Moldovadagi prezident saylovida Mayya Sandu g‘alaba qozondi

Saylov uchastkalarida berilgan ovozlarning 99 foizdan ko’prog’i hisoblab bo’lingan. Ma’lumotga ko’ra, Sandu 57,71 foiz ovoz olgan, uning raqibi – amaldagi prezident Igor Dodon esa, 42,29 foiz ovoz olgan.

1528399
Moldovadagi prezident saylovida Mayya Sandu g‘alaba qozondi

 

Moldovada prezident saylovining ikkinchi bosqichida mamlakatning sobiq bosh vaziri, “Harakat va birdamlik” partiyasi rahbari Mayya Sandu g‘alaba qozondi.

Moldova markaziy saylov komissiyasi ma'lum qilishicha, mamlakatda 3 mln 287 ming 140 saylovchi ro’yxatga olingan bo’lib, ulardan 1,6 mlndan ko‘prog’i saylovda ishtirok etgan. Shuningdek, saylovlarda davomat 52,78 foizni tashkil qilgan.

Saylov uchastkalarida berilgan ovozlarning 99 foizdan ko’prog’i hisoblab bo’lingan. Ma’lumotga ko’ra, Sandu 57,71 foiz ovoz olgan, uning raqibi – amaldagi prezident Igor Dodon esa, 42,29 foiz ovoz olgan.

Saylovning aniq rasmiy natijalari 3 kun ichida e’lon qilinadi.

Saylovda mutlaq g’olib bo’lgan nomzod 45 kun ichida qasamyod qilib, prezidentlik vazifasini bajarishga kirishadi.

Moldovada amaldagi prezident Igor Dodonning vakolati 23 dekabrda tugashi munosabati bilan mamlakatda 1 noyabrda prezident saylovi o’tkazilgandi.

Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko’ra, nomzodlar Igor Dodon va Mayya Sandu 1 noyabrda o‘tgan saylovlarning 1-bosqichida eng ko‘p ovoz to‘plab, 2-bosqichga o‘tgandi. 1-bosqichda Sandu 36,16 foiz, Dodon esa 32,61 foiz ovoz to‘plagandi.

Mamlakatda kecha, 15 noyabr kuni prezident saylovining ikkinchi bosqichi bo’lib o’tgandi.

Dodon 2016 yilda bo’lib o’tgan prezident saylovida 52 foiz ovoz olib, raqibi Sandudan 4 foizlik farq bilan (48 foiz) g’alaba qozongandi.

Moldovada prezident 4 yilga saylanadi. Dodonning vakolati 23 dekabrda tugaydi. Yangi prezident inauguratsiyasi shu sanadan keyin o‘tkaziladi. 



Aloqador xabarlar