Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Qirg‘izistonga tashrif buyurdi

Ozarbayjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyevning tashrifi doirasida Qirg'iziston-Ozarbayjon taraqqiyot jamg'armasini tashkil etish bo'yicha kelishuv imzolandi.

1891593
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Qirg‘izistonga tashrif buyurdi

 

Ozarbayjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyev kecha, 11 oktyabr kuni Qirg‘izistonga rasmiy tashrif bilan keldi.

Bishkekdagi “Manas” xalqaro aeroportida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov kutib oldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga rasmiy kutib olish marosimi o'tkazildi. Faxriy qorovul saf tortdi. Davlat rahbarlari Qirg’iziston va Ozarbayjon bayroqlari oldida suratga tushdi.

Shu kunning o‘zida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ishtirokida Ozarbayjon va Qirg‘iziston Davlatlararo kengashining tor doiradagi birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Davlatlararo kengashning kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishida tomonlar savdo, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik, shuningdek, Qirg‘iziston va Ozarbayjonning xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy birlashmalar doirasidagi o‘zaro hamkorligi masalalarini muhokama qildilar.

Japarov Qirg’iziston-Ozarbayjon Davlatlararo Kengashining birinchi yig’ilishida so’zlagan nutqida Ozarbayjon tadbirkorlarini Qirg’izistonga sarmoya kiritishga taklif qildi va qardosh Ozarbayjon bilan har sohada hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.

Aliyev Qirg'iziston bilan munosabatlarni yaxshilash istagi borligini ma'lum qildi.

Turk dunyosi yangi salohiyatga ega bo'la boshlaganiga diqqat qaratgan Aliyev, "Turk dunyosiga mansub davlatlarning qardoshlik munosabatlariga Ozarbayjon singari Qirg’iziston ham katta hissa qo’shmoqda, kelasi oy bo’lib o’tadigan sammitda birligimiz yanada mustahkamlanadi”,-dedi.

Aliyevning tashrifi doirasida Qirg'iziston-Ozarbayjon taraqqiyot jamg'armasini tashkil etish bo'yicha kelishuv imzolandi.

Prezidentlar jamg‘arma xalqaro tashkilot bo‘lishini qo‘shimcha qilgan. Jamg‘armaning ustav kapitali 25 million dollarni tashkil etadi, shtab-kvartirasi Bishkekda joylashadi. 

Ilhom Aliyev ushbu jamg‘armani tashkil etish muhimligini ta’kidladi, uning so‘zlariga ko‘ra, bu jamg‘arma taraqqiyot, sarmoya jalb etish, ish o‘rinlari yaratish va savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlikni kengaytirish uchun yanada zarur shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Shuningdek, tomonlar, o‘simliklar karantini sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha hukumatlararo bitimni ham imzolagan. 

Bundan tashqari, ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklarining 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik, Ozarbayjon va Qirg‘iziston savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumlari imzolangan. 

Qolaversa, Bishkek va Baku o‘rtasida qardosh shahar munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha memorandum imzolangan. 

 



Aloqador xabarlar