Yevrosiyo kun tartibi-48
Dasturimizning bugungi sonida, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari o‘tasida Qirg‘izistonda uyushtirilgan navbatdagi Maslahat uchrashuvi haqida soʻz qilamiz.
2022-yilning 21-iyuli kuni Qirg‘izistonning Cho‘lpon-ota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Tojikiston va Turkmaniston Prezidentlari ishtirok etdi.
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mezbonlik qilgan uchrashuvda mintaqaviy hamkorlik, Afg‘onistondagi vaziyat va o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi. Qirg‘iziston Prezidenti yig‘ilishda so‘zlagan nutqida mintaqaviy integratsiya tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Ishik-Ko‘l bo‘yida o‘tkazilgan yig‘ilishda Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mintaqada umumiy telekanal yoki sayt ochilishini taklif qildi. Umumiy ko‘z qarash, mushtarak tushuncha va yagona siyosatni shakllantirish nuqtai nazaridan Prezident Toqayevning taklifi muhimdir. Qozog‘iston Prezidenti shuningdek, Cho‘lpon-otada taniqli qozoq ziyolisi Muxtor Auezov byustini ochdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy integratsiya yo‘lida shu kungacha amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib, mintaqaviy forumlar, mintaqaviy madaniyat, san’at kunlari va boshqa tadbirlarni besh mamlakatning birgalikda uyushtirishi zarurligini ta’kidladi. Prezident Mirziyoyev, iqtisodiy integratsiya uchun mamlakatlarning chegaradosh hududlarida erkin savdo zonalarini ko‘paytirish muhimligiga e’tibor qaratdi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov transport sohasida hamkorlik qilishni taklif qildi. Sharq-G‘arb va Janub-Shimol yo‘nalishidagi yuk tashishda O‘rta Osiyo Respublikalarining ahamiyati kundan kunga ortib bormoqda. Shu bois ham mintaqaning besh respublikasi muhim tranzit mamlakatlarga aylanish salohiyatiga ega.
Uchrashuv yakunida davlat rahbarlari qoʻshma bayonotni imzoladilar. Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston prezidentlari XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish bo‘yicha do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘l qo‘ydilar. Maʼlum qilinishicha Turkmaniston bilan Tojikiston prezidentlari oʻz mamlakatlarida ichki protseduralar bajarilgandan soʻng ushbu shartnomaga doxil bo‘ladilar. Bundan tashqari yetakchilar, “Yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturi va 2022-2024-yillarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni qabul qildilar.
Turkmaniston bilan Tojikistonning mintaqaviy integratsiyani tezlashtiradigan kelishuvni imzolashda kechikishi, nomi tilga olingan mamlakatlarda ijtimoiy taraqqiyot va ichki siyosat jarayonlarining qo‘shnilaridan bir oz farqli ekanidan dalolat bermoqda. Bu vaziyat mintaqaviy integratsiyani murakkablashtiradi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi Maslahat uchrashuvida mintaqa iqtisodiyotidagi vaziyat ham muhokama qilindi. Rossiyaga nisbatan kiritilgan sanksiyalar mintaqa iqtisodiyotiga ta’sir qilmoqda. Mintaqa davlatlari Gʻarb va Rossiya bilan bo‘lgan munosabatlarida muvozanatni saqlashga, Rossiya-Gʻarb mojarosidan iqtisodiy zarar koʻrmaslikka intilmoqda. Shuningdek, mintaqa davlatlari jihatidan nomi tilga olingan inqirozni fursatga aylantirish imkoniyati ham mavjud.
Qirgʻiziston Prezidenti Japarov Ozarbayjonning navbatdagi maslahat uchrashuvida faxriy mehmon sifatida ishtirok etish istagini bildirdi. Bu taraqqiyot Turkiston-Kavkaz mintaqaviy hamkorligini rivojlantirish nuqtai nazaridan nihoyatda muhimdir.
Xulosa qilib aytganda, Cho‘lpon-otadagi yig‘ilishda Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiya uchun muhim qadamlar tashlandi. Jahon siyosatidagi o‘zgarishlar Markaziy Osiyo davlatlarini ham yaqin kelajakda mintaqaviy integratsiya bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilishga majbur qilishi mumkin.
Aloqador xabarlar
Yevrosiyo kun tartibi-49
Dasturimizning bugungi sonida Turkiy Respublikalar kun tartibidagi muhim voqealarga to‘xtalamiz.