O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 6 kishiga yetdi

O‘zbekistonda so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar 6 nafarga yetdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

1379114
O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 6 kishiga yetdi

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar 6 nafarga yetdi

 O‘zbekistonda so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar 6 nafarga yetdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Ma’lumki, shu yilning 15 mart kuni Respublika Virusologiya instituti laboratoriyasida Fransiyada bo‘lib qaytgan bir nafar O‘zbekiston fuqarosida COVID-19 koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Tahlil natijalari bemorning o‘g‘li va qizida koronavirus infeksiyasi borligini ko‘rsatgan edi. Ayni paytda ushbu fuqaroning turmush o‘rtog‘i va nabirasida ham koronavirus infeksiyasi qayd etilgan.

Shuningdek, shu yilning 15 mart kuni soat 05:15 da “O‘zbekiston havo yo‘llari” avia kompaniyasiga  qarashli Istanbul–Toshkent yo‘nalishidagi 274- reys bilan kelgan  O‘zbekiston fuqarosida ham ushbu infeksiya aniqlangan. Bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlarning ro‘yxati olinib, ularning salomatligi ustidan ham tibbiy nazorat o‘rnatildi.

Hozirda shifokorlar va mutaxassislar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davolash va epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 mart kuni soat 06:00 da O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etildi. Ushbu virusni yuqtirib olgan fuqaro joriy yilning 11 mart kuni Fransiyaning Parij shahridan qaytgan. Virus bilan og‘rigan O‘zbekistonlik ayol oliy toifali shifokor bo‘lgan.

O‘zbekiston jahonning boshqa davlatlari bilan transport aloqalarini to‘xtatdi, mamlakatda ommaviy tadbirlar bekor qilingan, barcha o‘quv muassasalari ta'tilga chiqqan va boshqa qator karantin choralari joriy etildi.

15 mart kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokida koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga bag‘ishlagan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida O‘zbekistonda quyidagi choralar belgilandi:

Barcha ommaviy tadbirlar, shu jumladan, Navro‘z bayrami doirasidagi umumxalq sayllari bekor qilindi. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati to‘xtatildi.

Hukumat mamlakatdagi barcha diniy idoralarga diniy marosimlarni o‘tkazishni vaqtincha cheklash bo‘yicha murojaat bilan chiqqan.

Shuningdek, mamlakatdagi barcha kinoteatrlar faoliyati vaqtincha to‘xtatib turiladi, konsertlar qoldirildi.

16 mart kunidan e'tiboran jahonning barcha mamlakatlari bilan avia va avtomobil qatnovlari to‘xtatildi. Shu bilan birgalikda, temir yo‘l orqali yo‘lovchi tashishga uch kun davomida ruxsat beriladi. Bu qaror ayni vaqtda Rossiya va boshqa davlatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston poyezdlarining qaytib kelishi bilan bog‘liq.

O‘z navbatida xorijdagi O‘zbekiston fuqarolariga vatanga qaytish uchun davlat chegarasidan o‘tish taqiqlanmaydi, O‘zbekistondagi xorijliklar uchun ham o‘z vatanlariga qaytishlariga ruxsat beriladi.

O‘zbekiston xorijda qolib ketgan fuqarolarini charter reyslar orqali evakuatsiya qilishi mumkin.

Xorijdan olib kelinadigan fuqarolar Toshkent viloyatidagi sanatoriylarda karantinga joylashtiriladi.

Bugun 16 Martdan boshlab  O‘zbekistonda koronavirus bo‘yicha ma'lumot beruvchi maxsus koll-markaz ishga tushdi. 

Tibbiy niqoblar eksporti to‘xtatiladi va barcha mahsulotlar ichki bozorga yo‘naltiriladi.

16 Martdan boshlab O‘zbekistondagi barcha bog‘chalar, maktablar va oliy ta'lim muassasalari koronavirus tarqalishiga qarshi profilaktika maqsadida karantinga yopildi.

Maktabgacha ta'lim vazirligi MTTlar yopilgan davr uchun bolalarning MTTga kelmagan davri to‘lovi qayta hisob-kitob qilinishini nazorat qilishi haqida xabar bergan.

Xalq ta'limi vazirligi ta'til vaqtida o‘quvchilar uchun televideniye orqali videodarslar namoyish etilishi rejalashtirilganini ma'lum qilindi.  Maktablarda o‘qituvchilar ishlashda davom etishadi - ularga ish haqi to‘lanadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi koronavirus tufayli o‘quvchi-talabalar ikki hafta muddatga (hozircha) ta'tilga chiqarilishini ma'lum qilgan. Ayni vaqtda talabalar Toshkent shahridagi yotoqxonalarni tark etishni boshlashgan.

Talab keskin ortgani tufayli Toshkentdan viloyatlarga qo‘shimcha reyslar qo‘yilmoqda - samolyot va temir yo‘l chiptalari uchun talabalarga 50 foizlik chegirmalar joriy etilgan. 

Abdulla Aripov koronavirus bo‘yicha asossiz ma'lumot tarqatganlarga chora ko‘rilishi haqida ogohlantirdi.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Ulamolar kengashi O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan bildirilgan tavsiyaga ko‘ra fatvo qabul qildi. 

Unga ko‘ra, mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashgungacha juma namozlari o‘rniga uyda peshin namozini o‘qish, shuningdek, besh vaqt namozni ham uyda ado etish belgilandi. 

O‘z navbatida, boshqa diniy konfessiyalarda ham o‘rnatilgan tartibda ommaviy ibodatlar, marosimlar vaqtinchalik to‘xtatildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda. 

“Ularga qarashli diniy ta’lim muassasalarining (seminariya va “monastir”) talaba-o‘quvchilari ham ta’tilga chiqarilganini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.

Karantin davrida barcha diniy tashkilotlarda, jumladan masjidlarda, cherkov va ibodatxonalar, diniy ta’lim muassasalari, madrasalar, seminariya va “monastir”larda to‘liq dezinfeksiya ishlari amalga oshiriladi.

Ushbu fatvo virus aniqlangan musulmon mamlakatlar hamda boshqa o‘lkalardagi yirik islomiy tashkilotlar va ulamolarning ushbu masaladagi fatvo hamda xulosalarini hisobga olgan holda qabul qilingan.

 

 

 


Tanlangan kalimalar: #Chora- tadbir , #Koronavirus , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar