Bugun 30-yanvar Islom Karimovning tug'ilgan kuni

O’zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning tug’ilgan kuniga atab bugun poytaxt Toshkentda, Qoraqalpog’iston Respublikasi va barcha viloyatlarda ehson berildi. Samarqand va Toshkentdagi marosimlarda Prezident Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi

661803
Bugun 30-yanvar Islom Karimovning tug'ilgan kuni

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun mamlakatning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning tug’ilgan kuni munosabati bilan Samarqandga bordi. Mirziyoyev Samarqandda eng avvalo marhum Islom Karimov qabrini ziyorat qilib, Qur’on tilovat qildirdi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.  

Ushbu ma’lumotga ko’ra bugun 30-yanvar Islom Karimovning tug’ilgan kuni munosabati bilan mamlakatdagi ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xotira kechalari o’tkazilmoqda.

Shuningdek O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning tug’ilgan kuniga atab poytaxt Toshkentda, Qoraqalpog’iston Respublikasi va barcha viloyatlarda ehson berildi. Samarqand va Toshkentdagi marosimlarda Prezident Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi.

Eslatib o'tamiz O'zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Abdig'aniyevich Karimov 1938-yilning 30-yanvari kuni O'zbekistonning Samarqand shahrida tug'ilgan. 

Roppa-rosa 78 yoshida, 2016-yilning 2-sentabri kuni vafot etgan Islom Karimov 1989-yildan beri O’zbekistonni uzluksiz boshqardi. Muhandis-mexanik va iqtisodchi mutaxassisliklariga ega, Iqtisod fanlari nomzodi Karimov mehnat faoliyatini 1960-yili Toshkent qishloq xo’jalik mashinasozligi zavodida boshlagan. 1961-yildan 1966-yilgacha V.P. Chkalov nomidagi Toshkent Aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida muhandis, yetakchi muhandis-konstruktor bo’lib ishladi. 

1966-yili O’zbekiston SSR Davlat plan komitetiga ishga o’tib, bosh mutaxassislikdan respublika Davlat plan komiteti raisining birinchi o’rinbosarigacha bo’lgan yo’lni bosib o’tdi. 

1983-yili I. Karimov O’zbekiston SSR Moliya ministri, 1986-yili O’zbekiston SSR Ministrlar Soveti Raisining o’rinbosari, respublika Davlat plan komitetining raisi etib tayinlandi. 

1986-1989 yillar mobaynida Qashqadaryo viloyat partiya komitetining birinchi kotibi, 1989 yilning iyunidan boshlab O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi lavozimlarida ishladi. 

1990-yil 24-mart kuni O’zbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida I.Karimov O’zbekiston SSR Prezidenti etib saylandi. 

1991-yil 31-avgust kuni I.Karimov tarixiy voqea – O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qildi. 

1991-yil 29-dekabrda muqobillik asosida o’tkazilgan umumxalq saylovida I.Karimov O’zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 

1995-yil 26-martda bo’lib o’tgan umumxalq referendumi yakunlariga ko’ra, I.Karimovning prezidentlik vakolati 2000-yilga qadar uzaytirildi. 

2000-yil 9-yanvarda muqobillik asosida o’tgan saylov natijalariga ko’ra, Konstitutsiyaga kiritilgan o’zgarishlarga muvofiq, I.Karimov 7 yil muddatga O’zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.

2007-yilning 23-dekabrida muqobillik asosida o’tgan saylov natijalariga   ko’ra, I. Karimov 7 yil muddatga O’zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.

2015-yil 29-mart kuni muqobillik asosida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo’lib o’tdi. Uning natijalariga ko’ra Konstitutsiyaga kiritilgan o’zgarishlarga muvofiq Islom Karimov 5 yillik muddatga mamlakatning oily lavozimiga saylandi. 

O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti marhum Islom Karimov oilali edi. Ikki nafar farzandi bilan besh nabirasi bor edi. Rafiqasi T.A.Karimova – mutaxassisligi iqtisodchi, iqtisod fanlari nomzodi, O’zbekiston Fanlar akademiyasi Iqtisodiyot institutida katta ilmiy xodim bo’lib ishlagan, ayni paytda – pensiyada. 

 

 

 

 



Aloqador xabarlar