Qozog‘iston prezidenti To'qayev Moskvada Vladimir Putin bilan uchrashdi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘istonda bo‘lgan tartibsizliklardan keyin ilk rasmiy tashrifini Rossiyaga amalga oshirdi.

1776716
Qozog‘iston prezidenti To'qayev Moskvada Vladimir Putin bilan uchrashdi

 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin kecha, 10 fevral kuni amaliy tashrif bilan Moskvaga kelgan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan yanvar oyida Qozog‘istonda sodir bo‘lgan voqealarni muhokama qildi.

Rossiya prezidenti bu voqealarni “mamlakat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va barqarorligiga misli ko‘rilmagan tahdid” deb atadi. 

Uning ta'kidlashicha, Qozog‘iston yanvar oyida ichki va tashqi buzg‘unchi kuchlar ko‘magida terroristik tajovuzga duch keldi. Prezident bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo'mart To‘qayev bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

“Aslida Qozog‘iston ichki va tashqi buzg‘unchi kuchlarning bevosita ishtirokida sodir etilgan terroristik tajovuz aktiga duch keldi”, degan Putin.

U shuningdek, Rossiya Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo'mart To‘qayevni qo‘llab-quvvatlash uchun bor imkoniyatini ishga solishini alohida ta’kidladi.

Rossiya yetakchisi Qozog‘istonda yanvar oyida bo‘lib o‘tgan voqealar haqida gapirar ekan, To‘qayev mamlakatdagi vaziyat “to‘laligicha normallashishi” uchun barcha choralarni ko‘rayotganini ta’kidladi.

“Biz Qozog‘istonda hayot barqaror, osoyishta oqimiga qaytganini ko‘rib turibmiz, jamiyat mamlakat rahbariyatining keng ko‘lamli muammolarni hal qilish yo‘lini to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda. Biz Rossiya davlati sifatida Qozog‘iston Prezidentini qo‘llab-quvvatlash uchun hamma narsani qilamiz”, degan Putin.

Mamlakatdagi vaziyatning yaxshilanganiga diqqat qaratgan Putin, Rossiyaning Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti doirasida Qozog'istonga askar yuborganini eslatdi. 

"Bilaman, bu voqealar paytida ko'rilgan zararni bartaraf etish uchun ko'p mehnat talab etiladi. Biroq sizlar tufayli Qozog'iston oyoqqa turib, jadal rivojlanmoqda",-dedi Putin.

Rossiya va Qozogʻiston oʻrtasidagi munosabatlarga toʻxtalib oʻtgan Putin, bu munosabatlardagi salohiyat iqtisodiyot sohasida qoʻllanilishiga umid bildirdi. 

"Rossiya Qozog‘istonning eng yirik savdo-iqtisodiy hamkori ekanligidan mamnunman. O‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 34 foizga oshib, 26 milliard 500 million dollarga yetdi. Bu juda yaxshi ko‘rsatkich",-deydi u.

Qozog‘iston prezidenti To'qayev o‘z mamlakatidagi voqealar xalqaro terrorchilar tomonidan uyushtirilganini aytdi.

"Bu voqealar konstitutsiyaviy tuzumga putur yetkazish va davlat to‘ntarishini amalga oshirish maqsadida amalga oshirilgan”,- dedi Tokayev,

"Ayni paytda tergov davom etmoqda. Birinchi natijalar chiqa boshladi. Afsuski, qurbonlar koʻp boʻldi va bundan xavotirdaman. Halok boʻlganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildiraman. Aybdorlar aniqlanib, javobgarlikka tortiladi”,-deb qo'shimcha qilgan To'qayev.

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a'zo davlatlar tinchlik kuchlarining Qozog‘istonda muhim o‘rin tutganini tilga olgan To'qayev, Putin bilan strategik masalalarni muhokama qilganini va ba’zi kelishuvlarni imzolashga erishilganini bildirdi.



Aloqador xabarlar