Turk olamidan xabarlar 32-qism

Qozog’iston Respublikasining aholisi 18 mlndan oshdi.

786089
Turk olamidan xabarlar 32-qism

 

Birinchi xabarimiz Turkmanistondan olingan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antonio Guterres shu yilning 13 iyun kuni Markaziy Osiyo safari doirasida Turkmanistonda bo’ldi.

U Ashxoboddagi rasmiy uchrashuvlari ortidan “Terrorizmga qarshi global kurash” deb nomlangan “Birlashgan Millatlar Tashkiloti-Markaziy Osiyo muloqoti oliy darajali yig’ilishi”ga boshchilik qildi.

Ma’lum bo’lishicha, Antonio Guterres Turkmanistondan katta taassurotlar bilan qaytdi.

U Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovga maktub yo’llab, ko’rsatgan samimiy mehmondo’stligi uchun minnatdorchilik bildirdi.

Turkmaniston davlat xabarlari agentligi ma’lum qilishicha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antonio Guterres o’z maktubida, barqaror rivojlanish, tranzit aloqa, terrorizmga qarshi kurash, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish kabi mushtarak maqsadlar sari ko’rsatgan sa’y-harakatlari tufayli Turkmaniston hukumatini taqdirlagan.

Qolaversa, Turkmanistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Terrorizmga qarshi global kurash strategiyasi doirasida “Birlashgan Millatlar -Markaziy Osiyo muloqoti oliy darajali yig’ilish”iga katta ahamiyat ko’rsatganini tilga olgan Guterres, yig’ilish yakunida qabul qilingan qo’shma bayonot Markaziy Osiyo davlatlarining terrorga qarshi kurash masalasida hamkorlikka tayyor ekanining bir isboti ekanini aytdi.

Eslatib o’tish joizki, 13 iyun kuni Ashxabod shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlarining Turkmanistondagi elchilari bilan Afg’oniston elchisi ishtirokida bo’lib o’tgan “Birlashgan Millatlar Tashkiloti-Markaziy Osiyo muloqoti oliy darajali yig’ilishi”da mintaqa davlatlari tinchligiga rahna solgan terrorizm tahdidi muhokama qilingan edi va yig’ilish yakunida Markaziy Osiyoda, terrorizmga qarshi kurash masalasida hamkorlik qilishni davom ettirish to’g’risida qo’shma bayonot qabul qilingan edi.

 

Navbatdagi xabarimiz O’zbekistondan olingan.

Shu yilning 29 iyul kuni Qirg’izistonning poytaxti Bishkek shahrida O`zbekiston va Qirg`iziston delegatsiyalarining davlat chegarasini delimitatsiya qilish masalalari bo`yicha to`qqiz kun davom etgan navbatdagi muzokaralari o’z nihoyasiga etdi.

Bu haqda O'zbekiston Tashqi Ishlar Vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralar chog`ida, O`zbekiston - Qirg'iziston chegara chizig`ining pozitsiyalar mos kelgan alohida uchastkalarini bayon qilish borasidagi hamkorlik faoliyatlari davom ettirildi.  Muzokaralar yakunlariga ko`ra bayonot imzolandi. Uchrashuvlar an`anaviy do`stlik va hamjihatlik ruhida bo’lib o`tdi.

Qirg`iziston bosh vaziri Sooronbay Jeenbekov O`zbekiston va Qirg`iziston chegara masalalari bo`yicha delegatsiyalari rahbarlari Ilhom Ne`matov va Qurbonboy Iskandarovning davlatlararo chegarani delimitatsiya qilish bo`yicha muzokaralarning borishi to`g`risidagi axborotini tingladi.

O`zbekiston delegatsiyasi rahbari Ilhom Ne`matov Bishkek shahrida mazkur masala yuzasidan Qirg`iziston bosh vaziri o`rinbosari Jenish Razaqov bilan ham uchrashdi.

Eslatib o’tadigan bo’lsak, tomonlar shu yilning 21-26 may kunlari ham Qirg'izistonning Jalolobod shahrida O'zbekiston-Qirg'iziston Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo'yicha muzokara olib borgan edi.

Muzokaralar doirasida O'zbekiston-Qirg'iziston chegarasi uchastkalarida amaliy ishlar olib borildi, shuningdek, O'zbekiston Respublikasining Andijon viloyati bilan Qirg'izistonning O'sh viloyati tutashgan hududlardagi O'zbekiston-Qirg'iziston davlat chegarasida qo'shma topografik va yer tuzish ishlari bo'lib o'tdi.

Muzokaralar davomida O'zbekiston-Qirg'iziston chegarasini delimitatsiya qilish bo'yicha oraliq Shartnoma loyihasi tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi.  Muzokaralar yakuniga ko'ra Bayonnoma imzolandi.

1991 yilda mustaqillikni qo’lga kiritgan O’zbekiston Respublikasi bilan Qirg’iziston Respublikasi o’rtasida 1378 km uzunlikda chegara mavjud.

Tomonlar mustaqillikdan so’ng, chegarani delimitatsiya qilish faoliyatlarini yo’lga qo’ydi, lekin chegara muammolarini to’liq hal qila olmadi.

Xozirda ikki qo’shni davlat o’rtadagi 300 kmlik chegara bo’yicha hamon kelisha olmayotir.

 

Navbatdagi xabarimiz Qozog’istondan olingan.

Qozog’iston Respublikasining aholisi 18 mlndan oshdi.

Qozog’iston milliy statistika tashkiloti 2017 yilning 1 iyun kunidan e’tiboran mamlakat aholisi soni haqida ma’lumot berdi.

Ma’lumotga ko’ra, Qozog’iston aholisi 2017 yilning 1 iyun kunidan e’tiboran 18 mln 14 mingni tashkil qildi.

Bu mamlakat aholisi soni o’tgan yilning iyun oyiga nisbatan 1.3% oshganini ko’rsatadi.

Mamlakatda aholining 10 mln 358 mingi shaharlarda, 7 mln 656 mingi qishloqlarda istiqomat qiladi.

2017 yilning yanvar oyidan may oyigacha Qozog’istonda 155.4 ming bola tug’ildi.

Tug’ilish nisbati o’tgan yilning birinchi yarmiga nisbatan 6.2% kamaydi.

1 yoshgacha bo’lgan bolalar o’rtasida o’lim holatlari o’tgan yilga nisbatan 16.8% kamaydi.

 

 



Aloqador xabarlar