Inson huquqlari sohasi bo'yicha O‘zbekiston va Turkiya tajribasi...

Kuni kecha Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazida "Inson huquqlari sohasida taʼlim: O‘zbekiston va Turkiya tajribasi"  mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

1841134
Inson huquqlari sohasi bo'yicha O‘zbekiston va Turkiya tajribasi...

 

Kuni kecha Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazida "Inson huquqlari sohasida taʼlim: O‘zbekiston va Turkiya tajribasi"  mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Ikki mamlakat o‘rtasida inson huquqlari taʼlimi sohasida o‘zaro tajriba almashishga bag‘ishlangan ushbu tadbir Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti raisi Muharrem Qilich boshchiligidagi Turkiya delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida tashkil etildi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov va Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti raisi Muharrem Qilich davra suhbati ishtirokchilarini qutladilar.

Anjumanda Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti Kengashi aʼzosi Xarun Mertoglu "Parij prinsiplari doirasidagi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar", Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev, Bosh prokuratura Akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Muzaffar Mamasiddiqov, Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti Gavhar Yo‘ldosheva maʼruza bilan ishtirok etdilar. Ularda inson huquqlari bo‘yicha hamkorlik va institutlar faoliyati haqida so‘z yuritildi.

Maʼruzachilar O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi taʼlim milliy dasturi ishlab chiqilayotgani, prokuratura va oliy taʼlim tizimlarida inson huquqlari taʼlimi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldilar.

Davra suhbati yakunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi bilan Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti o‘rtasida hamkorlik Memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Turkiya Inson huquqlari va tenlik instituti raisi Muharrem Qilich agentlik muxbiriga bergan intervyusida O‘zbekistonda inson huquqlarini taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni eʼtirof etdi.

- Inson huquqlari va tenglik instituti delegatsiyasi O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turganidan mamnunmiz, - dedi u. - Tashrif doirasida o‘tkazilgan anjuman Turkiya va O‘zbekistonda inson huquqlarini taʼminlash va ushbu yo‘nalishdagi xalqaro majburiyatlarni bajarish bo‘yicha tajriba almashish imkoniyatini taqdim etdi. Shuningdek,  Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazi va Turkiya Inson huquqlari va tenlik instituti o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi. Ushbu bitim Milliy markaz va institut o‘rtasida inson huquqlarini himoya qilish va rivojlantirish borasida qo‘shma hamkorlik tadbirlarini o‘tkazishni nazarda tutadi.

Kezi kelganda qayd etish joizki, ikki davlat Prezidentlarining siyosiy irodasi tufayli barcha sohalarda O‘zbekiston-Turkiya munosabatlari jadal rivojlanib bormoqda. Inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi hamkorlik ham bundan mustasno emas, albatta. Ushbu yo‘nalishdagi birgalikdagi ishlarni yana-da jadallashtirish maqsadida idoralararo «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishga kelishib oldik. Memorandumda  belgilangan vazifalarni  hayotga tadbiq etish ishlarini tez kunlarda boshlab yuborishni rejalashtiryapmiz. Bugungi tadbir ham o‘zaro kelishuvimiz doirasida bo‘lib o‘tmoqda. Bundan tashqari, biz oktyabr oyida qadimiy Samarqand shahrida o‘tkaziladigan xalqaro forumda ishtirok etish uchun taklif oldik. Va biz mazkur xalqaro forumda ishtirok etishimizni tasdiqladik. O‘z navbatida, Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti tomonidan 29-30 iyun kunlari Ankarada o‘tkaziladigan Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro sammitda O‘zbekiston tomonini taklif etdik. Biz inson huquqlari instituti sifatida kamsitilish va gender tenglik bo‘yicha murojaatlarni qabul qilamiz va ushbu ikki masala bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldik.

Men butun dunyodagi inson huquqlarini himoya qiladigan tashkilot, institut va markazlar faoliyatini diqqat bilan  kuzatib boraman. Aytishim mumkinki, ular orasida O‘zbekiston Inson huquqlari Milliy markazining faoliyati alohida eʼtirofga loyiqdir.  Markaz milliy va xalqaro forumlarda doimo faol ishtirok etib keladi va O‘zbekiston nomidan dolzarb tashabbuslarni ilgari suradi. Bu orqali O‘zbekiston butun dunyoda inson huquqlarini taʼminlashga katta hissa qo‘shmoqda.

Yurtingizda aholi, xususan, yoshlarning taʼlim olish huquqini taʼminlash sohasida keng ko‘lamli islohotlar hayotga tadbiq etilmoqda.  Biz bu jarayonni  ham yaqindan kuzatib borayotirmiz. Yana bir jihat:   O‘zbekistonda inson huquqlari bilan shug‘ullanadigan akademik Akmal Saidov rahbarligida juda katta soha darg‘alari bor. O‘zbekiston vakillarining inson huquqlari va tenglik prinsiplarini taʼminlash bo‘yicha faoliyatini chuqur o‘rganib,  institutimiz  ish jarayonida tadbiq etish niyatlarimiz ham yo‘q emas.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Turkiya

Aloqador xabarlar