26 yanvar – Hindiston Respublikasi kuni

Hindistonning amaldagi konstitutsiyasi 1950 yil 26 yanvarda kuchga kirgan. Shundan buyon 26 yanvar – Hindistonda Respublika kuni sifatida nishonlab kelinadi.

1768303
26 yanvar – Hindiston Respublikasi kuni

 

Aholi soniga ko‘ra, yer yuzida Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan Hindiston bugungi kunda dunyoning iqtisodi gurkirab rivojlanayotgan mamlakatlari sirasiga kiradi. Qadimda afsonaviy boyliklar vatani sifatida e’tirof etilgan bu zaminda turli til, lahjada so‘zlashuvchi bir necha yuz millat yashab keladi. Qariyb 1 milliard 400 million fuqaroni birlashtirib, tinch-totuv va hamjihat yashashini ta’minlashga qaratilgan amaldagi konstitutsiya 1950 yil 26 yanvarda kuchga kirgan.

Shundan buyon 26 yanvar – Hindistonda Respublika kuni sifatida nishonlab kelinadi.

Hududi kattaligi jihatidan sayyoramizda yettinchi o‘rinni band etgan Hindiston g‘arbda Pokiston, shimoli-sharqda Xitoy, Nepal, Butan, sharqda Bangladesh va Myanma, qolaversa, dengiz orqali janubi-g‘arbda Maldiv orollari, janubda Shri Lanka va shimoli-sharqda Indoneziya bilan tutash Osiyoning qudratli davlatidir.

Eng ko‘p paxta yetishtiruvchi mamlakatlar uchligiga kirgan Hindiston qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsuloti yetkazib beruvchi eng yirik eksportyorlar safidan ham o‘rin olgan. Bu ustunlik Xitoy hamda boshqa qudratli davlatlarga savdo sohasida asosiy raqib bo‘lish imkonini beradi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi joriy yil moliyaviy ko‘rsatkich bo‘yicha Hindiston Xitoydan kamida 7.4 foiz o‘zib ketishini taxmin qilmoqda. Sababi, bugun Hindistonda 100 milliondan ortiq kichik korxona muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.

2021 yil Hindiston YAIM bo‘yicha Fransiyani quvib o‘tib, ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha dunyo ro‘yxatida oltinchi o‘rinni egalladi. Ekspertlar yaqin o‘n yilda mazkur Janubiy Osiyo mamlakati jahonning eng kuchli uch iqtisodiyotidan biriga aylanishini bashorat qilayotgani bejiz emas. Negaki, oxirgi yillarda davlat sanoatni va ilg‘or axborot texnologiyalarini kuchaytirish, eksportni kengaytirish va global integratsiya jarayonida faol qatnashish hisobiga yuqori natijaga erishmoqda. Afsuski, ijtimoiy tengsizlik yuqoriligi va malakali kadrlar yetishmovchiligi Dehli uchun asosiy bosh og‘rig‘i bo‘lib qolmoqda. Shunga qaramay, “hind mo‘’jizasi” jahon iqtisodiyotiga o‘z ta’sirini ko‘rsata boshladi.

Jahon banki ma’lum qilishicha, 2021 yil yakuniga ko‘ra, hind YAIM 2.946 trillion dollarga yetdi. Fransiyada bu raqam 2.940 trillionni tashkil etmoqda. Bir necha yil ichida Hindiston iqtisodiyoti rivojlanayotgan mamlakatlar orasida eng tez o‘sish sur’atiga ega bo‘ladi. Vaholanki, 2011 yilda ushbu davlat 1.823 trillion dollarga teng YAIM bilan 12-o‘rinda edi. Albatta, 10 yil ichida iqtisodiy ko‘rsatkichni bunchalik tez oshirish, haqiqatan ham, mo‘’jizaga o‘xshaydi. 2032 yilga borib, mamlakat YAIM bo‘yicha Buyuk Britaniya, Germaniya va Yaponiyani ortda qoldirishi kutilyapti.

Bir yarim milliardga yaqin aholisi bor respublikada xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish uchun barcha sharoit mavjud. Ayni payt qishloq xo‘jaligi mahsuloti ilg‘or eksportchisiga aylangan Hindiston Xitoy bozoridagi oziq-ovqat mahsuloti yetishmovchiligidan unumli foydalanib, Chin bozorini zabt etdi.

Jadal sur’atda o‘sayotgan iqtisodiyot, ilg‘or axborot texnologiyalari sohasidagi yetakchilik, qudratli davlatlar bilan strategik sheriklik kabi omillar yaqin istiqbolda Hindiston uchun nafaqat mintaqada, balki jahonda yetakchilik o‘rnini naqd qilsa, ajab emas.


Tanlangan kalimalar: #Hindiston

Aloqador xabarlar