O‘zbekistondan xabarlar - 62

O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi o‘tkazilmoqda

2070495
O‘zbekistondan xabarlar - 62

Xabar qilinganidek, O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi o‘tkazilmoqda. Uning doirasida Senatda konferensiya tashkil etildi.

Unda Barqaror rivojlanish uchun tinch va ochiq jamiyatga ko‘maklashish, hamma odil sudlovdan foydalanishini taʼminlash va samarali, hisobdor va keng ishtirok etishga asoslangan institutlarni yaratishga ko‘maklashish masalasiga eʼtibor qaratildi.

Tadbirda senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralar, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar, OAV vakillari va ekspertlar ishtirok etdi.

Parlament, vazirlik va idoralar vakillari taʼkidlaganidek, sud tizimining haqiqiy mustaqilligini taʼminlash bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi hamda odil sudlovga erishish kafolatini kuchaytirish maqsadida Oliy sud tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Davlat organlarining ochiqligi va shaffofligini yana-da oshirishga qaratilgan amaliy tadbirlar tufayli korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ham sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi.

Bundan tashqari, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Ayollarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlik holatlarini barvaqt aniqlash uchun qisqa raqamli “1259” koll-markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 8 mingga yaqin ayollarga huquqiy psixologik yordam ko‘rsatildi.

“Oilaviy zo‘ravonlik” ilk bor alohida qilmish sifatida baholanib, uni sodir etgan shaxslar uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik normalari belgilandi.

Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan davlat boshqaruvida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilayotgani, buning natijasida aholining ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi folligi ortayotganligi qayd etildi.

Xususan, “regulation.gov.uz” normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida hozirgi kunga qadar muhokamaga qo‘yilgan 21 408 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi bo‘yicha fuqarolar tomonidan 61 778 ta taklif kelib tushgan.

Muhokama davomida O‘zbekistonda amalga oshirilgan qator islohotlar dunyo hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilganiga alohida urg‘u berildi.

Konferensiyada mamlakatning barqaror rivojlanishida qonun ustuvorligini taʼminlash, davlat boshqaruvida jamoatchilik ishtirokini yana-da kengaytirish, zo‘ravonlik, ayniqsa, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish muhim omillar ekani taʼkidlandi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda davlat boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni muntazam ravishda xabardor qilish, tazyiq va zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan xotin-qizlar va bolalar manfaatini o‘z vaqtida himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishda jamoatchilik yordamidan foydalanish kabi qator tavsiyalar berildi. 

Senatda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik bo‘yicha II global forumning tashkiliy qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Tashkiliy qo‘mita, Barqaror rivojlanish maqsadlarini nazorat qilish bo‘yicha parlament komissiyasi aʼzolari, senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Maʼlumki, O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda, xalqaro maydonda ilg‘or tashabbuslar ilgari surilmoqda. Natijada, O‘zbekiston bu borada butun dunyoga namuna sifatida ko‘rsatilmoqda.

Ushbu ishlarni davom ettirish maqsadida joriy yilning noyabr oyida O‘zbekistonda ilk marotaba Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi tashkil etilmoqda. Ushbu oylik 30-noyabr kuni Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha II global forumni o‘tkazish bilan yakunlanadi.

Tadbirda 100 ga yaqin xorijiy parlament rahbarlari va vakillari, xalqaro parlamentlararo tashkilot rahbarlari, xalqaro tashkilot vakillari, xorijiy ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Yig‘ilish davomida II global forumga tayyorgarlik ishlarining joriy holati, tadbirni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar, forum kun tartibi, uning mazmuni xorijiy mamlakatlar delegatsiyalari bilan ikki tomonlama uchrashuvlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, tadbirni yuqori saviyada tashkil etishga masʼul vazirlik va idoralarning o‘zaro hamkorlik qilish algoritmlari belgilab olindi.

Majlisda forum yakuni bo‘yicha qabul qilinadigan Toshkent kommyunikesi hamda BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati ishtirokini kengaytirish to‘g‘risidagi”gi rezolyutsiyasi loyihasini puxta va mukammal ishlab chiqish, ushbu hujjatlar loyihalari yuzasidan barcha davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va xorijiy ekspertlarning fikrini inobatga olish vazifalari belgilandi.



Aloqador xabarlar