TDTga a'zo mamlakatlarda savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanib bormoqda

Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi eng qisqa transkontinental yo‘nalishlar turkiy davlatlar orqali o‘tadi, shuning uchun ularning birlashuvi nafaqat tranzit yuk tashish hajmining oshishiga, balki Yevrosiyo qit’asining rivojlanishiga hissa qo'shadi.

1899144
TDTga a'zo mamlakatlarda savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanib bormoqda

 

Bugungi kunda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanib bormoqda.

Xususan, o‘tgan yilda O‘zbekiston Respublikasining TDTga a’zo mamlakatlar bilan tashqi savdo aylanmasi 8,3 milliard dollarni tashkil etdi. Shundan eksport hajmi 3,1 milliard dollarni, import hajmi 5,3 milliard dollarni tashkil etdi.  

O‘zbekistonning TDT davlatlari bilan 2021 yilda yuk tashish hajmi 27,6 million tonnani tashkil etgan bo‘lib, shundan 80 foizdan ortig‘i temir yo‘l, 18 foizdan ortig‘i esa avtomobil transporti hissasiga to‘g‘ri kelgan.  

Transport va kommunikatsiya sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlash iqtisodiy aloqalarning yanada taraqqiy etishi va TDTga a’zo mamlakatlar hamda mintaqalarning umumiy rivojlanishida muhim o‘rin tutadi.  

Ayni shu jihatlarni inobatga olgan holda 2021 yil 12 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining 8-sammitidagi nutqida transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish zarurligiga e’tibor qaratgan edi.  

Davlat rahbari o‘z nutqida ta’kidlaganidek, turkiy xalqlar yashab kelgan mintaqalar ming yillar davomida Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida transport va savdo ko‘prigi vazifasini bajargan.  

Bugun dunyoda kuzatilayotgan vaziyat transport-kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirish va tashqi savdo yuklari tashiluvchi marshrutlarni diversifikatsiya qilishda umumiy yondashuvlarni talab etmoqda. Mavjud vaziyatni hisobga olgan holda muqobil transport yo‘nalishlarini rivojlantirish, TDTga a’zo mamlakatlar va mintaqa davlatlari bilan hamkorlikda xalqaro yuk tashuvlari jarayonlarini yanada yengillashtirish, raqamli texnologiyalarni sohada joriy qilish va mintaqaning tranzit salohiyatini oshirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Shuni ta’kidlash lozimki, Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi eng qisqa transkontinental yo‘nalishlar turkiy davlatlar orqali o‘tadi, shuning uchun ularning birlashuvi va integratsiyalashuvi nafaqat tranzit yuk tashish hajmining oshishiga, balki Yevrosiyo qit’asining barcha mamlakatlari rivojlanishiga faol hissa qo‘shadi.  

Tashkilotning ta’sir doirasidagi 4 million kvadrat kilometr maydonda qariyb 200 million aholini qamrab oluvchi makon – bu katta bozordir. Qolaversa, Markaziy Osiyo mintaqasidagi turkiy tilli davlatlarda ishlab chiqarilgan turli tovarlarning Yevropa bozorlariga eksportini tashkil etishda Ozarbayjon va Turkiya Respublikasi transport yo‘laklari juda samarali.  

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining o‘tgan yilgi Sammiti doirasida davlat rahbarlari bir ovozdan mavjud va istiqbolli mintaqaviy transport yo‘laklaridan a’zo davlatlarning umumiy manfaatlari yo‘lida foydalanish va ularni Transkaspiy xalqaro transport koridoriga "Sharq-G‘arb" yo‘nalishida integratsiya qilish tarafdori ekanliklarini ma’lum qilishgandi.  

Transkaspiy xalqaro transport koridorini "Sharq-G‘arb" yo‘nalishida rivojlantirishning qo‘shma maqsadi "Turkiy dunyo nigohi-2040" strategik hujjatida o‘z ifodasini topdi.  

Qayd etish joizki, O‘zbekiston Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi "Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Kaspiy dengizi – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya – Yevropa", "Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Qozog‘iston – Kaspiy dengizi – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya – Yevropa" yo‘nalishlaridan faol foydalanmoqda. Qolaversa, TDT hamkorligi doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Turkiya tomonlari ishtirokida Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.  

Zero, Prezidentning 2021 yil mart oyida bo‘lib o‘tgan Turkiy kengashning norasmiy sammitidagi nutqida ta’kidlanganidek, Markaziy Osiyo orqali asosiy jahon bozorlariga, jumladan, Xitoy, Hindiston, Pokiston va boshqa Osiyo mamlakatlariga, shuningdek, Ozarbayjon va Turkiya orqali Yevropa bozorlariga chiqishni ta’minlash muhim ahamiyatga ega.  

Bugungi kunda Hindiston va Pokistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari hamda Xitoy bilan tovar ayirboshlash umumiy hajmining 97 foizi dengiz orqali amalga oshiriladi.  

Quruqlikda va multimodal transport koridorlari salohiyatidan yanada samarali foydalanish uchun TDT mamlakatlari va boshqa mintaqalar o‘rtasida global uzluksiz yetkazib berish zanjirini yaratuvchi yagona transport tarmog‘ini shakllantirishni yakunlash zarur.  

Bu yo‘nalishda "Termiz–Mozori-Sharif–Kobul–Peshovar" va "Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston" temir yo‘llarini qurish loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu loyihalar bo‘yicha qurilish ishlari yakuniga yetkazilgunga qadar, multimodal tashuvlarni tashkil etish orqali transport yo‘laklari ishini yo‘lga qo‘yish lozim.  

Mazkur yo‘nalishda tomonlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan "Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Afg‘oniston" transport yo‘lagini rivojlantirish maqsadida joriy yilning sentyabr oyida "Qashg‘ar – O‘sh – Andijon – G‘alaba – Hayraton" yangi tranzit yo‘nalishi bo‘ylab konteyner yuk poyezdining sinov qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Yo‘nalishda ishtirok etuvchi davlatlar o‘z mamlakati hududi orqali tashish uchun tarif imtiyozlarini taqdim etdilar.  

Yuqoridagi loyihalarni amalga oshirish natijasida xalqaro transport yo‘laklarining samaradorligi oshadi. Yangi xalqaro transport yo‘laklarini shakllantiradi. TDT mamlakatlariga yangi bozorlarga chiqishni ta’minlab, yo‘nalishlarni diversifikatsiya qilish, tashish geografiyasini kengaytirish, shuningdek, qo‘shimcha tranzit hajmlarini jalb qilish imkonini yaratadi.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining 8-sammitida "Turkiy davlatlar tashkilotining transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik dasturi"ni ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgan edi.  

Bunday dasturga ehtiyoj so‘nggi paytlarda O‘zbekiston va boshqa turkiy mamlakatlarda transport infratuzilmasini rivojlantirish, transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, tranzit bilan bog‘liq jarayonlarni soddalashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilgani bilan bog‘liq.  

Biroq turkiy davlatlar transport tizimining integratsiyalashuv jarayoni to‘liq yakunlangani yo‘q. Shu munosabat bilan O‘zbekiston rahbari tomonidan taklif etilgan transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik dasturi tegishli infratuzilmani yaratishda tashkilotga a’zo mamlakatlar faoliyatini muvofiqlashtirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.  

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti transport vazirlari majlisi yakunlari bo‘yicha ikki muhim hujjat kelishildi. Bular O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida xalqaro aralash yuk tashish to‘g‘risida bitim va O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziriligi tomonidan ishlab chiqilgan Transport sohasida o‘zaro bog‘liqlik Dasturi.  

Mazkur hujjatlar turkiy davlatlar hududidan o‘tuvchi transport yo‘laklarini tizimlashtirish, ularning hududida transport harakatini ko‘paytirishga ko‘maklashadi. Shu bilan birga, transport yo‘laklarining jozibadorligini oshirish, mamlakatlar transport infratuzilmasining ilg‘or rivojlanishini rag‘batlantirish ishlarini amalga oshirishga xizmat qiladi.  


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #TDT

Aloqador xabarlar