AQSh Ukrainaga 2,98 milliard dollarlik harbiy yordamni e’lon qildi

Deyarli 3 milliard dollarlik harbiy yordam Ukrainaning 24 avgust kuni nishonlanadigan Mustaqillik kuni munosabati bilan ajratilgan.

1871970
AQSh Ukrainaga 2,98 milliard dollarlik harbiy yordamni e’lon qildi

 

AQSH Prezidenti Jo Bayden bugun, 24 avgust kuni Ukrainaga AQSH tarixidagi eng katta 2,98 milliard dollarlik harbiy yordam paketi ajratilishini e’lon qildi. Bu haqda Oq uy tomonidan e’lon qilingan Prezident bayonotida so‘z boradi.  

"Qo‘shma Shtatlar Ukraina xalqi o‘z suvereniteti uchun kurashni davom ettirayotganda ularni qo‘llab-quvvatlashga sodiqdir. Ushbu majburiyatning bir qismi sifatida men bugungi kunga qadar eng katta xavfsizlik paketini e’lon qilishdan faxrlanaman: Ukraina xavfsizligini ta’minlash tashabbusi doirasida qurol va jihozlar uchun taxminan 2,98 milliard dollar ajratiladi”, deyiladi hujjatda. 

Bayonotda ta’kidlanganidek, bu Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari, artilleriya tizimlari va o‘q-dorilar, shuningdek, uzoq muddatli mudofaa uchun uchuvchisiz havo hujumiga qarshi tizimlar va radarlarni olish imkonini beradi. 

Bayden, shuningdek, Ukraina xalqini mustaqillik bayrami tabriklab, bu kun Ukraina suveren va mustaqil davlatligi va shunday bo‘lib qolishining ishonchli tasdig‘i bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.

Kecha, 23 avgust kuni "Associated Press" agentligi AQSHning Kiyevga qo‘shimcha harbiy yordam ajratish rejalari haqida xabar berdi. Agentlik ta’kidlaganidek, shu yo‘l bilan Amerika rahbariyati o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda Ukrainaning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash niyatida. Shu bilan birga, agentlikning ta’kidlashicha, Amerika rahbariyati ukrainalik harbiylarni mamlakat tashqarisida tayyorlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirishni kutmoqda. 


Tanlangan kalimalar: #Ukraina , #AQSh

Aloqador xabarlar