O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarida xalq diplomatiyasining o‘rni

Joriy yil 28 may kuni "Mustaqillik yillarida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida do‘stlik aloqalarini mustahkamlashda  xalq diplomatiyasining o‘rni" mavzusida onlayn shakldagi "davra suhbati" tashkil etdi.

1648230
O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarida xalq diplomatiyasining o‘rni

 

Joriy yil 28 may kuni O'zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda "Mustaqillik yillarida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida do‘stlik aloqalarini mustahkamlashda  xalq diplomatiyasining o‘rni" mavzusida onlayn shakldagi "davra suhbati" tashkil etdi.

Anjumanda so‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda barcha sohalarda bo‘lgani kabi xorijdagi vatandoshlar bilan ishlash masalasida ham mutlaqo yangi siyosat va yondashuv shakllangani taʼkidlandi. Bu borada 2018 yil 25 oktyabr kuni qabul qilingan "Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati Konsepsiyasi" dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tadbirda Turkiyaning turli viloyat va mintaqalarida yashab kelayotgan o'zbek vatandoshlar ishtirok etib, o‘z fikr mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, Turkiyadagi o‘zbek diasporasi vakillari Adana, Konya, Hatay va boshqa viloyatlarda, Istanbul va yana qator yirik shaharlarda istiqomat qiladi. Shuningdek, bugun qariyb 60 ming O‘zbekiston fuqarosi ushbu mamlakatda vaqtincha yashash yoki ishlash ruxsatnomalarini olgan.

Elchixona xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari, O‘zbekistonning xalqaro shartnomalari va Turkiya qonunchiligi asosida ushbu davlatdagi o'zbek vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda yordam ko‘rsatib kelmoqda.

Shu o‘rinda taʼkidlash joizki, o‘zbek-turk munosabatlarini yaxshilashda keyingi vaqtda xalq diplomatiyasi muhim omil bo‘layotir. Bu jarayonga Turkiyadagi jamoat birlashmalari faol jalb etilgan. Turkiyadagi o'zbek vatandoshlar yordamida o‘zbek-turk munosabatlarini yana-da mustahkamlash, o‘zaro savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-maʼnaviy yo‘nalishlarda tadbirlar o‘tkazish, qardosh shaharlar darajasida hamkorlik olib borishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Masalan, 1950 yillarda Turkiyaga kelgan asli namanganlik o‘zbek oilasining vakili Ilker Madaniy yaqinda Turkiyaning Adana shahridagi O‘zbekiston faxriy konsuli etib tayinlandi. U bugungi kunda ushbu shahardagi o‘zbeklarga yordam berish, xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha turli loyihalarni amalga oshirib kelayapti. Jumladan, Istanbuldagi diaspora rahbarlaridan biri Akbar Yassi bilan hamkorlikda yaqinda Alisher Navoiyning ilmiy merosi mavzusida yirik konferensiya tashkil etildi. Bundan tashqari yana bir faxrli o'zbek vatandoshi Usmon Bek Turkiyaning janubidagi o‘zbeklar orasida o‘zbek tili va tarixini o‘rgatish, mamlakat mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab tadbirlar tashkil etishda bosh-qosh bo‘layapti.

Bugungi kunda Turkiyaning qaysi bir hududida o‘zbek qishlog‘i yoki mahallasi bo‘lsa, ular bilan aloqa o‘rnatilib, hamkorlikda tizimli ishlar olib borilmoqda. Bularning barchasi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan amaliyotga joriy etilgan insonparvarlik siyosatining natijasi, yangi O‘zbekiston tashqi siyosatidagi yangi xususiyatlar samaralaridir.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar