O'zbekistondan xabarlar-55
Senatning xalqaro hamkorlik sohasidagi faoliyati
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva 2023-yil 9-oktabr kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasining (UNICEF) Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Regina De Dominitsis bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va UNICEF o‘rtasidagi hamkorlikning muhim jihatlari ko‘rib chiqildi, aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.
Keyingi yillarda O‘zbekistonning BMT institutlari, xususan UNICEF bilan munosabatlari faollashgani, mamlakatimizda qator yirik qo‘shma tadbir va loyihalar amalga oshirilayotgani, bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ularning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar samarasini ta’minlashda tuzilmaning o‘rni alohida ekani qayd etildi.
Muloqot davomida perinatal salomatlik, bolalar o‘sishi hamda rivojlanishi holatini o‘rganishga oid 2024–2025-yillarda Oziqlanish bo‘yicha ikkinchi milliy tadqiqotni o‘tkazish, bolalarda irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash samaradorligini oshirish, shuningdek, bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish borasida amaliy hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Ta’lim, inklyuziv ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarining huquqiy-institutsional asoslarini takomillashtirish borasida ham fikr almashildi.
UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida multiindikator klaster kuzatuvlari (MICS)ni o‘tkazish qamrovini yanada kengaytirish hamda ushbu tadqiqotga mutasaddi davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarini yanada keng jalb qilish yuzasidan sa’y-harakatlarni birlashtirishga kelishildi. Shuningdek, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ijro etish bo‘yicha milliy harakatlar rejasini yaqin fursatda qabul qilish zaruratiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning UNICEF bilan konstruktiv hamda samarali hamkorligini amaliy loyihalar bilan mustahkamlashga kelishib olindi.
10 oktyabr kuni esa Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakala bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarining turli yo‘nalishlari, xususan, savdo-iqtisodiy, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
“Yevropa Ittifoqi – O‘zbekiston” parlament hamkorligi qo‘mitasi doirasida tashkil etilayotgan samarali muloqotlar parlamentlararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim mexanizm ekani alohida taʼkidlandi. 2024-yil uchun Oliy Majlis Senati va Yevropa parlamenti o‘rtasida amaliy chora-tadbirlarning alohida rejasini ishlab chiqish va qabul qilish taklifi ilgari surildi.
Suhbat davomida iqtisodiy hamkorlik masalalariga asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida eʼtibor qaratildi. Ayni paytda savdo aylanmasi barqaror o‘sishda davom etmoqda. Yil boshidan buyon bu boradagi ko‘rsatkich 35 foizga oshdi. Yevropaning yetakchi kompaniyalari bilan yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. “GSP+” rejimi sifatli o‘zbek mahsulotlarini Yevropa bozoriga eksport qilishning rag‘batlantiruvchi omiliga aylandi. Shu nuqtai nazardan mazkur rejimni yangi muddatga uzaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Mintaqaviy darajada yo‘lga qo‘yilgan muloqot, xususan, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” hamkorlik formati munosabatlarni yana-da rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim platformaga aylangani qayd etildi.
Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari muloqoti va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish kabi takliflar muhokama qilindi. Bunda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi bilan hamkorlikda Bryusselda o‘tkazilishi rejalashtirilgan muloqotning navbatdagi yig‘ilishi muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi. Mazkur tadbir gender tengligi, ayollar huquq va manfaatlarini ilgari surish kabi yo‘nalishlarda Yevropa Ittifoqining tajribasi bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berishi bilan birga, hamkorlikning yangi bosqichiga turtki vazifasini o‘tashi aytib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida ko‘p qirrali hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish, o‘zaro muloqotlar izchilligini taʼminlashga kelishib olindi.