O‘zbekiston Afg‘onistonning tarixiy obidalarini asrab-avaylashga tayyor

Afg‘oniston xalqining tarixiy obidalarini asrab-avaylashda O‘zbekiston o‘zining hissasini qo‘shishga tayyor

1756766
O‘zbekiston Afg‘onistonning tarixiy obidalarini asrab-avaylashga tayyor

Afg‘onistonning “Arezo.news” elektron-nashrida «Afg‘oniston Osiyoning betakror meʼmorchiligi markazi» sarlavhali  maqola chop etildi. Bu haqida, “Dunyo” AA muxbiri xabar bermoqda.

Ushbu xabarga ko‘ra mazkur maqola O‘zbekiston Madaniy  meros agentligi masʼul xodimi Tursunali Qo‘ziyev qalamiga mansub. Muallif Afg‘oniston tarixi va ushbu mamlakatning qadimiy merosi, anʼanalari, jozibali meʼmoriy obidalari haqida so‘z yuritgan.

Shu doirada maqolada mamlakatning diqqatga sazovor bo‘lgan madaniy maskanlari, tarixiy obidalari va o‘ziga xos meʼmorchiligining katta ahamiyat kasb etishi; Afg‘onistonning diniy va maʼnaviy madaniyati tarixiy rivojlanishning 4 tadrijiy davrini o‘z ichiga olishi va ularning butparast, yunon, buddist va islomiy taraqqiyot bosqichlari ekani qayd etilgan.

Maqolada shuningdek qadimgi Hirot shahri, Jomdagi minora va arxeologik yodgorliklar, Bomiyon vodiysidagi madaniy landshaft va arxeologik topilmalar, Kobuldagi Milliy muzey kabi obidalarning jahon tamaddunidagi o‘rni alohida ta’kidlangan.  

“BMT Bosh kotibining «Bizning vazifamiz afg‘onlarning o‘zlariga yordam berishdir», degan so‘zlariga asoslanib, Afg‘onistonning madaniy merosini muhofaza qilish va asrab-avaylash bilan bog‘liq ishlar samaradorligini oshirish g‘oyat dolzarbdir”, - deyiladi materialda.

Tursunali Qo‘ziyevning yozishicha, u Afg‘onistonda bir necha marotaba bo‘lgan. “Oxirgi marta 2019 yil oxirida mamlakat shimoliga sayohat qilganman. Mamlakatning shimoliy poytaxti deb ataladigan, jahondagi sharif shaharlardan biri – Mozori Sharif menda katta taassurot qoldirgan, - deb yozadi muallif. - Mashhur Hirot miniatyura maktablari, shuningdek, «Sharq Rafaeli» deb nomlangan Kamoliddin Behzod ijodi anʼanalarining vujudga kelishiga imkon yaratdi”.

Materialda Hirot shahriagi Oyxonim, Tilla tepa kabi ko‘plab arxeologik yodgorliklar haqida so‘z yuritilgan.

Nashrda buyuk allomalarimiz Alisher Navoiy (Hirot), Zahiriddin Bobur (Kobul), Abu Rayhon Beruniy (G‘azna) va Boborahim Mashrab (Tahor) kabi ajdodlarimiz hoki hozirgi afg‘on tuprog‘ida mangu qo‘nim topgani haqidagi maʼlumotlar o‘quvchilar eʼtiboriga havola qilingan.

«Demak, Afg‘oniston hududidagi tarixiy va madaniy merosni birgalikda asrab-avaylash, ikki qardosh xalqning kelajak avlod, butunjahon ilmu fani va insoniyat sivilizatsiyasi oldidagi muqaddas burchidir. Bu ishlarga BMT, YUNESKO va AYSESKO xalqaro tashkilotlari shafeʼlik qilishi zarur bo‘ladi, deb hisoblayman», - deb taʼkidlaydi muallif.

Nashrda, shuningdek, Afg‘oniston xalqining tarixiy obidalarini asrab-avaylash va madaniy merosni saqlab qolishda O‘zbekiston o‘zining hissasini qo‘shishga hamisha tayyorligi alohida taʼkidlangan.

«O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonda dafn qilingan buyuk ajdodlarimiz va mutafakkir bobokalonlarimiz hamda ulug‘ avliyolarimiz hokini eʼzozlab, ular yotgan maskanlarni obod qilish uchun zarur bo‘lgan barcha yordamlarni beminnat berishga tayyor ekanini bir necha marotaba xalqaro minbarlardan ham alohida taʼkidlagani eʼtirofga molik va dasturilamal “yo‘l xaritasi”dir», - deb yozadi Tursunali Qo‘ziyev.



Aloqador xabarlar