Turkiyada O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish boshlandi

O'zbekistonning Anqaradagi elchixonasi va Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasida tashkil etilgan saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni  20 oktyabr kuniga qadar davom etadi.

1720823
Turkiyada O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish boshlandi

 

Kecha, 16 oktyabr kuni Turkiyaning Bursa, Karabuk va Konya shaharlarida O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlandi.

O'zbekistonning Anqara shahridagi elchixonasi huzurida tashkil etilgan 43-saylov uchastkasi tomonidan tuzilgan muddatidan oldin ovoz berish sayyor nuqtalarida Karabuk va Kastamonu hamda Konya va Karaman shaharlari universitetlarida ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar hamda ushbu mintaqalarda vaitincha mehnat qilayotgan vatandoshlar O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlar va ularning saylovoldi dasturlari bilan tanishib, o‘zlari tanlagan  nomzod uchun ovoz berdi. 

Karabuk davlat universiteti talabasi Ulug‘bek Yo‘ldoshev  saylovda ilk marotaba ishtirok etdi. U o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.  

- Bugun mening hayotimda unutilmas kun bo‘ldi.Chunki ilk bora men ham  o‘z konstitutsiyaviy huquqimdan foydalanib, O‘zbekiston Prezidenti saylovida ovoz berdim, - dedi u. - Mening ovozim O‘zbekistonning buyuk kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega ekaniga va men saylagan nomzod mamlakatimiz istiqboliga munosib hissa qo‘shishiga ishonaman.

Mazkur oliy ta’lim muassasining iqtisodiyot fakulteti talabasi Aziz Xudoyberganov O‘zbekistonda saylov kampaniyasining borishi, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari va ularning chiqishlarini kuzatib borayotganini ma’lum qilib, saylov paytida boshqa mamlakatda bo‘lishiga qaramay, o‘zi munosib deb bilgan nomzod uchun ovoz berganidan xursandligini bildirdi. 

- Mamlakat kelajagi va ravnaqiga hamda amalga oshirilayotgan siyosiy jarayonlarga befarq bo‘lmagan har bir fuqaro albatta o‘tkazilayotgan saylovda ishtirok etishi shart, deb hisoblayman, - dedi u. - Fursatdan foylanib, Turkiyadagi barcha vatandoshlarimizni ushbu saylovda faol ishtirok etishga chaqiraman.

Konya shahridagi Seljuk universiteti  talabasi Umarjon Mannonov yangi O‘zbekistonning kelajagi uchun ovoz berganidan mamnunligini yashira olmadi.

- Men biznes boshqaruvi sohasida ta’lim olayapman, - dedi talaba. - Bugun tengdoshlarim qatori men ham mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida Konya shahrida tashkil etilgan muddatidan oldin ovoz berish  bo‘yicha sayyor saylovda o‘z ovozimni berdim. Turkiyada tahsil olayotgan yoshlar ushbu saylovda juda faol. Barchamiz yangi O‘zbekistonning kelajagi uchun ovoz berayapmiz.

Ma’lumot uchun, kecha bir paytning o‘zida respublikaning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi huzuridagi 44-saylov uchastkasi tomonidan O‘zbekistonning Bursadagi faxriy konsulxonasida tuzilgan Prezident saylovida muddatidan oldin ovoz berish nuqtasida ham ovoz berish jarayoni boshlandi.

Eslatib o‘tamiz, O'zbekistonning Anqaradagi elchixonasi va Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasida tashkil etilgan saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni  20 oktyabr kuniga qadar davom etadi.


Tanlangan kalimalar: #saylov , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar