Armanlar Ozarbayjon armiyasi pozitsiyalariga hujum qildi

Ozarbayjon armiyasining Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga arman qurolli tuzilmalari kuchli o‘t ochdi. Hujum oqibatida 1 harbiy halok bo‘ldi.

1863524
Armanlar Ozarbayjon armiyasi pozitsiyalariga hujum qildi

 

Ozarbayjon armiyasining Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga arman qurolli tuzilmalari kuchli o‘t ochdi. Hujum oqibatida 1 harbiy halok bo‘ldi. Bu haqda Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Hodisa 3 avgust kuni tongda sodir bo‘lgan. 

“Rossiya tinchlikparvar kontingenti vaqtincha joylashgan Ozarbayjon hududidagi noqonuniy arman qurolli tuzilmalari a’zolari Ozarbayjon armiyasining Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga kuchli o‘t ochdi.  Oqibatda ozarbayjon askari Anar Kazimov shahid bo‘ldi”, deyiladi vazirlik bayonotida 

Mudofaa vazirligi rahbariyati halok bo‘lgan harbiy xizmatchining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan.

Ta’kidlanishicha, Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari hujumga javoban tegishli choralarni ko‘rmoqda.

Ma’lumotga ko’ra, arman qurolli tuzilmalari Kalbachar va Lochin viloyatlarini qamrab olgan togʻ tizmalaridagi Qirqqiz balandligini egallab, u yerda yangi pozitsiyalar oʻrnatishga harakat qilayotgani qayd etildi.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi “Qasos” amaliyoti o‘tkazilgani va Qorabog‘dagi qator tepaliklar nazoratga olinganini ma’lum qildi.

Tog‘li Qorabog‘ Mudofaa vazirligi xabar qilishicha, ayni vaqtda vaziyat nisbatan sokinlashgan, Tog‘li Qorabog‘ kuchlari rossiyalik tinchlikparvar kuchlar bilan birga vaziyatni barqarorlashtirish ustida ish olib bormoqda. Rasmiy Yerevan Qorabog‘dagi voqealarga hozircha izoh bermadi.

Operatsiya doirasida, arman qurolli tuzilmalariga tegishli bir qancha pozitsiyalar yo‘q qilingan va sobiq Ag’dara viloyatining Yuqori O‘rtag‘ aholi punktidagi harbiy qismga havo hujumi uyushtirilgan.

Hujumda arman qurolli tuzilmalari orasida qurbonlar va yaradorlar borligi, bir necha D-30 gaubitsa qurollari, harbiy mashinalar va ko'plab o'q-dorilarning yo'q qilingani bildirildi.

“Uch tomonlama kelishuvga qaramay, Ozarbayjonning vaqtincha Rossiya Federatsiyasi tinchlikparvar kuchlari joylashtirilgan hududlarida Armaniston harbiy kuchlari va noqonuniy tuzilmalarining saqlanib turgani xavf manbai bo‘lib qolayotganini Ozarbayjon Respublikasi bir necha marta aytib o‘tdi. Bu hududlarni demilitarizatsiya qilish, arman qo‘shinlarini to‘liq olib chiqib ketish va noqonuniy arman harbiy tuzilmalarini qurolsizlantirish shart”, deyiladi bayonotda.

Ozarbayjon hududidagi har qanday terrorchilik harakati va provokatsiyalarga qarshi qat’iy choralar ko’rilishi qayd etildi.

Vazirlik, shuningdek, arman qurolli tuzilmalarining pozitsiyalariga havodan hujum qilinganiga oid tasvirlarni ham e’lon qildi.

 


Tanlangan kalimalar: #Ozarbayjon , #Armaniston

Aloqador xabarlar