Zelenskiy qrim-tatar Rustam Umarovni mudofaa vaziri etib tayinlamoqchi

"Men vazirlikka ham, armiyaga ham yangicha yondashuvlar va o'zaro hamkorlikning yangi shakllari kerak, deb hisoblayman. Endi vazirlikka Rustam Umarov rahbarlik qilishi kerak”,-deydi Zelenskiy.

2032535
Zelenskiy qrim-tatar Rustam Umarovni mudofaa vaziri etib tayinlamoqchi

 

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy qrim-tatar Rustam Umarovni mudofaa vaziri etib tayinlashga qaror qilganini ma’lum qildi.

Bu haqda Zelenskiy ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

"Men Ukraina mudofaa vazirini almashtirishga qaror qildim. Aleksey Reznikov 550 kundan ortiq davom etgan keng ko'lamli urushni boshidan kechirdi. Men vazirlikka ham, armiyaga ham yangicha yondashuvlar va o'zaro hamkorlikning yangi shakllari kerak, deb hisoblayman. Endi vazirlikka Rustam Umarov rahbarlik qilishi kerak”,-deydi Zelenskiy.

Zelenskiy shuningdek, parlament rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirdi.

Aleksey Reznikov 2021 yildan buyon Ukraina mudofaa vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi.

Rustam Umarov kim?

Ma’lumot o‘rnida, Rustam Umarov 1982 yilda Samarqandda Qrim yarim orolidan kelgan qrim-tatar musulmonlari oilasida tug‘ilgan. Otasi Anvar Umarov texnologik muhandis, onasi Maryam Umarova kimyo muhandisi bo‘lgan. Umarovlar oilasi 1944 yil 18 mayda sovet hukumati tomonidan qrim-tatar xalqi bilan birga o‘z vatanidan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. 2015 yilda Oliy Rada bu deportatsiyani qrim-tatar xalqining genotsidi deb tan olgan. 1980 yillarning oxiri va 1990 yillarning boshlarida Umarovlar oilasi Ukrainaga qaytgan.

Repatriatsiya (vataniga qaytgani)dan so‘ng, u Qrim gimnaziyasini “American Future Leaders Exchange” dasturi bo‘yicha stipendiya bilan tamomlagan. Milliy boshqaruv akademiyasida (Ukraina) iqtisod bo‘yicha bakalavr va moliya bo‘yicha magistr darajasini olgan.

2000 yillarda Umarov biroz advokatlik bilan ham shug‘ullangan. 2013 yilda ukasi bilan birgalikda ASTEM investitsiya kompaniyasi va ASTEM Foundation xayriya jamg‘armasiga asos soldi. 2019 yilda “Holos” partiyasidan Oliy Radaga saylangan. 2022 yildan beri Ukraina Davlat mulk jamg‘armasi raisi vazifasida faoliyat yuritib keladi. 

Shuningdek, u 2022 yilning bahorida Rossiya bilan muzokaralar olib borgan Ukraina delegatsiyasi a’zolaridan biri bo‘lgan.


Tanlangan kalimalar: #Ukraina , #Rustam Umarov

Aloqador xabarlar