Erdo’g’an Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muloqot qildi

Erdo‘g‘an Putin bilan suhbatda Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasida Istanbuldagi muzokaralar chog‘ida yuzaga kelgan ijobiy munosabatni saqlab qolish barcha tomonlarning manfaatlariga mos ekanligini aytgan.

1818519
Erdo’g’an Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muloqot qildi

 

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 26 aprel kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Turkiya Prezidenti ma’muriyatining aloqa bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, Erdo‘g‘an Putin bilan suhbatda Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasida Istanbuldagi muzokaralar chog‘ida yuzaga kelgan ijobiy munosabatni saqlab qolish barcha tomonlarning manfaatlariga mos ekanligini aytgan.

Turkiya rahbari o‘t ochishni to‘xtatish, gumanitar koridorlar samaradorligi va urush zonalaridan xavfsiz evakuatsiya qilish muhimligini ta’kidlagan.

Erdo‘g‘an barcha tomonlar manfaatlariga zarar yetkazish mumkin bo‘lgan harakatlarni to‘xtatilishi shartligini ta’kidlagan.

Turkiya Prezidenti Anqara Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasida uzoq muddatli tinchlikni ta’minlashga bundan keyin ham munosib hissa qo‘shishga tayyorligiga ishontirgan.

Shu bilan birga, Erdo‘g‘an Istanbul muzokaralari jarayonidagi muhim bosqich sifatida Rossiya Federatsiyasi va Ukraina Prezidentlari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazish g‘oyasini yana bir bor eslatgan.

Ma’lumot o‘rnida, Rossiya-Ukraina muzokaralari 28 fevralda, Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy yurishining to‘rtinchi kuni boshlandi. Belarusda bir nechta uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, keyin muzokarachilar video aloqa orqali muloqotni davom ettirdi. 10 mart kuni Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan diplomatik forum doirasida Turkiya Rossiya va Ukraina Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitriy Kulebaning uchrashuvini tashkil qildi. 29 mart kuni esa Istanbulda yuzma-yuz muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uning yakunlari bo‘yicha Rossiya delegatsiyasi Ukraina tomonidan o‘rganib chiqiladigan va mamlakat rahbariyatiga yetkaziladigan aniq shakllangan pozitsiya va takliflarni oldi.



Aloqador xabarlar