Turk olamidan xabarlar 13-qism

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yilning 22-23 mart kunlari rasmiy tashrif bilan Qozog’istonda bo’ldi.

702455
Turk olamidan xabarlar 13-qism

 

Birinchi xabarimiz turk dunyosi bilan bog’liq.

Turkiston shahrining turk dunyosi madaniyat poytaxti deb e’lon qilinishi munosabati bilan o’tkazilgan tadbirga 22 davlatdan 300ga yaqin san’atkor tashrif buyurdi.

Yevropa va Osiyo qit’asidan kelgan yosh iste’dodli san’atkorlar Xoja Ahmad Yassaviy yashab o’tgan muqaddas tuproqlarda to’planib, turk madaniyatining mushtarak qadriyatlaridan biri Navro’z bayramini va Turkiston shahrining turk dunyosi madaniyat poytaxti deb e’lon qilinishini qutladi.

Janubiy Qozog’iston hokimiyati mezbonligida amalga oshirilgan tantanali marosimning ochilishi Qozog’iston Respublikasi Sport va madaniyat vaziri Aristanbek Muhamediuli, Janubiy Qozog’iston hokimi Janseyit Tuymebayev va TURKSOY bosh kotibi Dusen Kaseinov tomonidan amalga oshirildi.

Ochilishda Qozog’iston Respublikasi Sport va madaniyat vaziri Aristanbek Muhamediuli so’zga chiqdi.

U so’zlagan nutqida Navro’z bayrami butun dunyoga mo’l-ko’lchilik, qut-baraka  olib kelishini tiladi.

Ushbu tadbirni tashkil qilishda mehnati singgan barchaga minnatdorchilik bildirgan Aristanbek Muhamediuli marosim doirasida rejalashtirilgan faoliyatlar haqida ma’lumot berdi.

Marosimda o’z navbati bilan Janubiy Qozog’iston hokimi Janseyit Tuymebayev ham so’zga chiqdi.

U so’zlagan nutqida, Turkistonning turk dunyosi madaniyat poytaxti deb e’lon qilinganidan baxtiyor ekanini tilga oldi.

“Turk dunyosining yetakchisi prezident Nursulton Nazarbayev bundan ko’p yillar muqaddam TURKSOY tashkiloti kelgusida turk dunyosining UNESCOsi bo’lishiga umidvorligini tilga olgandi. TURKSOY bugungacha amalga oshirgan ulkan loyihalari bilan allaqachon bu unvonga musharraf bo’ldi. Turkiston shahri sifatida Turk dunyosi madaniyat poytaxti unvonini kelgusida boshqa shaharlarga ham muvaffaqiyatli topshiramiz”,-deydi Janseyit Tuymebayev.

TURKSOY bosh kotibi Dusen Kaseinov esa, madaniyat poytaxti loyihasi asosida turk dunyosi shaharlari madaniy va ijtimoiy jihatdan taraqqiy etganini tilga olib, bu loyihani ro’yobga chiqarishda TURKSOYga berilgan yordamlar uchun a’zo davlatlarning rahbarlariga minnatdorchilik bildirdi.

21 mart kuni Turkiston shahrida bo’lib o’tgan ochilish marosimi ayni paytda, har yili an’anaviy ravishda o’tkazilgan TURKSOY matbuot mukofotlari marosimiga ham mezbonlik qildi. Marosim doirasida dunyoning turli mamlakatlarida amalga oshiriladigan tadbirlar asosida turk madaniyatining rivojiga katta hissa qo’shgan media tashkilotlariga TURKSOY matbuot mukofoti taqdim etildi.

2010 yildan beri taqdim etilib kelinayotgan TURKSOY matbuot mukofotlari bu yil 7 davlatdan jami 14 nafar matbuot xodimiga topshirildi.

 

Navbatdagi xabarimiz Ozarbayjondan olingan.

Turk dunyosining mushtarak ovozi TRT-Avaz telekanali 8 yoshga to’ldi.

 TRT-Avaz telekanali mana 8 yildan beri turk dunyosi haqidagi turli dastur va ko’rsatuvlari bilan tomoshabinlarga manzur bo’lib kelmoqda.

TRT-Avaz bundan 8 yil muqaddam “Mushtarak geografiyaning jarangdor ovozi” degan shior bilan 2009 yil 21 mart kuni o’z faoliyatini boshlagan edi.

Turk dunyosining mushtarak bayrami Navro’z kuni Ozarbayjonning poytaxti Baku shahridagi Haydar Aliyev madaniyat markazida TRT-Avazning 8 yilligi munosabati bilan katta konsert dasturi o’tkazildi.

Mazkur konsert dasturini 26 davlat va 15 nafar avtonom respublikadan jami 300 mln kishi tomosha qilish baxtiga muyassar bo’ldi.

 

Navbatdagi xabarimiz Qozog’istondan olingan.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yilning 22-23 mart kunlari rasmiy tashrif bilan Qozog’istonda bo’ldi.

Oqo’rda qarorgohida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi o’tkazildi.

 Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O’zbekiston va Qozog’iston davlat madhiyalari yangradi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev faxriy qorovul safi oldidan o’tdilar.

Bu haqda O’zbekiston Respublikasi prezidentining matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

Ushbu ma’lumotga ko’ra, prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvida O’zbekiston va Qozog’iston o’rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilingan, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashilgan.

O'zbekiston Respublikasi prezidentining matbuot xizmati internet portalida o'rin olgan ma'lumotga ko’ra, Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat o’rtasidagi yaxshi qo’shnichilik va hamkorlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidlab,

– O’zbekiston va Qozog’iston yaqin qardosh, asrlar davomida sinalgan sheriklardir. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov vafotidan keyingi og’ir damlarda bu yaqinlik yana bir bor namoyon bo’ldi. O’zbek xalqi Qozog’iston xalqining hamdardligini, qo’llab-quvvatlaganini chuqur his etdi va buni hech qachon unutmaydi. Ohirgi 5 yilda aloqalarimiz yana ham rivojlandi. Tijoriy va iqtisodiy aloqalarimiz yuqori pog’onalarga chiqdi. Mana biznes forumiga O’zbekistondan 250 nafar tadbirkor qatnashdi. Mamlakatlarimiz o’rtasidagi hamkorlik yuksak ishonch va o’zaro hurmat asosida rivojlanmoqda. Turli darajadagi aloqalar faollashgani mamlakatlarimiz ko’p qirrali munosabatlarni kengaytirishdan birdek manfaatdor ekanining tasdig’idir, – deya ta’kidlagan.

Nursulton Nazarboyev Shavkat Mirziyoyevning Qozog’istonga davlat tashrifi bilan kelgani ikki davlat o’rtasida oliy maqomdagi muloqotlarning mantiqiy davomi, tomonlarni qiziqtirgan masalalarni muhokama etish uchun qulay imkoniyat ekanini ta’kidlab,

– Sizning tashrifingiz Navro’z bayrami kunlariga to’g’ri kelgani qadamingiz qutlug’ligidan dalolatdir. Qozog’iston bilan O’zbekiston munosabatlari har doim do’stona va samarali bo’lgan. O’zbekistonning birinchi prezidenti, mening qadrdon do’stim Islom Karimov ulkan hissa qo’shgan bunday yaqin hamkorlikni Siz bilan izchil davom ettirmoqdamiz. Keyingi besh oyda mamlakatlarimiz o’rtasidagi savdo aylanmasi 30 foiz o’sgani, o’zaro yangi mahsulotlar yetkazila boshlagani buning tasdig’idir. Tashrifingiz doirasida o’tayotgan biznes-forumda qariyb 1 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi. Jumladan, forumda tariximizda birinchi marta 1 mlrd dollar qiymatida jami 75 ta shartnoma imzolandi. Sizning ushbu tarixiy tashrifingiz mamlakatlarimiz hamkorligini yangi bosqichga ko’taradi”, – deya ta’kidlagan.

Eslatib o’tish joizki, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev dastlabki chet el ziyoratini Turkmanistonga amalga oshirgan edi.

Mirziyoyevning ikkinchi ziyoratini Qozog’istonga amalga oshirgani O’zbekistonning qo’shni davlatlarga va mintaqaviy hamkorlikka qanchalik ahamiyatini namoyon qiladi.

 

 

 

 



Aloqador xabarlar