Turkiya matbuotida “O‘zbekiston turizm yulduziga aylanib bormoqda” sarlavhali maqola chop etildi

“Yaqin vaqtlarga qadar kirish qiyin bo‘lgan O‘zbekiston Shavkat Mirziyoyev davrida ko‘plab mamlakatlarga o‘z eshiklarini ochdi”, - deb yozadi “Türkiye” gazetasi.

1667085
Turkiya matbuotida “O‘zbekiston turizm yulduziga aylanib bormoqda” sarlavhali maqola chop etildi

 

Turkiyaning “Türkiye” gazetasida “O‘zbekiston turizm yulduziga aylanib bormoqda” sarlavhali maqola chop etildi.

“Sayohat” ruknida  chop etilgan mazkur maqolada gazeta o‘z o‘quvchilarini O‘zbekistonda so‘nggi 5 yilda amalga oshirilgan islohotlar natijalari, mamlakatning turizm sohasida Osiyodagi yetakchi davlatga aylanish yo‘lidagi dadil qadamlari bilan tanishtiradi.

Materialda qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti  lavozimiga kirishganidan  so‘ng turizm mamlakat iqtisodiyotining eng muhim sohalaridan biri bo‘lishi kerakligini bildirdi. O‘tgan besh yilda ushbu sektorda ko‘plab muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi.

“Bosqichma-bosqich yuksalib borayotgan O‘zbekiston turizmi mamlakat iqtisodiyotining muhim bo‘g‘inlaridan biriga aylandi. Amalga oshirilgan islohotlar natijasida 2016 yilda 2 million sayyoh kelgan mamlakatga 2019 yilda 6,7 milliondan ziyod xorijlik sayohatchi sifatida safar qildi.  Bu ko‘rsatgich uch yilda taxminan 3 barobarga ko‘paydi. Mamlakatda ichki turizm ham rivojlandi va 2016-2019 yillarda ikki karraga oshdi.

BMTning Jahon turizm tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2019 yilda eng yaxshi rivojlangan turizm manzillari qatoridan joy oldi”, - deb yozadi turk gazetasi.

Maqolada bildirilishicha, mamlakatda viza tartiboti bilan bog‘liq tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. “Yaqin vaqtlarga qadar kirish qiyin bo‘lgan O‘zbekiston Shavkat Mirziyoyev davrida ko‘plab mamlakatlarga o‘z eshiklarini ochdi”, - deya taʼkidlaydi muallif. - Bugungi kunda Turkiyani ham qo‘shib hisoblaganda qariyb 90 davlat fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz kirish imkoniga ega. Shuningdek, mamlakatda “Vatandosh”, “Talaba”, “Sog‘liqni saqlash” hamda “Ziyorat” kabi qulay viza turlari joriy etilgan.

Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston turizm infratuzilmasini rivojlantirishga hamda mamlakat ichidagi tarixiy va turistik osori atiqalarni qo‘riqlashga qaratilgan juda muhim chora-tadbirlar bilan o‘z jozibadorligini oshirib bormoqda. Jumladan, mamlakatda Turkiya va Janubiy Koreya tajribasi asosida 50 xonali kichik va butik mehmonxonalar qurilish dasturi yo‘lga qo‘yildi. Yangi mehmonxonalar qurilishida davlat va xususiy sektor sherikchiligi tajribasi tadbiq etilmoqda.

Maqolada turizm sohasidagi jozibadorlikni yana-da orttirish maqsadida o‘zbek xalqi sanʼati va madaniyatini tanituvchi yangi festival va tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha tashabbuslarga alohida eʼtibor qaratilgan. Nashrda, shuningdek, O‘zbekistonning tarixiy go‘zalligi va turk-islom dunyosining diniy qadriyatlarini keng targ‘ib etish maqsadida “ziyorat turizmi” loyihasi yo‘lga qo‘yilgani va bu sohaga alohida eʼtibor qartilayotgani qayd etilgan.  

Diniy va tarixiy jihatlarga urg‘u berilgan holda islom mamlakatlaridan keluvchi sayyohlar uchun mo‘ljallangan yo‘nalish shakllantirildi hamda bu borada yangi turstik loyiha va mahsulotlar ishlab chiqildi. Masalan, maqbaralari Buxoroda joylashgan yetti buyuk murshidlarning ziyoratgohlarini o‘z ichiga oluvchi “Yetti pir” turistik paketlari taqdim etilmoqda. “Makka, Madina va Quddusdan so‘ng Buxoroga borish zarur”, - deb yozadi nashr.

Samarqanddagi Imom Moturidiy va Imom Buxoriy maqbaralari joylashgan manzillar obodonlashtirilmoqda, ziyorat maqsadida kelgan sayyohlar uchun ko‘plab qulayliklar yaratilmoqda. Shuningdek, mamlakatning Shahrisabz, Termiz, Namangan, Xiva va boshqa shaharlarida joylashgan muborak qadamjolar mahalliy va chet ellik sayyohlarning sevimli maskanlaridir, deyiladi mazkur maqolada.

“Butun dunyoda pandemiya turizm sohasiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgan bir vaqtda mamlakatda “O‘zbekistonga xavfsiz sayohat” tizimi yo‘lga qo‘yilib, keluvchi sayyohlarga xavfsiz turizm bo‘yicha xalqaro standartlar darajasida xizmat ko‘rsatilmoqda”, - deb qayd etadi “Türkiye” gazetasi.


Tanlangan kalimalar: #Türkiye gazetasi , #turizm , #O'zbekiston , #Turkiya

Aloqador xabarlar