O'zbekistondan xabarlar 44-qism

O'tgan haftada O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan mamlakatga kelgan Amerika Qo`shma Shtatlari savdo vaziri Uilbur Rossni qabul qildi.

1077355
O'zbekistondan xabarlar 44-qism

 

O'tgan haftada O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan mamlakatga kelgan Amerika Qo`shma Shtatlari savdo vaziri Uilbur Rossni qabul qildi.

Shavkat Mirziyoyev Uilbur Rossni mamlakatga tashrifi bilan samimiy qutlar ekan, o`zaro savdo hajmini oshirish, Amerika Qo`shma Shtatlari yetakchi kompaniyalarining to`g`ridan-to`g`ri investitsiyalari, ilg`or texnologiyalari va tajribasini jalb etgan holda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, bank-moliya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligini alohida ta`kidladi.

Uchrashuvda Amerika Qo`shma Shtatlarining jahonga mashhur sanoat xoldinglari, moliya-investitsiya korporatsiyalari va banklari rahbarlari va vakillari ishtirokida o`tgan O`zbekistonda Amerika Qo`shma Shtatlari biznesi haftaligi tadbirining samarali natijalari chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Uchrashuvda savdo, sanoat va yuksak texnologiyalar, qishloq xo`jaligi, logistika va transport sohalarida aniq loyiha va dasturlarni ro`yobga chiqarishda amaliy hamkorlik masalalari ko`rib chiqildi.

O`zbekiston bozorida Amerika kompaniyalarining faoliyatini kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratishga, jumladan, qo`shma loyihalarni moliyalashtirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish xususida fikr almashildi.

Amerika Qo`shma Shtatlari savdo vaziri Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Amerika Qo`shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uilbur Ross, shuningdek, Amerika Qo`shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp geosiyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning barcha masalalarida O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yuqori darajada ishonishini ta`kidladi.

Ross shunigdek mamlakatda amalga oshirilayotgan hamda Amerika Qo`shma Shtatlari biznesida katta qiziqish uyg`otayotgan, uning O`zbekistonda faoliyat yuritishi uchun yangi imkoniyatlar ochayotgan islohotlar sur`ati va miqyosini yuqori baholadi.

O`zbekiston bilan Amerika Qo`shma Shtatlari o`rtasida ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirish va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash yo`lida barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyorligini bildirdi.

      

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O`zbekiston davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatda vatandoshlar bilan aloqalarni rivojlantirishning ahamiyati va dolzarbligi oshayotgan bir paytda, ular bilan samarali hamkorlikni olib borish va islohotlarni sifat jihatdan yaxshilashda ularning salohiyatini jalb qilish borasida qator muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi.

Hujjatda vatandoshlar bilan hamkorlikning darajasi va shaklidan kelib chiqib, ularga davlat tomonidan kirish vizalarini, shu jumladan, ko`p marotabalik va uzoq muddatli vizalarni soddalashtirilgan holda rasmiylashtirish, vaqtinchalik yashashga hamda O`zbekiston hududida mehnat faoliyati bilan shug`ullanish uchun ruxsatnoma berish, vatandoshlar orasida yuqori malakali mutaxassislarni davlat va xo`jalik boshqaruvi, mahalliy ijro hokimiyati organlari va O`zbekistonning boshqa davlat tashkilotlariga rahbarlik lavozimlariga jalb qilish, xorijiy fuqarolarga O`zbekiston oliy ta`lim muassasalarida o`zbek tili va adabiyoti, tarix, kino, madaniyat, teatr san`ati, televidenie va radio yo`nalishlari bo`yicha ta`lim olishlari uchun grantlar ajratish, davlat tasarrufidagi bo`sh turgan ob`ektlarni va yer maydonlarini vatandoshlarga tadbirkorlik, ilmiy-tadqiqot, ma`rifiy, innovatsion va boshqa dastur hamda loyihalarni amalga oshirish uchun ajratib berish, soddalashtirilgan tartibda O`zbekiston fuqaroligini berish va boshqa qo`llab-quvvatlash va rag`bat choralari ko`rsatilishi ko`zda tutilmoqda.

Qaror bilan xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O`zbekiston Respublikasi davlat siyosati Kontseptsiyasi hamda Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

        

O`zbekiston va Turkiya kamondan o`q otish bo`yicha hamkorlik qiladi.

Kamondan o`q otish bo`yicha turkiyalik murabbiylar O`zbekistonda sportchilar uchun mashg`ulotlar, mahorat darslari o`tkazadi.

O'tgan xaftada O`zbekiston kamondan otish federatsiyasi raisi Otabek Imomov Turkiyaga tashrifi doirasida Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti, mamlakat kamondan otish federatsiyasi rahbari Ug`ur Erdener bilan uchrashdi.

Bu haqda O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi mabbuot xizmati xabar qildi.

Uchrashuv chog`ida tomonlar bir qator muhim masalalar bo`yicha kelishuvga erishishdi. Mazkur kelishuvga ko`ra turkiyalik murabbiylar O`zbekistonga tashrif buyurib, O'zbek sportchilari uchun mashg`ulotlar, mahorat saboqlari tashkil etadi. Shuningdek, selektsiya masalasida ham O'zbek murabbiylarga yaqindan yordam beradi. Kelishuvga asosan, O`zbekiston terma jamoasi a`zolari Turkiyada o`quv-mashg`ulot yig`inlarini o`tkazadi. Shuningdek muhim musobaqalarga turkiyalik sportchilar bilan birga tayyorgarlik ko`radi.

       

O'tgan haftada O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Turkiya Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ikki tomonlama munosabatlar bosh boshqarmasi boshlig'i Shefik Vural Altay boshchiligidagi delegatsiya qabul qilindi.

Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil oktabr oyida Turkiyaga va Prezident Rejep Tayyip Erdo'g'onning joriy yil aprel-may oylarida O'zbekistonga qilgan davlat tashriflari chog'ida hamda keyingi oliy darajadagi ikki tomonlama aloqalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda ikki mamlakat va xalqlar o'rtasida tarixan shakllangan mustahkam aloqalar, hamkorlikni kengaytirish yo'lidagi birgalikdagi sa'y-harakatlar hozirgi kunda O'zbekiston – Turkiya strategik sherikchiligini yanada rivojlantirish uchun muhim zamin ekanligi ta'kidlandi.

Suhbat chog'ida bo'lajak qo'shma tadbirlarning jadvali va kun tartibi ham muhokama qilindi.

Muzokaralarda savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida birgalikda o'zaro manfaatli hamkorlikning ijobiy tajribasi to'planganligi e'tirof etilib, mazkur sohalardagi ikki davlat aloqalariga alohida e'tibor qaratildi.

Jumladan, o'zaro tovar aylanmasining dinamik o'sayotganligi, 2018-yilning yanvar-sentabr oylarida bu ko'rsatgich 1,5 milliard dollardan oshganligi, bu esa o'tgan yilning shu davriga nisbatan 40 foizga ko'proq natija ekanligi mamnuniyat bilan qayd etildi. Shu bilan birga ushbu yo'nalishlardagi hamkorlikni oshirish uchun zahira va yangi imkoniyatlar mavjudligi tasdiqlandi.

Tadbirda qo'shma madaniy-gumanitar loyihalarni amalga oshirish borasida fikr almashildi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy masalalar, jumladan Afg'onistondagi tinchlik jarayonining istiqbollari ham ko'rib chiqildi.

Shu kunning o‘zida O'zbekiston – Turkiya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi raundi bo'lib o'tdi.

Muzokaralarda Turkiya Elchisi Ahmet Bashar Shen ham ishtirok etdi.

     


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Shavkat Mirziyoyev , #Turkiya

Aloqador xabarlar