaganlari uchun hatto payg‘ambarlarga ham bermagan. Fuzuliyni turk adabiyotining eng buyuk namoyandalaridan biri qilgan xusus, uning samimiyati, shijoati, soddaligi, sezgirligi va ifoda qudratidir. Fuzuliy muhabbatni, iztirobni, dunyoviy zavq va boyliklarining bekorligini va hech kim qochib qutula olmaydigan o‘lim fikrini g‘ayrioddiy lirika va badiiy kuch bilan ifoda eta olgan. Fuzuliyning shon - shuhrati, obru – e’tibori va kuchi hali u hayotligidayoq butun turk - islom davlatlariga tarqala boshladi. Turk - islom olamida uning nomi nafaqat ulug‘ shoir sifatida balki avliyolik darajasiga ko‘tarilgan va hatto Alloxga bo‘lgan muhabbatni yodga solgan. Fransuz tadqiqotchisi Elliot Fuzuliyning islom madaniyati va adabiyotining asosiy tillaridan arab, fors va turk tillarini munosib foydalana olgan komil inson ekanini ta’kidlaydi va hatto boshqa shoirlarning ham bu borada Fuzuliyni taqlid qilganiga e’tibor qaratdi.

Fuzuliy islom olamining buyuk qismida taniqli edi. Buning sababi, uning bu uch tilda mohirona she’rlar yozganligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shoir Iroqda, ozarbayjon turkchasida so‘zlashilgan mintaqada yashovchi turkmanlardandir. Shu bois ham tilida, nomi tilga olingan shevaning xususiyatlarini his qilishimiz tabiiy holdir.

Fuzuliyning ishq she’rlarining asrlar davomida sevilib o‘qilishining sababini esa tajriba, yolg‘izlik va abadiy sog‘inchning sitqi dildan yetkazib berilishida ahtarish lozim. Mizojining she’riyatida aks etishi, san’atining qudratini tashkil etadi.

Fuzuliy o‘z davridan e’tiboran ham devon, ham da xalq shoirlari tomonidan yo‘qtirilgan va sevilgandir. Uning she’rlari va ayniqsa g‘azallariga nazira aytmagan devon shoiri bo‘lmasa kerak. Hatto barcha tarjimai hollarida boshqa hech qaysi shoirlarga nasip bo‘lmagandek darajada katta va alohida hurmat - ehtirom ko‘rsatilgan.

Fuzuliy, turk adabiyotida she’rlari bastalangan shoirlar orasida eng yetakchi o‘rinda turadi. Haligacha notasi bor, tanilgan va ijro etilgan 100 dan ortiq asar Fuzuliy qalamiga mansub. Shular ichida “Mani jondan usondirdi, jafodan yor usonmasmi” misralari o‘n marotaba, “Shunday sarmastmanki, dunyo nima ekanini idrok etolmayapman” misrasi bilan boshlagan she’r esa sakkiz marotaba turli formlarda bastalangan.

Fuzuliyning turk, fors va arab tilida alohida – alohida qalamga olingan devonlaridan tashqari “Suv qasidasi”, Layli va majnun” kabi 15 ta asari bugungi kungacha yetib kelgan.

 Dastur, TRT Turkiya ovozi radiosi uchun Nazgul Qadirova tomonidan tayyorlandi.

 


Tanlangan kalimalar: #ozarbayjon adabiy tili , #shoir , #Fuzuliy

Aloqador xabarlar