O'zbekiston delegatsiyasi Istanbuldagi 7-xalqaro noshirlik kasbiy uchrashuvlarida qatnashmoqda

Kecha, 8-mart kuni Turkiya Matbaa va nashriyot professional uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan 7-xalqaro Istanbul noshirlik kasbiy uchrashuvlari  (Istanbul Publishing Fellowship) tadbirining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

1792067
O'zbekiston delegatsiyasi Istanbuldagi 7-xalqaro noshirlik kasbiy uchrashuvlarida qatnashmoqda

 

Gibrid formatda o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro tadbirda kitobxonlikni ommalashtirish, mualliflik huquqiga rioya etilishini taʼminlash, nashriyotlar, adiblar, madaniy-marifiy muassasalar, kitob savdosi bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilinadi.

Dasturda qatnashish uchun jahonning 105 mamlakatida faoliyat ko‘rsatadigan 1104  nashriyotdan arizalar kelib tushgach, belgilangan mezonlar asosida saralash jarayoni o‘tkazilgan.

Hozir mazkur anjumanda 72 mamlakatning noshirlik sohasiga aloqador 555 tashkilotidan masʼul vakillar ishtirok etmoqda. Xususan, ilk bor O'zbekistondan O‘zbekiston Noshirlari va kitob savdosi milliy assotsiatsiyasi, “Sharq”, "G‘afur G‘ulom", “O‘zbekiston”, “Akademnashr”, "Yangi asr avlodi" singari qator nashriyotlarning mutasaddilari, shuningdek, AOKA , “Dunyo” AA vakili ham qatnashmoqda.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Xalqaro noshirlar assotsiatsiyasi (International Publishers Association) vitse-prezidenti Bodur Al-Qosimi ushbu xalqaro uchrashuvlarning ahamiyati haqida so‘zladi. u Uzoq Sharqdan Lotin Amerikasigacha, Shimoliy Yevropadan Afrikagacha — dunyoning to‘rt tomonidan soha mutaxassislarini bir joyga jamlagan ushbu tadbirdan katta natijalar kutilayotganini taʼkidladi.

Istanbuldagi muloqotlar jahon noshirlik va bosmaxona sanoati tajribasini o‘rganish, yetakchi nashriyotlarning eng yaxshi zamonaviy kitoblar to‘plamini o‘quvchilar va xaridorlarga yetkazish, kitob mahsulotlarini yangi texnologiyalar asosida ishlab chiqarish va tarqatishga doir istiqbolli vazifalarni belgilashga hamda xalqaro madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.



Aloqador xabarlar