Turkiya tashqi siyosatiga nazar 32-qism

Kuni kecha Turkiya Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o’rtasidagi diplomatik munosabatlarga 47 yil to’ldi. Shu munosabat bilan dasturimizning bugungi sonida Turkiya-Xitoy munosabatlarini ko’zdan kechiramiz.

1029121
Turkiya tashqi siyosatiga nazar 32-qism

 

Turkiya va Xitoy o’rtasidagi diplomatik munosabatlar 1971 yilda tashkil topdi. Ikki mamlakat o’rtasidagi hamkorlik esa, 1980 yillarda iqtisodiy va siyosiy jihatdan faollasha boshladi. 2010 yillarda Turkiya va Xitoy o’rtasida strategik hamkorlik shartnomasi imzolandi. 2010 yilda “Strategik sheriklik” darajasiga ko’tarilgan munosabatlar oxirgi paytlarda o’zaro oliy darajali ziyoratlar bilan yana-da mustahkamlanib ketdi.

Biroq, munosabatlarning strategik reja asosida davom etayotganligini aytish qiyin. Turkiya bilan Xitoy o’rtasida ortgan iqtisodiy munosabatlarning Turkiya iqtisodiyotiga ijobiy hissa qo’shganligi oshikor. Lekin, Turkiyaning Xitoyga bo’lgan tashqi savdo kamomadi har yili, borgan sayin ortmoqda. Turkiya 2016-yili Xitoydan 25.4 milliard dollarlik import, Xitoyga esa 2.4 milliard dollarlik eksport amalga oshirdi. Bu vaziyat barqaror emas. Turkiya-Xitoy iqtisodiy munosabatlarini rivojlantirish va uni davom ettirish uchun Xitoydan Turkiyaga qaratiladigan to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalarni orttirish darkor. Bu doirada 2017 yilda Turkiya prezidenti Erdog’an va hamrohligidagi delegatsiyaning rasmiy ziyorati chog’ida, Turk va Xitoy firmalari o’rtasida, texnologiyani rivojlantirish to’g’risidagi shartnomalarga qo’l qo’yildi.

Oxirgi yillarda ikki davlat o’rtasida o’zaro rasmiy ziyoratlar avj oldi. Xitoy va Turkiya rasmiylari bir qator o’zaro rasmiy ziyoratlarni amalga oshirdilar. Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an 2017 yilning may oyida Xitoyda bo’lib o’tgan “Bir makon, bir yo’l” forumida ishtirok etdi. Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavushog’li esa, 2017 yilning avgust oyida ASEAN sammiti oldidan Xitoyda bo’ldi. Qolaversa, o’tgan kunlarda Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an Janubiy Afrikada bo’lib o’tgan 10-BRICS sammitiga “Islom hamkorlik tashkilotining o’tkinchi rahbari” va sharafli mehmon sifatida ishtirok etdi. Erdo’g’an sammit doirasida Xitoy davlat rahbari Si Szinpin bilan uchrashdi.

 Bugungi kunda Turkiya tashqi siyosatda qo’shimcha alternativalarni ishlab chiqishga kirishdi. Bu jihatdan Turkiya rasmiylari Xitoy bilan munosabatlarini rivojlantirish muhim ekanligini ta’kidlamoqda. Xitoylik rasmiylar ham Turkiyani Yaqin sharqda kuch markazi va “Bir makon, bir yo’l” loyihasi jihatidan muhim ahamiyatga ega davlat sifatida baholaydi. Turk rasmiylar Turkiyaning “O’rta koridor” tashabbusi Xitoyning “Bir makon, bir yo’l” loyihasi bilan mukammal darajada bir-biriga mos ekanligini bildirmoqda. Zero, har ikki mamlakat ham qadimiy Buyuk Ipak yo’lini jonlantirishni maqsad qilmoqda. Aytish joizki, Turkiya Xitoyning Yevropa bozoriga kirish yo’lida joylashgan. Bu jihatdan Turkiya Xitoy bilan Yevropa bozorlari o’rtasida ko’prik vazifasini o’tashi unga katta foyda keltiradi.

Xitoy Turkiya uchun Germaniyadan keyingi dunyoda 2-hamkori, Uzoq sharqda esa eng yirik tijoriy hamkori bo’lib hisoblanadi. Xitoy 2016 yilda Turkiyaning eksport amalga oshirgan davlatlar ro’yxatida 19-o’rinda, Turkiyaning import amalga oshirgan davlatlar ro’yxatida esa 1-o’rinda turadi. Bu ro’yxatga nazar tashlaydigan bo’lsak, ikki davlat o’rtasida eksport va import muvozanati buzilganligini kuzatish mumkin. Yaqin kelajakda bu muvozanatsizlikni tuzatish aloqalarni yanada yuqori darajaga olib chiqadi desak mubolag’a bo’lmaydi.

Turkiya xozirgi kunda g’arblik ittifoqdoshlari bo’lmish AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan ba’zi muammolarga duch kelmoqda. Shangxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar bilan esa aloqalarni rivojlantirmoqda. Bu jihatdan, Xitoyning global siyosat va iqtisodiyotda o’z kuchini oshirishi Turkiya-Xitoy o’rtasidagi qo’shma loyihalarning ortishiga turtki bo’ladi.

Xitoy, 11 trillion dollarlik yalpi ichki mahsuloti bilan dunyoning eng yirik ikkinchi iqtisodiyoti hisoblanadi. Bugungi kunda Xitoyning Turkiyadagi investitsiyasi qariyb 600 million dollarni tashkil etadi. Buning yetarli emasligi masalasida tomonlar hamfikrlar. Turkiya bugungi kunda chet el texnologiyasiga bo’lgan tobe’ligini kamaytiradigan darajada Xitoy bilan birgalikda loyihalar ishlab chiqarishni maqsad qilgan. Xitoyning rivojlanishi va xalqaro miqyosdagi o’rni hisobga olinganida mavjud muammolarga qaramay Turkiya-Xitoy munosabatlari davom etishini aytish mumkin. Turkiya-Xitoy munosabatlari Turkiyaning g’arb bilan bo’lgan munosabatlariga nisbatan bir alternativ emas, bu munosabatlarni tamomlaguvchi bir munosabat sifatida baholanishi mumkin.    

Bundan tashqari, Xitoy bilan Turkiya o’rtasidagi nozik masalalardan biri Xitoyda yashagan uyg’ur turklaridir. Xitoy buyuk davlat sifatida Turkiya bilan yaqin munosabatlarini hisobga olgan holda uyg’urlarga nisbatan tazyiqlarni to’xtatishi kerak. Agar, Xitoy buni amalga oshirgan taqdirda, o’zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishi mumkin va uyg’ur turklari ikki davlat o’rtasida muhim ro’l o’ynashi mumkin.

Otaturk Universiteti Xalqaro aloqalar bo’limi xodimi Jemil Do’g’ach Ipekning mavzuga doir mulohazalarini e’tiboringizga havola qildik.

 

 


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Xitoy , #munosabatlar

Aloqador xabarlar