Suriyadagi rus harbiylari Putinning buyrug'i bilan urushdan chekinadi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi.

451049
Suriyadagi rus harbiylari Putinning buyrug'i bilan urushdan chekinadi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Suriyadagi rus askarlarning katta qismi urushdan chekinishi uchun buyruq berdi.

Rus xabar agentligi TASS ma'lum qilishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi.

Xabarga ko'ra, Putin muhokama paytida Suriyadagi rus qo'shinining katta qismi bugundan e'tiboran urushdan chekinishi to'g'risida Shoyguga buyruq bergan.

“Mudofaa vazirligi va Rossiya Qurolli Kuchlari berilgan topshiriqlarni to'liq bajardi deb o'ylayman",-deya ta'kidlagan Vladimir Putin Tartusdagi dengiz bazasi bilan Himeymimdagi harbiy havo bazasining qo'riqlanishini talab qildi.

Kremlning rasmiy internet saytida berilgan xabarga ko'ra, Putin bilan Suriya Davlat rahbari Beshar Asad telefon orqali Suriyadagi rus kuchlarining urushdan chekinishi bo'yicha kelishib olgan.

Kremlning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Suriyadagi rus qo'shinining katta qismi urushdan chekinishiga doir tafsilotlar Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadi.

Suriya rasmiy xabar agentligi SANA ma'lum qilishicha, Beshar Asad bilan Putin Rossiyaning Suriyadagi havo kuchlari sonini kamaytirish xususida kelishuv tuzgan.

Putin bu haqdagi qarorini telefon orqali Amerika Prezidenti Barack Obamaga ham bildirgan.

Rossiya Prezidenti Putin mazkur qarorni Suriyada jang qilgan tomonlar o'rtasida siyosiy muzokaralarni yo'lga qo'yish jihatidan ijobiy o'zgarish deb baholadi.

Jenevadagi muzokaralar davom etar ekan, rus qo'shinining Suriyadan chekinishi to'g'risidagi qarori muholifat tomonidan ham ijobiy baholandi.

Muholiflarning kotibi Salim Al Muslatning fikricha, bu qaror tinchlik muzokaralariga katta hissa qo'shadi.

Shuningdek, Eron Tashqi ishlar vaziri Jevad Zarif ham Putinning qarori sulh bitimiga zamin yaratishini bildirdi.

Suriyadagi siyosiy jarayon va sulh bitimi xususida Eronning munosabatini ma'lum qilgan Jevad Zarif: “Suriyada qisman sulh bitimining kuchga kirishi ijobiy yangilik. Kamida 2-3 yildan beri kutilgan xabar. Rossiya harbiylarining urushdan chekinishi sulh bitimini saqlab qolish jihatidan katta ahamiyatga ega",-dedi.


Tanlangan kalimalar: #Rossiya , #Suriya , #urush , #rus qo'shini , #Putin , #buyruq

Aloqador xabarlar