O‘zbekiston-Turkiya munosabatlariga bag‘ishlangan maqola chop etildi

“Sabah” gazetasida chop etilgan navbatdagi maqola O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari, ikki qardosh davlat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik aloqalari hamda o‘zaro hamkorlik natijalari va kelgusidagi istiqbollar mavzusini qamrab olgan.

1821326
O‘zbekiston-Turkiya munosabatlariga bag‘ishlangan maqola chop etildi

 

Turkiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida sodir bo‘layotgan voqealar bilan o‘z mamlakati jamoatchiligini tanishtirishda davom etayotir.

Kunlik adadi 190 ming nusxani tashkil etadigan nufuzli “Sabah” gazetasida chop etilgan navbatdagi salmoqli maqola O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari, ikki qardosh davlat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik aloqalari hamda o‘zaro hamkorlik natijalari va kelgusidagi  istiqbollar mavzusini qamrab olgan.
Maqola muallifi - Anqara shahridagi Tashqi siyosat instituti rahbari, tarix fanlari doktori, professor Husayn Bag‘ji o‘zbek-turk munosabatlaridagi yangi qirralar, Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlar dasturidan joy olgan “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” kabi g‘oyalarni oddiy va tushunarli tarzda turk o‘quvchilarining e’tiboriga havola qilgan. 
“Prezident Erdog‘anning 29-30 mart kunlari amalga oshirilgan rasmiy tashrifi natijasida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu borada Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi “siyosiy tafakkur uyg‘unligi” juda muhim psixologik omil bo‘lib xizmat qilmoqda”, deb yozadi muallif.
“Qardoshlik huquqiga asoslangan strategik sheriklik” degan ta’rif so‘nggi yillarda jadal sur’atlarda ravnaq topib, mustahkamlangan va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlarni nazarda tutadi. Binobarin, O‘zbekistonning siyosiy, iqtisodiy, madaniy va harbiy sohalardagi yangilanishini va islohotlarini aks ettiruvchi “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” kabi ulug‘vor g‘oyalar nafaqat Turkiya, balki Markaziy Osiyodagi turkiy respublikalar tomonidan ham katta qiziqish bilan kuzatib borilmoqda”, deya Prezident Erdog‘anning Turkiya va O‘zbekiston munosabatlarga bag‘ishlangan nutqidan iqtibos keltiradi “Sabah” gazetasi.
Shuningdek, maqolada O‘zbekistonning Afg‘onistondagi vaziyatni yumshatishga qaratilgan va butun dunyo tahsiniga sazovor bo‘lgan gumanitar tashabbuslari, xalqaro yordam tashkilotlari, xususan, BMTning ishini yengillashtirish imkoniga ega yirik logistika markaziga aylangan Termiz shahrining ahamiyati Turkiya tomonidan teran anglanib, qo‘llab-quvvatlanayotganiga alohida urg‘u berilgan. Afg‘oniston butun mintaqa uchun “umumiy masala” bo‘lib, O‘zbekiston va Turkiya Afg‘oniston bo‘yicha siyosatlarini birgalikda ishlab chiqishlari barcha uchun foydali bo‘lishi qayd etilgan. 
Maqolada Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasidagi hamkorlikning ahamiyatiga ham alohida e’tibor qaratilgan. “TDTning xalqaro nufuzi oshib, butun dunyoda katta qiziqish bilan kuzatib borilayotgan bir paytda Turkiya va O‘zbekiston ushbu tuzilma doirasidagi ikki “harakatlantiruvchi kuch” bo‘lgan davlatlar vazifasini o‘taydi. 2022 yil 29-30 mart kunlari bo‘lib o‘tgan Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining ikkinchi sammitida Prezidentlar ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga – keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga qaror qildilar. Uchrashuvda energetika, qishloq xo‘jaligi, sanoat, madaniyat, yoshlar siyosati, ekologiya va boshqa ko‘plab sohalar qatori ikki davlat o‘rtasidagi hadli harbiy hamkorlik yo‘nalishini ham o‘z ichiga olgan shartnomalar imzolangani munosabatlarimizning oliy darajasini ko‘rsatib turibdi. Bu kelishuvlarning barchasi ikki davlat hamkorligining yangi mexanizmini mustahkamlashi barobarida mintaqadagi boshqa mamlakatlarga o‘rnak bo‘lishi bilan ham ahamiyatlidir”, deb yozadi nashr. 
“Prezident Erdog‘anning O‘zbekistonga tashrifi muvaffaqiyatli kechganini ta’kidlash barobarida, O‘zbekistonning yangi davrda olib borayotgan siyosatini qo‘llab-quvvatlash va uning rivojlanishiga hissa qo‘shish Turkiyaning tarixiy va ma’naviy mas’uliyati ekanini qayd etish zarur. Xalqaro maydonda va Turk dunyosida “katta geosiyosiy va geoiqtisodiy siljishlar” kuzatilayotgan bu kunlarda birgalikda harakat qilish har qachongidan ham muhim bo‘lib qoldi va ikki davlat rahbarlari mazkur haqiqatni teran anglagan holda hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida harakat qilishmoqda”, deya xulosa qiladi maqola muallifi.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar