O‘zbekiston bilan Tojikiston amaliy hamkorlikni yanada kengaytirmoqchi
Shavkat Mirziyoyev bugun Emomali Rahmon telefon orqali muloqot qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma’lumot bo‘lishdi.
Ushbu ma’lumotga ko‘ra davlat rahbarlari muqaddas Ramazon hayiti bilan bir-birini samimiy qutlab, birodar O‘zbekiston va Tojikiston xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, baxt-saodat, farovonlik va ravnaq tilaganlar.
“O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida qabul qilingan bitimlar va erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi batafsil muhokama qilindi.
Amaliy hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport sohalari va boshqa yo‘nalishlarda ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
Davlat rahbarlari hududlar o‘rtasidagi faol muloqotlarni va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish zarurligini taʼkidladilar.
O‘zaro loyihalar va ko‘p qirrali hamkorlik dasturlarini jadallashtirish uchun ikki mamlakat hukumatlari darajasida muntazam uchrashuvlar o‘tkazish va muvofiqlashuvni kuchaytirish muhim ekani qayd etildi.
Bundan tashqari, mintaqaviy kun tartibining dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi, bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ishonch va do‘stlik ruhida o‘tdi”.-deyiladi xabarda.
Aloqador xabarlar
Mirziyoyev bilan Putin O‘zbekiston - Rossiya munosabatlarini ko‘rib chiqdi
Shavkat Mirziyoyev bilan Vladimir Putin, telefon orqali muloqot qildi.
Aliyev bilan Raisiy Qiz qal’asi va Xudofarin toʻgʻonlarini ochib berdi
Aliyev bilan Raisiy, Ozarbayjon - Eron chegarasida uchrashdi.